Amalga oshirilayotgan iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish va moliyaviy sogʻlomlashtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (188-son)
18.04.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Iqtisodiy nochor, zarar koʻrib ishlovchi va past rentabelli korxonalarning tarkibiy oʻzgartirilishi va bankrot boʻlishi jarayonlari samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi taqdimnomasiga koʻra tarkibiy oʻzgartiriladigan iqtisodiy nochor, zarar koʻrib ishlovchi va past rentabelli korxonalar, shuningdek ularga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxonalar oʻz balansidagi:
turar joylar, yotoqxonalar, bolalar bogʻchalari va ijtimoiy infratuzilmaning boshqa obyektlarini — oʻzlari joylashgan joy boʻyicha shaharlar va tumanlar hokimliklari balansiga;
umumiy foydalaniladigan ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini (elektr tarmogʻi xoʻjaligi, suv taʼminoti obyektlari, transport kommunikatsiyalari va hokazolar) — funksional mansubliligiga koʻra tegishli xoʻjalik birlashmalarining korxonalari balansiga joriy holati boʻyicha belgilangan tartibda beradilar.
Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qarorga muvofiq balansdan balansga berilayotgan umumiy foydalaniladigan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari qiymati beruvchi tomon uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblashda va qabul qiluvchi tomon uchun daromad (foyda) soligʻini hisoblash chogʻida soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi shaharlar va tumanlar hokimliklari, iqtisodiy nochor, zarar koʻrib ishlovchi va past rentabelli korxonalarning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari balansiga berilayotgan manfaatdor xoʻjalik birlashmalari, shuningdek ularga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxonalar bilan birgalikda berilayotgan obyektlarni puxta xatlovdan oʻtkazsinlar hamda ularni keyinchalik xususiylashtirish, mablagʻ bilan taʼminlash manbalari va maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi takliflarni belgilangan tartibda kiritsinlar.
3. Tarkibiy oʻzgartiriladigan iqtisodiy nochor, zarar koʻrib ishlovchi va past rentabelli korxonalarning, shuningdek ularga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxonalarning tugallanmagan qurilish obyektlari va asosiy fondlarini konservatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror tarkibiy oʻzgartirish yoki toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili amalga oshirish davrida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
Koʻrsatib oʻtilgan korxonalarning tugallanmagan qurilish obyektlari va asosiy fondlarini konservatsiya qilish Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 16-sentabrdagi 401-son qarori bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining hududiy organlari xulosalarini hisobga olgan holda, Vazirlar Mahkamasiga tarkibiy oʻzgartiriladigan iqtisodiy nochor, zarar koʻrib ishlaydigan va past rentabelli korxonalarning, shuningdek, ularga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllaniladigan korxonalarning tugallanmagan qurilish obyektlari va asosiy fondlarini konservatsiya qilish toʻgʻrisida takliflar kiritish huquqi berilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tugallanmagan qurilish obyektlari va asosiy fondlarni konservatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflarini Vazirlar Mahkamasi tomonidan koʻrib chiqishning cheklangan muddatlari koʻpi bilan ikki hafta etib belgilansin.
4. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hayʼatining qaroriga koʻra tarkibiy oʻzgartiriladigan iqtisodiy nochor, zarar koʻrib ishlovchi va past rentabelli korxonalarning (mulkiy kompleksni va biznesni baholash ham shu jumlaga kiradi), shuningdek iqtisodiy sudning qarori bilan ularga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxonalarning mol-mulkini xalqaro metodikaga muvofiq mol-mulkning real bozor, investitsiya va tugatish qiymatini hisobga oluvchi baholovchi tashkilot tomonidan amalga oshirilgan baholash kimoshdi savdolarida va oshkora taklif asosida mol-mulkni sotishda belgilangan tartibda boshlangʻich baho sifatida qoʻllanilishi mumkin.
