Zomin tumanining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi xamda mahalliy budjetning parametrlari toʻgʻrisida (22-son)
10.01.2014
Jizzax viloyati Zomin tumani hokimning
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2013-yil 14-noyabrdagi 770-P-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-y., 11 (1452)-son, 303-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi SQ-399-P-sonli qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-2099-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 52-son, 690-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli qarori va viloyat hokimining 2014-yil 2-yanvardagi 04-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. 2014-yil uchun:
Zomin tumanining asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi 1-ilovaga* muvofiq;
Zomin tumanining mahalliy budjeti asosiy parametrlari 2-ilovaga* muvofiq;
tuman budjetining daromadlar va xarajatlar hajmlari, tuman budjetidan maqsadli subvensiyalarning cheklangan miqdorlari 3-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlar tushumlaridan ajratmalar normativlari 4-ilovaga* muvofiq;
tuman budjeti aylanma kassa mablagʻining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari 5-ilovaga* muvofiq;
tadbirkorlik faoliyati ayrim turlari boʻyicha yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga qatʼiy belgilangan soliq stavkalari 6-ilovaga* muvofiq;
yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan soliq stavkalari 7-ilovaga* muvofiq;
mahalliy soliqlar va yigʻimlar stavkalari 8-ilovaga* muvofiq;
savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga, shuningdek shu sohaga tegishli mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi stavkalari 9-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qaroridagi tegishli ilovalari bilan:
yuridik shaxslardan olinadigan daromad (foyda) soligʻi stavkalari;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkalari;
yagona soliq toʻlovi stavkalari;
respublikada ishlab chiqariladigan va roʻyxat boʻyicha chetdan keltiriladigan aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarga aksiz soligʻi stavkalari;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari;
yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari;
imzolanadigan bonus va tijorat topilmasi bonusi;
ayrim turdagi mahsulotlar boʻyicha ortiqcha foydadan soliq stavkalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan mulk soligʻi stavkalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi stavkalari;
yagona yer soligʻi stavkalari;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga dividedtlar va foizlar tarzida toʻlanadigan daromad soligʻi stavkalari 10 foiz miqdorda;
qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foiz miqdorida;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar va yigʻimlar stavkalari;
belgilangan soliqqa tortish obyektlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 1,6 foiz, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 1,4 foiz va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 0,5 foiz miqdorida;
mablagʻlarni budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarorining tegishli ilovasida keltirilgan normativlarga muvofiq taqsimlangan holda yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foiz miqdorida;
fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy sugʻurta badallari stavkasi 6,5 foiz miqdorida tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Mulkni ijaraga berishdan tushadigan daromadlarni soliqqa tortish tuzilgan shartnomaga asosan ijara toʻlovi summasidan kelib chiqib, biroq hisoblangan stavkalardan past boʻlmagan holda amalga oshirilishi belgilanganligi, bunda:
yuridik shaxslar uchun koʻchmas mulkni ijaraga berishdan tushadigan ijara toʻlovining amaldagi stavkalari eng kam miqdori saqlanib qolinganligi;
jismoniy shaxslar uchun mulkni ijaraga berishdan tushadigan ijara toʻlovi stavkasi eng kam miqdorlari 10-ilovaga* muvofiq tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Yagona soliq toʻlovi tushumlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Respublika yoʻl jamgʻarmasi hamda budjetdan tashqari taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda taqsimlanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Quyidagilar:
mikrofirmalar va kichik biznes subyektlari uchun asosiy vositalarni har yilgi majburiy qayta baholash bekor qilinib, uch yilda bir marotaba qayta baholash belgilanganligi;
undirishni soliq toʻlovchilarning mulkiga qaratish uchun soliq qarzdorligining eng kam miqdorlari 11-ilovaga* muvofiq tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. 2014-yilning 1-yanvaridan boshlab:
Mobil aloqa xizmati koʻrsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) abonent raqamidan foydalanganlik uchun toʻlov haqi mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarorining 27-ilovasiga muvofiq taqsimlangan holda, oyiga 600,0 soʻm miqdorida belgilanganligi;
“Oʻzbekneftmahsulot” AK neft bazalari tomonidan ajratilgan limitlarga muvofiq avtomobil benzini va dizel yonilgʻisini isteʼmolchilarga toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha sotish transport vositalari uchun benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz isteʼmol qilganlik uchun soliqni hisobga olgan holda chakana narxlarda amalga oshirilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarning barcha darajalardagi mahalliy budjetlar daromadlari va xarajatlarini shakllantirishdagi roli, mustaqilligi va masʼuliyatini oshirish, mahalliy budjetlarning Davlat budjetidagi ulushini koʻpaytirish maqsadida quyidagi umumdavlat soliqlari:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning tadbirkorlik faoliyati ayrim turlari boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq;
yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qatʼiy belgilangan soliq;
tumanda ishlab chiqariladigan oʻsimlik moyi va pivo mahsulotining aksiz soligʻi boʻyicha tushumlar;
davlat boji, yigʻimlar va jarimalar 12-ilovaga* muvofiq toʻliq miqdorda tuman, shahar va tumanlarning mahalliy budjetlar daromadlariga oʻtkazilsin.
9. Tuman hokimligi moliya boʻlimiga mahalliy budjetga budjetdan maqsadli subvensiyalar va budjet ssudalarini (daromadlar va xarajatlar oʻrtasidagi vaqtinchalik kassa tafovutlarini qoplash uchun) ajratishda ularning miqdorlarini tuman boʻyicha barcha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushushidan, shuningdek mahalliy budjetning birinchi navbatdagi xarajatlarini (ish haqi, ish haqidan ajratmalar, stipendiyalar, nafaqalar va ularga tenglashtirilgan toʻlovlarni) soʻzsiz moliyalashtirish zarurligidan kelib chiqqan holda aniqlashtirish huquqi berilsin.
10. Tuman mahalliy budjetidan mablagʻ bilan taʼminlanadigan maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarni saqlash uchun ota-onalar badal toʻlovining 2014-yilga miqdorlari 13-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 13-ilovalar berilmaydi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatgichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-1245-sonli qarori 24-bandining amal qilishi 2015-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
12. Tuman hokimligi moliya boʻlimining tuman mahalliy budjetining 2013-yilgi asosiy koʻrsatkichlarini aniqlashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Tuman Moliya va Gʻaznachilik boʻlimlari 2014-yilning yanvar oyida oʻtkazilgan operatsiyalarni 2013-yilgi tuman mahalliy budjet ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotida aks ettirgan holda, 2013-yilgi tuman mahalliy budjet ijrosi boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yakuniy operatsiyalar oʻtkazsinlar.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan alohida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar sohasini rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlariga asosan berilgan imtiyozlar muddati 34-ilovaga muvofiq uzaytirilganligi, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2014-yil 1-yanvardan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan ayrim qarorlari roʻyxati” 35-ilovaga, ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi 36-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
14. Tumandagi mutasaddi boʻlim, tashkilot va muassasalar, shuningdek tuman hokimligi bir hafta muddatda meʼyoriy-huquqiy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilsin.
15. Mazkur qaror “Sharq tongi” gazetasida eʼlon qilinsin.
16. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Sh. Joʻrayev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim v. b. A. ABDUGʻANIYEV
Zomin sh.,
2014-yil 10-yanvar,
22-son
