Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (205-son)
02.05.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va respublikaga toʻgʻridan toʻgʻrixorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yanada qulay shart-sharoitlarni taʼminlash, xorijiy investitsiyalarni ishonchli huquqiy himoya qilishning amaliy mexanizmini barpo etish, mana shu asosda mamlakatdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga xorijiy investorlarning va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqiy himoya qilinishini taʼminlash vazifasi yuklansin.
Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining xorijiy investorlarning va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlarini himoya qilishni taʼminlashga doir qarorlari vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari uchun majburiy hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tuzilmasida Tadbirkorlik subyektlari va xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida esa – tegishli boʻlimlar tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Tadbirkorlik subyektlari va xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi va tegishli boʻlimlarning joriy taʼminotini moliyalashtirishni nazarda tutsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
ikki hafta muddatda Xorijiy investitsiyalar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasining tuzilmasini va Boshqarma toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga nisbatan amaldagi imtiyozlar va kafolatlar roʻyxatini, ularni qoʻllash boʻyicha sharhlar bilan birgalikda, ikki oy muddatda tayyorlasin;
Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasidagi xorijiy investorlar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan toʻplamini Internet tarmogʻiga joylashtirish uchun xorijiy tillarda uch oy muddatda tayyorlasin.
4. Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy himoya qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mintaqaviy boʻlimlarining moddiy-texnika bazasini qoʻllab-quvvatlash uchun grantlar jalb etilishiga koʻmaklashsin.
5. Adliya vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar faoliyatining doimiy monitoringini olib borsinlar hamda xorijiy investorlardan tushayotgan murojaatlar va takliflarni batafsil oʻrganib chiqsinlar va toʻgʻridan toʻgʻrixorijiy investitsiyalarni jalb etish va xorijiy investorlarning huquqlari himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha ishlarni tashkil etishni yanada yaxshilash yuzasidan aniq takliflar bilan birgalikda tahliliy materiallarni Vazirlar Mahkamasiga yilning har choragida taqdim etsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin, shuningdek vazirliklar va idoralarning normativ hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 2-may,
205-son