Tarkibiy oʻzgartiriladigan korxonalarning, shuningdek ularga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxonalarning mol-mulkini baholash va sotish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasi 2003-yil mobaynida korporativ boshqaruvni takomillashtirish va moliyaviy nobarqaror korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish maqsadlari uchun Osiyo taraqqiyot bankining qarzini jalb etish masalasini ishlab chiqsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 18-aprel,
188-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 18-apreldagi 188-son qaroriga 1-ILOVA
Tarkibiy oʻzgartiriladigan korxonalarning, shuningdek ularga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxonalarning mol-mulkini baholash va sotish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tarkibiy oʻzgartirishni amalga oshiruvchi, past rentabelli, zarar koʻrib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarning, shuningdek ularga nisbatan iqtisodiy sud qaroriga koʻra toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxonalarning mol-mulkini baholash, boshlangʻich (dastlabki) narxini aniqlash tartibini tartibga soladi.
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi mulki boʻlgan obyektlar boʻyicha bitishuvlarni amalga oshirishda qoʻllanilmaydi.
2. Ushbu Nizomga muvofiq, kelgusida tarkibiy oʻzgartirish va toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomilini amalga oshirish rejalariga muvofiq sotiladigan mol-mulk baholanadi.
II. Korxonalar mol-mulkining baholash qiymatini aniqlash
3. Baholovchi tashkilot va uning xizmatlari isteʼmolchisi (buyurtmachi) oʻrtasida qonunchilikka muvofiq tuzilgan shartnoma baholashni oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
4. Ushbu Nizomga muvofiq, tarkibiy oʻzgartiriladigan korxona yoki unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxona baholash xizmatlarini amalga oshirishga buyurtmachi hisoblanadi.
Baholashni oʻtkazish uchun xizmatlar qiymatining qolgan qismini toʻlash baholangan obyekt sotilgan va korxona hisobiga pul mablagʻlari tushgandan keyin navbatdan tashqari tartibda amalga oshiriladi.
5. Korxonani xatlovdan oʻtkazish natijalariga koʻra baholanadigan mol-mulk tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
korxona balansida boʻlgan, shu jumladan, texnik holatidan qatʼi nazar, boshqa korxona va tashkilotlarga foydalanish uchun (ijaraga) berilgan ham ishlab turgan (shu jumladan vaqtinchalik mukammal taʼmirlashda va zamonaviylashtirishda boʻlgan), ham konservatsiyada turgan asosiy vositalar;
nomoddiy aktivlar;
tugallanmagan qurilish;
oʻrnatiladigan asbob-uskunalar;
boshqa uzoq muddatli aktivlar;
joriy aktivlar.
Xatlovdan oʻtkazishda korxona mol-mulki balans (qoldiq) qiymati boʻyicha baholanadi. Mol-mulkning balans (qoldiq) qiymatini baholash Buxgalteriya hisobi milliy standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Tarkibiy oʻzgartiriladigan korxonalarning sotiladigan mol-mulkini baholash maqsadida — vakolatli organning va unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxonalarning qarori boʻyicha, — kreditorlar (kreditorlar qoʻmitasi) majlisi qaroriga koʻra baholash tashkiloti jalb etiladi. Mulkida davlat ulushi boʻlgan korxonalar uchun baholovchi tashkilotni jalb etish majburiydir.
7. Baholashni oʻtkazishda, atamalar, tushunchalar va metodikalardan foydalanishda, shuningdek baholash boʻyicha hisobot tuzishda baholovchi tashkilot qonunchilik talablariga rioya etishi va mavjud baholash standartlariga amal qilishi shart.
8. Tarkibiy oʻzgartiriladigan korxonalar va ularga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxonalar mol-mulkini baholashda baholovchi tashkilot tomonidan qiymatning quyidagi turlari aniqlanadi:
bozor qiymati;
tugatish qiymati;
foydalaniladigan qilish qiymati;
investitsiya qiymati.
9. Korxonaning bozor qiymatini baholash baholovchi tashkilot tomonidan korxonaning (mol-mulkning) balans (qoldiq) qiymatini, baholash sanasida mazkur mol-mulkka boʻlgan aniq talabni, uning joylashgan joyini, uning tarkibida maxsus mol-mulkning, bozorda xaridorgirligi cheklangan mol-mulkning mavjudligini, shuningdek fizik va/yoki maʼnaviy eskirgan mol-mulkni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxona mol-mulkining bozor qiymatini baholash — kreditorlar majlisi qaroriga koʻra, tarkibiy oʻzgartiriladigan korxonaga nisbatan esa — vakolatli organ qaroriga koʻra savdolarda sotishning boshlangʻich (dastlabki) narxi belgilangan taqdirda amalga oshiriladi.
