Asillik darajasi toʻlovi va asillik darajasi toʻlovini toʻlash tartibi toʻgʻrisida (232-son)
27.05.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamgʻalanishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1.Quyidagilar:
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamgʻalash bilan bogʻliq yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirganlik uchun asillik darajasi toʻlovi miqdorlari 1-ilovaga muvofiq;
Asillik darajasi toʻlovini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 27-may,
232-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 27-maydagi 232-son qaroriga 1-ILOVA
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamgʻalash bilan bogʻliq yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirganlik uchun asillik darajasi toʻlovi miqdorlari
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 27-maydagi 232-son qaroriga 2-ILOVA
Asillik darajasi toʻlovini toʻlash tartibi toʻgʻrisida
Nizom
1. Mazkur Nizom Davlat asillik darajasini belgilash palatasi (keyingi oʻrinlarda matnda Asillik darajasini belgilash palatasi deb yuritiladi) tomonidan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi belgilaganligi, tekshirilganligi va ular tamgʻalaganligi uchun asillik darajasi toʻlovini toʻlash tartibini belgilaydi.
2. Asillik darajasi toʻlovi miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
3. Asillik darajasi toʻlovi qoʻshilgan qiymat soligʻini oʻz ichiga olmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar asillik darajasi toʻlovini toʻlovchilar hisoblanadi.
5. Toʻlovchilar tomonidan toʻlangan asillik darajasi toʻlovi qaytarib berilmaydi.
6. Asillik darajasi toʻlovi Oʻzbekiston Respublikasi banklari orqali respublika budjetiga oʻtkaziladi.
7. Asillik darajasini belgilash ishlari uchun toʻlov oltin, kumush va boshqa qimmatbaho boyliklarning massasi aniq koʻrsatilgan holda, ushbu qimmatbaho boyliklarning zargarlik korxonalaridan, boshqa tashkilotlardan yoki jismoniy shaxslardan tushishidan qatʼi nazar, buyumlarning toshlar bilan birgalikdagi umumiy massasidan undiriladi.
8. Davlat zargarlik korxonalari uchun asillik darajasini belgilash va tamgʻalashning tezkorligi uchun asillik darajasi toʻlovi:
xulosa bir sutka mobaynida berilganda — uch baravar;
xulosa ikki sutka mobaynida berilganda — ikki baravar koʻpayadi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilgan buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamgʻalashning tezkorligi uchun asillik darajasi toʻlovi:
xulosa bir sutka mobaynida berilganda — olti baravar;
xulosa ikki sutka mobaynida berilganda — toʻrt baravar;
xulosa uch sutka mobaynida berilganda — uch baravar koʻpayadi.
9. Nomaʼlum qotishmadan yasalgan buyumlarni qabul qilishda asillik darajasi toʻlovi:
sariq rangli metalldan yasalgan buyumlar uchun — oltin buyumlar uchun belgilangan miqdorda;
oq rangli metalldan yasalgan buyumlar uchun — kumush buyumlar uchun belgilangan miqdorda;
kulrang metalldan yasalgan buyumlar uchun — platina buyumlar uchun belgilangan miqdorda undiriladi.
10. Barcha parallel belgilashlar bitta tekshirish sifatida hisobga olinadi.
11. Asillik darajasini belgilash palatasi xodimlari tomonidan tanlab olingan materiallarning nazorat namunalarini tekshirganlik va ekspertizadan oʻtkazganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan asillik darajasi toʻlovi miqdoriga muvofiq toʻlov toʻlanadi.
12. Tashqi nazorat* boʻyicha tekshirish oʻtkazilganligi uchun tegishli ishlar uchun nazarda tutilgan asillik darajasi toʻlovining ikki baravari miqdorida toʻlov undiriladi.
*Tashqi nazorat — oʻlchovlarning mushtarakliligiga erishish, turli laboratoriyalarda bajarilgan tekshirishlar natijalaridagi muntazam tafovutlarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida asillik darajasini kimyoviy tekshirish natijalarining aniqlik koʻrsatkichlarini boshqa korxona (tashkilot) laboratoriyasida tekshirish.
13. Arbitraj* tekshirishlari oʻtkazilganligi uchun tegishli ishlar uchun nazarda tutilgan asillik darajasi toʻlovining uch baravari miqdorida toʻlov undiriladi.
* Arbitraj nazorati — aynan bitta asillik darajasini kimyoviy tekshirish natijalari boʻyicha laboratoriyalar oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni hal etish maqsadida kimyoviy tekshirishlar natijalarining aniqlik koʻrsatkichlarini xolis laboratoriyada tekshirish.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi uchun oʻtkaziladigan tekshirish va ekspertizalar toʻlovsiz bajariladi.
15. Asillik darajasi toʻlovining toʻgʻri undirilganligi uchun javobgarlik Asillik darajasini belgilash palatasiga yuklanadi.
16. Asillik darajasi toʻlovining toʻgʻri hisoblab chiqarilganligi va budjetga toʻlanganligini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
17. Asillik darajasi toʻlovi nazarda tutilmagan boshqa yuridik ahamiyatga ega boʻlgan harakatlar uchun toʻlov shartnomaviy narxlar boʻyicha amalga oshiriladi.
