Tuman mahalliy budjetining 2013-yildagi ijrosi va 2014-yilgi budjet parametrlarini tasdiqlash toʻgʻrisida (IV/24-1-son)
17.01.2014
Qashqadaryo viloyati Xalq deputatlari Muborak tuman Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksining 27-moddasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi SK-399-P-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Tuman hokimligi moliya boʻlimi mudiri Gʻ. Tursunovning tuman mahalliy budjetining 2013-yildagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2014-yilgi tuman mahalliy budjetining daromadlar va xarajatlar parametrlari ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Tuman hokimining oʻrinbosarlari:
tumanda moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, aholining daromadlari darajasi va turmush farovonligini oshirish hamda iqtisodiyot va aholi daromadlariga tushayotgan soliq yukini yanada kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, yangi korxonalar barpo etish va ishlab chiqarish hajmini oshirish hisobiga soliq bazasini koʻpaytirish choralarini koʻrsinlar;
ijtimoiy sohaga yoʻnaltiriladigan budjet xarajatlarini, shu jumladan taʼlimni rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish xarajatlarini yanada koʻpaytirish yoʻli bilan aholi turmush farovonligini oshirish choralarini roʻyobga chiqarishni davom ettirsinlar;
tumanda ishlab chiqarilayotgan tovarlar va koʻrsatilayotgan xizmatlarning ichki hamda tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida iqtisodiyotda yangi yuqori texnologik korxonalar va ishlab chiqarishlar ildam rivojlantirilishini, ishlab turgan quvvatlarni modernizatsiyalash va texnik yangilash jarayonlarini tezlashtirishga qaratilgan tarkibiy oʻzgartirishlar dasturlarini amalga oshirishni, ishbilarmonlik muhitini hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy barqarorligi davom ettirilishini taʼminlasinlar;
qishloq aholisi uy-joy sharoitlarini tubdan yaxshilash maqsadida qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida xususiy uy-joy qurilishi koʻlamini kengaytirish va sifatini oshirish boʻyicha choralar koʻrsinlar;
budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish va birinchi navbatdagi xarajatlarni mahalliy budjetlardan oʻz vaqtida va toʻliq moliyalashtirilishini taʼminlash boʻyicha ishlarni davom ettirsinlar;
budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlardan maqsadli, manzilli va samarali foydalanilishi ustidan qatʼiy nazoratni oʻrnatsinlar.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (J. Shukurov) hamda tuman hokimining oʻrinbosari (R. Polvonov) zimmasiga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Xalq deputatlari Muborak tuman Kengashining raisi P. ALLAQULOV
Muborak sh.,
2014-yil 17-yanvar,
IV/24-1-son