10. Korxonalar mol-mulkining tugatish qiymatini baholash mol-mulkning bozor qiymatiga asoslanadi, bunda mol-mulkni majbur etuvchi holatlar mavjudligi tufayli qisqa muddatlarda sotish zarurligi faktori yuzasidan diskont qilish, shuningdek mazkur mol-mulkni saqlash va qoʻriqlash boʻyicha qoʻshimcha xarajatlar hisobga olinadi.
Unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxona mol-mulkining tugatish qiymatini baholash kreditorlar (kreditorlar qoʻmitasi) majlisi qaroriga koʻra, savdolarda sotishning boshlangʻich (dastlabki) narxi belgilangan taqdirda amalga oshirilishi mumkin.
11. Mol-mulkning foydalaniladigan qilish qiymatini baholash baholash sanasida maʼnaviy (funksional) eskirganligi yoki texnik holatiga koʻra belgilangan maqsadda foydalanilishi mumkin boʻlmagan, faqat unda sotish uchun materiallar majmui mavjudligi tufayli qiziqish tugʻdiradigan obyektlarga nisbatan qoʻllaniladi.
12. Investitsiya qiymatini baholash mol-mulkning bozor qiymatini baholashga asoslanadi va ikki qismga — badal toʻloviga hamda sotib olinayotgan mol-mulkdan foydalangan holda biznes tashkil etish uchun zarur boʻlgan investitsiya majburiyatlariga boʻlinadi.
Unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxona mol-mulkining investitsiya qiymatini baholash kreditorlar (kreditorlar qoʻmitasi) majlisi qaroriga koʻra, tarkibiy oʻzgartiriladigan korxonalarga nisbatan esa — vakolatli organ qaroriga koʻra savdolarda korxona (yoki uning bir qismi) mol-mulk kompleksi yoki biznes sifatida sotilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Mol-mulkni investitsiya qiymati boʻyicha sotishda savdolarning majburiy shartlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
badal toʻlovini toʻlash summasi va muddatlari (qoidaga koʻra, shartnoma tuzilgandan keyin ayni bir vaqtda);
investitsiya majburiyatlarini bajarish, shu jumladan toʻlovga qobiliyatsiz korxonaning qolgan kreditorlik qarzini toʻlash summasi va toʻlash muddatlari (qoidaga koʻra, shartnoma tuzilgandan keyin bir yil mobaynida).
Badal toʻlovlari va investitsiya majburiyatlari miqdorlari nisbati savdolar shartlarida belgilab qoʻyiladi va kreditorlar (kreditorlar qoʻmitasi) majlisi qarori bilan tasdiqlanadi, mulkida davlat ulushi boʻlgan korxonalar boʻyicha esa — vakolatli organ qarori bilan tasdiqlanadi.
III. Korxonalar mol-mulkini sotish
13. Tarkibiy oʻzgartiriladigan korxonalar va ularga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxonalar mol-mulkini sotish quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
kimoshdi savdolari;
tanlov boʻyicha savdolar;
ommaviy oferta shartlaridagi toʻgʻridan-toʻgʻri savdolar.
14. Korxonalarning davlatga qisman yoki toʻliq tegishli boʻlgan mol-mulki savdolarini oʻtkazish shakli Oʻzbekiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishiladi.
15. Unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxona mol-mulkini sotish hollarida (tugatish ishlaridan tashqari) savdolar tashkilotchisiga (ixtisoslashtirilgan tashkilotga) quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
muassislar (qatnashchilar)ning vakolatli organi yoki mulkdorning belgilangan tartibdagi qarori protokoli;
kreditorlar majlisi protokoli;
sotuvga qoʻyiladigan mol-mulk roʻyxati;
baholovchi tashkilot tomonidan baholangan mol-mulkni sotishning dastlabki narxini belgilash toʻgʻrisidagi hujjat.
