Ichki bozorni yogʻoch-taxta materiallari bilan toʻldirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (305-son)
07.07.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Uy-joy qurilishini kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish, aholi va respublika korxonalarining yogʻoch-taxta materiallariga va yogʻochga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash, ichki isteʼmol bozorini ular bilan toʻldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yuridik shaxslar ilovaga muvofiq chetdan keltiriladigan yogʻoch-taxta materiallari va yogʻoch uchun import bojxona boji toʻlashdan ozod qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi respublikaga yogʻoch-taxta materiallari va yogʻoch olib kelishning belgilangan tartibiga yuridik shaxslar tomonidan qatʼiy rioya qilinishi, bojxona rasmiylashtiruvining va bojxona toʻlovlari undirishning toʻgʻri amalga oshirilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
oʻn kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin;
ikki hafta muddatda idoraviy normativ hujjatlarni mazkur qaror talablariga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 7-iyul,
305-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 7-iyuldagi 305-son qaroriga ILOVA
Chetdan keltirishda yuridik shaxslar import bojxona boji toʻlashdan ozod qilinadigan yogʻoch-taxta materiallari, yogʻoch-taxta va yogʻochdan yasalgan buyumlarning ayrim turlari
ROʻYXATI
Tovarning nomi TIF TNkodi 1. Ishlov berilmagan, shilingan yoki shilinmagan, xomaki bruslangan yoki bruslanmagan yogʻoch-taxta materiallari 4403 3. Uzunasiga arralangan yoki yorilgan, randalangan yoki poʻsti olingan, yoʻnilgan yoki yoʻnilmagan, silliqlangan yoki silliqlanmagan 6 millimetrdan ortiq yoʻgʻonlikdagi shipga biriktirilgan yoki biriktirilmagan yogʻoch-taxta materiallari 4407 4. Yelimlangan fanera uchun bir qatlamli fanera va bir qavatli yupqa fanera uchun listlar (yelimlangan yoki yelimlanmagan) hamda uzunasiga arralangan, qismlarga kesilgan yoki poʻsti olingan, randalangan yoki randalanmagan, silliqlangan yoki silliqlanmagan, 6 millimetrdan ortiq yoʻgʻonlikdagi shipga biriktirilgan yoki biriktirilmagan yogʻoch 4408 7. Yogʻochdan tayyorlangan yogʻoch-tolali plitalar yoki qatron yoki organik moddalar qoʻshilgan yoki qoʻshilmagan yogʻochsimon boshqa materiallar 4411 8. Yelimlanadigan fanera, fanera holiga keltirilgan panellar va qatlamli yogʻochdan shunga oʻxshash materiallar 4412 9. Blok, plita, brus yoki bir qolipdagi (buyum) shakllardagi presslangan yogʻoch 4413
