Viloyatdagi bozorlar va savdo komplekslarining maʼmuriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlarning yangi miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida (X-13/01-son)
18.01.2014
Qashqadaryo viloyati hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-apreldagi PQ-1326-son “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 17-son, 131-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2013-yil 30-dekabrdagi 116, 2013-47-sonli “Bozorlar va savdo komplekslarining maʼmuriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymatining minimal miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida”gi qarorlari (roʻyxat raqami 2551, 2014-yil 8-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 2-son, 27-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Viloyatdagi barcha bozorlar va savdo komplekslari maʼmuriyati tomonidan undiriladigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlarning yangi miqdorlari ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Viloyat hokimining 2013-yil 8-fevraldagi “Viloyatdagi bozor va savdo komplekslarining maʼmuriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlarning yangi miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida”gi X-61/02-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
4. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari Gʻ. Djavliyev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Z. ROʻZIYEV
Qarshi sh.,
2014-yil 18-yanvar,
X-13/01-son