16. Korxona mol-mulkini sotishda tugatish ishlarini oʻtkazish davomida sud boshqaruvchisi savdolar tashkilotchisiga belgilangan shakl boʻyicha quyidagi hujjatlar paketi bilan birga buyurtmanoma beradi:
sudning korxonani bankrot deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qarori nusxasi;
sotilayotgan mol-mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, shu jumladan koʻchmas mulk obyektlari uchun kadastr hujjati;
sotuvga qoʻyilayotgan mol-mulk roʻyxati, unda baholovchi tashkilot tomonidan baholangan har bir obyektning dastlabki narxi koʻrsatilgan boʻladi;
belgilangan tartibga muvofiq boshqa materiallar.
17. Savdolar oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish va manfaatdor shaxslarni sotiladigan obyektlar hamda savdolar shartlari bilan tanishtirish tartibi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
18. Dastlabki savdolarda sotilmagan mol-mulk takroriy savdolarga qoʻyiladi.
19. Ularga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilgan korxonalarning oldingi savdolarda sotilmagan mol-mulki narxi takroriy savdolarda kreditorlar (kreditorlar qoʻmitasi) majlisi qaroriga koʻra, tarkibiy oʻzgartiriladigan korxonalarning oldingi savdolarda sotilmagan mol-mulki narxi esa — vakolatli organ qaroriga koʻra qonunda belgilangan tartibda pasaytirilishi mumkin.
20. Kreditorlar (kreditorlar qoʻmitasi) majlisining roziligi mavjud boʻlgan taqdirda, sud boshqaruvchisi qonunda belgilangan tartibda takroriy savdolar oʻtkazmasdan, korxonani mulkiy kompleks sifatida ommaviy oferta shartlarida sotishi mumkin.
201. Mulkni sotish birinchi badalning shartnoma tuzilgan vaqtdan boshlab oʻn kun mobaynida toʻlanishini nazarda tutadigan olti-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Bunda birinchi badal miqdori mulkning kamida 15 foizini tashkil etishi kerak.
21. Korxonaning mol-mulki tugatish ishlari davomida oxirgi savdolar oʻtkazilgandan keyin kelgusida korxonaning mol-mulki Oʻzbekiston Respublikasi “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonunining 159-moddasida nazarda tutilgan tartibda sud boshqaruvchisi tomonidan tasarruf etiladi.
IV. Tugatilgan korxonalar mol-mulkini qiymati boʻlib-boʻlib toʻlanadigan holda sotish
22. Tugatishga doir ish yuritish tartib-taomilida turgan korxonalar mol-mulki qiymati boʻlib-boʻlib toʻlanadigan holda sotilishi mumkin.
23. Mol-mulkni qiymati boʻlib-boʻlib toʻlanadigan holda sotish sud boshqaruvchisi tomonidan, kreditorlar (qoʻmitasi) majlisi bilan kelishuv boʻyicha va sotib oluvchi tomonidan unga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankining tegishli kafolatnomasi taqdim etilgan holda amalga oshiriladi. Iqtisodiy sud mol-mulkni uning qiymati boʻlib-boʻlib toʻlanadigan holda sotish toʻgʻrisida xabardor qilinadi.
24. Mol-mulkni qiymati boʻlib-boʻlib toʻlanadigan holda sotish oldi-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi, shartnoma u tuzilgan paytdan boshlab oʻn kun mobaynida dastlabki badal toʻlanishini nazarda tutadi. Bunda dastlabki badal miqdori mol-mulk qiymatining kamida 15 foizini tashkil qilishi kerak.
25. Mol-mulkni qiymati boʻlib-boʻlib toʻlanadigan holda sotishning umumiy muddati bir yildan oshmasligi kerak. Mol-mulk qiymatiga koʻra uni qiymati boʻlib-boʻlib toʻlanadigan holda sotishning quyidagi muddatlari belgilanadi:
mol-mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravariga teng boʻlganda — uch oygacha;
mol-mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha teng boʻlganda — uch oydan olti oygacha;
mol-mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan ming baravarigacha teng boʻlganda — olti oydan toʻqqiz oygacha;
mol-mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining ming baravaridan yuqori boʻlganda — toʻqqiz oydan bir yilgacha.
qiymati boʻlib-boʻlib toʻlanadigan holda sotiladigan mol-mulk qiymatini toʻlash oldi-sotdi shartnomasiga ilova qilinadigan jadvalga muvofiq amalga oshiriladi. Sotuvchida shartnomada belgilangan summani muddatidan oldin toʻliq hajmda toʻlash huquqi saqlanib qoladi.
