Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qoʻshma qirolligi fuqarolari uchun viza tartibotlarini soddalashtirish toʻgʻrisida (106-son)
27.02.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qoʻshma Qirolligi oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirish, ishbilarmonlik va turistik maqsadlarda Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qoʻshma Qirolligi fuqarolari uchun vizalarni rasmiylashtirish tartibotlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
ishbilarmonlik maqsadlarida Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qoʻshma Qirolligi fuqarolari uchun bir yil muddatga koʻp martalik vizalarni, Oʻzbekiston Respublikasidagi taklif qilayotgan yuridik shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilishiga doir talabni bekor qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy muassasalarida 2 ish kunida rasmiylashtirsin;
turist sifatida Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qoʻshma Qirolligi fuqarolari uchun 1 oygacha boʻlgan muddatga koʻp martalik vizalarni, turistik tashkilotlarning turistik vaucherlarini taqdim etish zarurligiga doir talabni bekor qilgan holda 2 ish kunida rasmiylashtirsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining manfaatdor vazirliklari va idoralari oʻz idoraviy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 27-fevral,
106-son
