6-modda. Birja taʼsis etish va uni tugatish
Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida (625-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Kuchini yo'qotgan
1. Birja yuridik shaxslar tomonidan ham, jismoniy shaxslar tomonidan ham, shu jumladan chet el yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan ular oʻrtasidagi ixtiyoriy kelishuv asosida taʼsis etiladi. Birja taʼsis etish taʼsis shartnomasi bilan rasmiylashtirilib, unda birjaning vazifalari va faoliyat sohasi, birja muassislarining tarkibi, ustav fondining miqdori, har bir muassisning ustav fondidagi ulushi, ulush kiritish muddatlari va tartibi koʻrsatiladi.
Birjaning ustav fondi eng kam oylik ish haqining 500 baravaridan kam boʻlmasligi kerak.
Ustav fondining eng kam miqdori har yili narx-navo darajasining oʻzgarishiga muvofiq ravishda qonunlarda belgilangan tartibda indeksatsiya qilinishi lozim.
Birja ustav fondini taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirishning eng koʻp muddati, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, birja davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yildan oshmasligi lozim.
2. Quyidagilar:
davlat hokimiyati va boshqaruvining oliy hamda mahalliy idoralari;
davlat banklari va davlat kredit muassasalari (bunda banklar fond va valyuta birjalarining muassislari boʻlishi mumkin);
davlat sugʻurta va davlat investitsiya kompaniyalari hamda fondlari;
jamoat, diniy va xayriya birlashmalari (tashkilotlari) hamda fondlari;
qonunlarga koʻra tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi man etilgan jismoniy shaxslar birja muassislari boʻlishi mumkin emas.
3. Birja belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgandan keyin birja savdo-sotigʻi oʻtkazish huquqini qoʻlga kiritadi.
4. Birjani tugatish va qayta tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