26. Bankrot korxonaning qiymati boʻlib-boʻlib toʻlanadigan holda sotilgan mol-mulkini sotib oluvchi tomonidan sotib olish muddati oldi-sotdi shartnomasi shartlariga muvofiq tugatish ishlari muddatidan oshgan taqdirda sud boshqaruvchisi tugatish ishlarini tugallashni va bankrot korxonani reyestrdan chiqarishni tugatish ishlarini tashkil etish, oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar majburiy toʻlangandan va bankrot korxonaning “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni 150-moddasida belgilangan majburiyatlari birinchi navbatda bajarilgandan keyin amalga oshiradi.
27. Sotuv summasi navbatda turgan barcha kreditorlarning talablarini toʻliq qondirish uchun yetishmagan taqdirda ikkinchi va keyingi navbatdagi qarzlarini uzish jadvali “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 150-moddasining oltinchi va yettinchi qismlariga muvofiq tuziladi.
28. Bankrot korxonaning ikkinchi va undan keyingi navbatdagi kreditorlar talablarini qondirish sotib oluvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 322-moddasiga muvofiq bevosita ularning talab qilib olinadigan depozit hisob raqamiga amalga oshiriladi.
29. Dastlabki badal toʻlangandan keyin mol-mulk sotib oluvchiga beriladi. Tugatuvchi boshqaruvchi tomonidan mol-mulkni berish va uni sotib oluvchi tomonidan qabul qilib olish tomonlar imzolaydigan topshirish-qabul qilib olish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
30. Sotib oluvchida mulk egasi huquqi mol-mulk qiymati toʻliq toʻlangandan keyin tuzilgan roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomaga muvofiq, zarur hollarda amaldagi qonunchilikka muvofiq boshlanadi.
31. Mol-mulkning qiymati boʻlib-boʻlib toʻlanadigan holda oldi-sotdi shartnomasi imzolangan paytdan boshlab tugatuvchi boshqaruvchining kreditorlar bilan oʻzaro munosabatlari, ushbu Nizomning 26-bandida nazarda tutilgan hollarda alohida shartnoma bilan rasmiylashtiriladi, unda kelgusidagi xarajatlar (shu jumladan tugatuvchi boshqaruvchining haqi) miqdori, ularni toʻlash tartibi va muddatlari koʻrsatiladi, keyinchalik u iqtisodiy sud tomonidan tasdiqlanadi.
32. Mulkni qiymati boʻlib-boʻlib toʻlanadigan holda sotishdan olingan mablagʻlar tugatish hisob raqamiga tushganda tugatuvchi boshqaruvchi toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan navbat boʻyicha kreditorlar talablarini qondiradi.
33. Mol-mulkning qiymati boʻlib-boʻlib toʻlanadigan holda oldi-sotdi shartnomasi sotib oluvchining tashabbusi bilan bekor qilingan taqdirda mol-mulk belgilangan tartibda qaytariladi. Bunda sotib oluvchi ushbu shartnomaning bekor qilinishi oqibatida koʻrilgan zararlarni qonunchilikka muvofiq toʻlashi shart.
qaytarilgan mol-mulk tugatuvchi boshqaruvchi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda qaytadan savdolarga qoʻyiladi.
V. Mol-mulkni sotish boʻyicha bitishuvlarni rasmiylashtirish
34. Savdolarda tuzilgan bitishuvlar qonunchilikka muvofiq rasmiylashtiriladi.
35. Savdolar qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish shartlari va savdolarni yuritish qoidalari, tuzilgan bitishuvlar boʻyicha zakalatlar miqdorlari, tuzilgan shartnomalar (kontraktlar)ni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi, shuningdek savdolar qatnashchilarining javobgarlik shartlari hamda belgilangan qoidalar va majburiyatlarning qatnashchilar tomonidan buzilganligi uchun neustoykalar (jarimalar, penyalar) miqdorlari savdolarning tashkilotchilari tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq mustaqil ravishda belgilanadi va shartnomada qayd etiladi.
