“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida (202-son)
23.07.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasiga muvofiq, shuningdek qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirish, aholining keng qatlamlarini bepul donorlikka jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishonining nizomi, uning tavsifi va unga guvohnoma namunasi 1, 2, 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha belgilangan tartibda “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishonlari va ularga guvohnomalar blankalari tayyorlanishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishonini donorlarga Jahon donor kunida – 14-iyunda berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 23-iyul,
202-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 23-iyuldagi 202-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1. “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan oʻz qonini kamida qirq marta yoki uning tarkibiy qismlaridan bir qismini kamida oltmish marta bepul topshirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadilar.
“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hisoblanmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
2. “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan nazarda tutilgan tartibga muvofiq markaziy apparat boshqarmalari, hududiy va tarkibiy boʻlinmalar boshliqlarining taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
Mukofotlash toʻgʻrisidagi buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
3. “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni, unga guvohnoma va pul mukofoti Jahon donor kunida – 14-iyunda Sogʻliqni saqlash vaziri yoki uning nomidan va uning topshirigʻiga koʻra boshqa masʼul shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
31. “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida bir yoʻla pul mukofoti oladilar.
“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:
ular uchun qulay boʻlgan vaqtda yillik asosiy mehnat taʼtiliga chiqish;
shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
davlat sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olish.
4. Aynan bir shaxs “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan, qoidaga koʻra, bir marta mukofotlanadi.
5. “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni koʻkrakning chap tomonida davlat mukofotlaridan quyida taqiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 23-iyuldagi 202-son qaroriga 2-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
Koʻkrak nishoni mis qotishmasidan tayyorlanadi va yarimchoʻziq shaklni ifodalaydi, uning oʻzagi 28,0 millimetrni, balandligi — 32,0 millimetrni, qalinligi — 3 millimetrni tashkil etadi.
Koʻkrak nishonining old tomonida hayotbaxsh qonning ramzini ifodalaydigan qabariq qizil rangli qon tomchisi tasvirlangan. Koʻkrak nishonining oʻng tomonida shon-sharaf ramzi boʻlgan tilla rang dafna navdasi joylashgan. Koʻkrak nishonining chap tomonida tilla rang shaklli plastinada “FAXRIY DONOR” degan yozuv berilgan. Yozuv qabariq tilla rang bosh harflarda bajarilgan. Harflarning balandligi 4 millimetr.
Koʻkrak nishoni mis qotishmasidan tayyorlanadigan va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi ramzini ifodalaydigan shaklli toʻgʻri burchak shaklida bajariladigan 21,0 x 25,0 millimetr oʻlchamli qadagʻich (kolodka)ga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi. Qadagʻichning qalinligi 3 millimetr.
Qadagʻichning old tomoni bayroqning oq foni boʻylab qabariq tilla rang bosh harflar bilan “O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI” yozuvi tushirilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi ranglarida bajariladi. Harflarning balandligi 3 millimetr.
Qadagʻichning orqa tomonida koʻkrak nishonini kiyimga mahkamlash uchun toʻgʻnogʻich shaklidagi moslama mavjud.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 23-iyuldagi 202-son qaroriga 3-ILOVA
