Valyuta bozorini yanada erkinlashtirish va almashtirish kurslarini birxillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (260-son)
11.06.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Valyuta siyosatini yanada erkinlashtirish, banklararo valyuta savdolarida operatsiyalar oʻtkazilishini soddalashtirish va almashtirish kurslarini birxillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 2003-yil 16-iyundan boshlab import isteʼmol tovarlari va xizmatlarni (shu jumladan transport va aloqa) sotishdan olingan soʻmdagi tushumni erkin muomaladagi valyutaga konvertatsiya qilish shakllanayotgan talab va taklifdan kelib chiqib belgilangan tartibda banklararo savdo sessiyalarida belgilanadigan kurs boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Birjadan tashqari valyuta bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 12-iyuldagi 247-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 7-son, 39-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining baʼzi qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar (Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 10-oktabrdagi 354-son qaroriga ilova)ning 8-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 10-son, 58-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlar mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 11-iyun,
260-son
