32-modda. Birja va birja faoliyati qatnashchilarining javobgarligi
Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida (625-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Kuchini yo'qotgan
1. Birjalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va birja qatnashchilariga litsenziyalar berish bilan shugʻullanadigan idoralar 1, 2, 6 (2-band), 9 (2-band), 10, 13 (2-band 4-xatboshi), 15 (2-band), 19 (3-band), 29-moddalarda nazarda tutilgan qoidalar buzilgan taqdirda birja faoliyatini va litsenziyalarning amal qilishini uch oygacha toʻxtatib qoʻyishga haqlidir.
2. Agar birja tomonidan ushbu Qonunning qoidalari buzilishi davom ettirilaversa, nazorat qiluvchi idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudiga birjani tugatish toʻgʻrisidagi daʼvoni taqdim qilishga haqlidirlar.
3. Ushbu Qonunning qoidalarini buzganlarga nisbatan:
birja faoliyatining qatnashchisi boʻlgan korxonaning mansabdor shaxsini birjaga doir qonunlar buzilganligi hollariga 15 kunlik muddat ichida barham berish toʻgʻrisida yozma yoki ogʻzaki ravishda ogohlantirish;
birja faoliyati qatnashchisi boʻlgan yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining 200 hissasi miqdorda jarima undirish;
birja faoliyati qatnashchisi boʻlgan korxonalarning mansabdor shaxslaridan eng kam oylik ish haqining 20 hissasi miqdorda jarima undirish kabi javobgarlik choralari ham qoʻllanishi mumkin.
Birjaga doir qonunlar buzilishiga yoʻl qoʻyganlik uchun javobgarlik turini aniqlash birjaga doir qonunlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi idoralarning vakolatiga kiradi.
Jarimalar nazorat idoralari tomonidan daʼvo bildirish tartibiga rioya etmagan holda sudga yoki xoʻjalik sudiga daʼvo taqdim etish orqali undiriladi.
4. Birjaga doir qonunlar va birja savdo-sotigʻi qoidalari buzilganligi uchun jarima undirish toʻgʻrisida sudda yoki xoʻjalik sudida daʼvo qoʻzgʻatgan davlat boshqaruvi idoralari davlat poshlinasi toʻlashdan ozod qilinadi.
5. Ushbu moddaga muvofiq undirib olingan jarima summalari toʻliq miqdorda tegishli budjetga oʻtkaziladi.
6. Jarima miqdorlari narx-navo darajasining oʻzgarishiga muvofiq indeksatsiya qilinishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 2-iyul,
625-XII-son
