Tuman iqtisodiyoti tarmoqlarini 2014/2015-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (478-q-son)
29.07.2014
Samarqand viloyati Paxtachi tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 27-iyundagi PQ-2194-sonli “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2014/2015-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va shu haqidagi viloyat hokimining 2014-yil 3-iyuldagi 129-Q-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 27-iyundagi PQ-2194-sonli “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2014/2015-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va shu toʻgʻrisidagi viloyat hokimining 2014-yil 3-iyuldagi 129-Q-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Ushbu qaror bilan 2014-yilning 1-mart kunida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Bosh vazir oʻrinbosarlari rahbarligida uchta ishchi guruhining tarkibi quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinganligi:
koʻp xonadonli uy-joy fondini, unga xizmat koʻrsatuvchi markazlashtirilgan qozonlar va qozonxonalarni, sovuq suv va markazlashtirilgan issiq suv taʼminoti tarmoqlarini joriy va kapital taʼmirlash, irrigatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish, markaziy va kvartallar ichidagi koʻchalarni sanitariya jihatidan tozalash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, shuningdek Toshkent shahri va respublikaning 28 ta yirik shaharlari xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati hamda boshqaruvchi servis kompaniyalari faoliyatini takomillashtirish ishlarini tashkil etish boʻyicha ishchi guruhi (B.I. Zokirov);
ijtimoiy soha obyektlariga, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga belgilangan muddatlarda hamda yetarli hajmlarda yoqilgʻi-energetika resurslarining asosiy turlarini- tabiiy gaz, elektr energiya, pech yonilgʻisi, koʻmir, tomlarni qoplovchi qattiq bitumni uzluksiz yetkazib berish, elektr va gaz taʼminoti, gaz taqsimlash punktlari, transformator podstansiyalarini joriy va kapital taʼmirlashni amalga oshirish ishlarini tashkil etish boʻyicha ishchi guruhi (Gʻ.I. Ibragimov);
maktablar, bolalar bogʻchalari, “Mehribonlik” va mehr-shafqat uylari, tibbiyot muassasalari, kollejlar, litseylar, oliy oʻquv muassasalari va boshqa ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga, mazkur obyektlarning tomlarini, ichki isitish tizimlari va qozonxonalarini joriy va kapital taʼmirlab, ularni muqobil yonilgʻi turlaridan foydalanishga oʻtkazishni, obyektlarning issiqlik bilan taʼminlanishini, tegishli sanitariya holati, ularning hududlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishni nazarda tutuvchi ishlarni tashkil etish boʻyicha ishchi guruhi (A.I. Ikramov).
Bunda:
2014/2015-yillar kuz-qish davrida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va uy-joy fondining barqaror faoliyat yuritishi uchun har bir ishchi guruhining aniq vazifalari belgilanganligi;
har bir hudud doirasida, shu jumladan respublikaning 28 ta yirik shaharlari va tumanlarida qabul qilingan dasturlarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksi, tarmoq jadvallari belgilangan tartibda ishlab chiqilib, tasdiqlanganligi, masʼul ijrochilar — vazirliklar, idoralar, tijorat banklari rahbarlari ularga biriktirib qoʻyilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Tuman iqtisodiyoti tarmoqlarini 2014/2015-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha tadbirlar 1-ilovaga* muvofiq;
asosiy muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik uskunalarni, shuningdek ijtimoiy soha obyektlarini hududlar boʻyicha 2014/2015-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash hamda mukammal va joriy taʼmirlash topshiriqlari 2 va 3-ilovalarga* muvofiq;
2014/2015-yillar kuz-qish davri uchun koʻmir, suyultirilgan gaz va IOMSni hududlar boʻyicha yetkazib berish topshiriqlari 4-ilovaga* muvofiq;
tuman iqtisodiyoti tarmoqlari 2014/2015-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha tuman komissiyasi tarkibi 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 5-ilovalar berilmaydi.
4. Tuman komissiyasi:
kommunal soha tashkilotlari, qozonxonalar, koʻp xonadonli turar-joy binolari, maktabgacha tarbiya, umumiy oʻrta taʼlim maktablari, oʻrta maxsus taʼlim, sogʻliqni saqlash muassasalari hamda boshqa ijtimoiy soha obyektlarini 2014/2015-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha joylardagi ishlarning ahvolini tanqidiy oʻrganib chiqsin va shu yilning 25-iyulidan kechikmay ushbu masala boʻyicha komissiyaning majlisini oʻtkazsin;
oʻrganib chiqish natijalari boʻyicha viloyat iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarini 2014/2015-yillar kuz-qish davriga tayyorlash va ularning barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha ushbu qaror bilan tasdiqlangan tadbirlar hamda topshiriqlarni bajarish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirilishini taʼminlasin.
5. Tuman hokimining oʻrinbosarlari (B. Bobaxolov va Q. Toʻxtaniyozov) mazkur qaror ijrosini oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsan javobgar ekanligi qayd qilinsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishi har chorakda tuman hokimligi yigʻilishlarida tanqidiy koʻrib chiqilsin.
7. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Hokim K. QURBANOV
Paxtachi t.
2014-yil 29-iyul,
478-q-son
