Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlarining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida (36-I-son)
12.04.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi KENGAShIning
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatining guvohnomasi toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati guvohnomasining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati guvohnomasining transportda bepul yurish huquqini beradigan ilova varaqasining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4. “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatining koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlansin (ilova qilinadi).
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati koʻkrak nishonining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Tashqi koʻrinishi Oliy Majlis deputatining koʻkrak nishoniga aynan oʻxshash boʻlgan koʻkrak nishonlari tayyorlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Oliy Majlis Kotibiyati guvohnomalar va koʻkrak nishonlari shu yilning 5-mayidan kechikmay topshirilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1995-yil 12-aprel,
36-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 1995-yil 12-apreldagi 36-I-son Qarori bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatining guvohnomasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatining guvohnomasi Oliy Majlis deputatining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlar bilan belgilab qoʻyilgan vakolatini tasdiqlovchi hujjatdir.
2. Guvohnoma Oliy Majlis deputatiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatning vakolatini toʻgʻri deb topganidan keyin muvaqqat guvohnoma oʻrniga beriladi.
Oliy Majlis deputatiga guvohnoma bilan bir vaqtda yoʻlovchi tashiydigan transportning hamma turlarida (taksidan va transport boshqa turlarining buyurtma yoʻnalishlaridan tashqari) bepul yurish huquqini beruvchi guvohnomaning ilova varaqasi ham beriladi.
3. Oliy Majlis deputati oʻziga berilgan guvohnomadan oʻz vakolat muddati davomida foydalanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining vakolat muddati tugaganidan keyin guvohnoma deputat etib saylangan shaxsda qoladi.
Oliy Majlis deputatining vakolati muddatidan ilgari toʻxtatilgan taqdirda guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kotibiyatining Umumiy boʻlimiga qaytarilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 1995-yil 12-apreldagi 36-I-son Qarori bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati guvohnomasining
TAVSIFI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatining guvohnomasi 100 X 70 millimetr kattalikdagi toʻq qizil rangli qattiq charm muqovali kitobcha koʻrinishiga ega. Guvohnomaning old tomoni chap qismining yuqorisiga — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining metall tasviri oʻrnatilgan, pastda gerbdan oʻngroqda uch satrda: “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi” soʻzlari “Yubileynaya” deb ataluvchi poligrafiya zarvaragʻi bilan bosib tushirilgan.
Guvohnoma ichki soʻl tomoni chap qismining yuqorisiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan, pastroqda esa, besh satrda — Oliy Majlis chaqirigʻini koʻrsatuvchi raqam, “chaqiriq” soʻzi, shuningdek Oliy Majlis saylangan vakolati tugaydigan yilni koʻrsatuvchi raqamlar joylashgan.
Guvohnoma soʻl tomoni oʻng qismining yuqorisiga bir satrda “Oʻzbekiston Respublikasi” soʻzlari, pastroqda “Guvohnoma” soʻzi yozilgan boʻlib, undan oʻngroqqa guvohnomaning tartib raqami qoʻyiladi.
Ushbu matndan pastroqda alohida satrda deputatning familiyasi, ismi va otasining ismi, shuningdek ikki satrda: “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputatidir” degan matn yoziladi.
Guvohnomaning soʻl tomonidagi matnlar lotin harflarida yoziladi. “Chaqiriq” soʻzi lotin harflarida yozilib, kirillitsada takrorlanadi.
Guvohnoma ichki oʻng tomonining chap qismida deputatning 30 X 40 millimetr kattalikdagi rangli fotosurati joylashadi. Fotosurat oʻng tomonining pastki burchagiga Oliy Majlisning gerbli muhri bosiladi.
Guvohnoma oʻng tomonining yuqori qismida bir satrda: “Oʻzbekiston Respublikasi” soʻzlari, pastroqda bir satrda “Guvohnoma” soʻzi yozilgan boʻlib, undan oʻngroqda guvohnomaning tartib raqami qoʻyiladi.
Ushbu matndan pastroqda alohida satrda deputatning familiyasi, ismi va otasining ismi, shuningdek ikki satrda: “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputatidir” degan matn yoziladi.
Deputatning fotosurati tagiga: “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi” degan matn yoziladi, Oliy Majlis Raisining imzosi, ismi va otasining ismi bosh harflari, familiyasi qoʻyiladi.
Guvohnomaning oʻng tomonidagi matn kirillitsada yoziladi. Guvohnoma muqovasining ichki tomonlari och sargʻish rangdagi maxsus qogʻozdan tayyorlangan va shaffof plyonka bilan qoplangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi rangli tasvirda bosiladi. Oliy Majlis chaqirigʻini, saylangan hamda vakolati tugaydigan yillarni koʻrsatuvchi raqamlar, “Oʻzbekiston Respublikasi” va “chaqiriq” soʻzlari, gerbli muhr qizil rangda, qolgan matn esa, qorada beriladi.
Guvohnomaning oʻng tomonida Oliy Majlis deputatiga yoʻlovchilar tashuvchi transportning barcha turlarida (taksidan va transport boshqa turlarining buyurtma yoʻnalishlaridan tashqari) bepul yurish huquqini beruvchi guvohnomaning ilova varaqasi maxsus qincha bor.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 1995-yil 12-apreldagi 36-I-son Qarori bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati guvohnomasining transportda bepul yurish huquqini beradigan ilova varaqasining
TAVSIFI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati guvohnomasining transportda bepul yurish huquqini beradigan ilova varaqasi 80 X 55 millimetr kattalikdagi och moviy rangdagi qattiq qogʻozdan tayyorlanadi.
Ilova varaqasi old tomonining yuqori qismida qizil rangda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, gerbning oʻng tomonida ikki satrda: “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati” soʻzlari bor.
Guvohnoma ilova varaqasining qolgan matnlari qorada bosiladi.
Ilova varaqasining markazida guvohnomaning tartib raqami va “Guvohnomaga” degan yozuv boʻladi. Mazkur matnning tagida deputatning familiyasi, ismi va otasi ismining bosh harflari hamda quyidagi mazmundagi matn boʻladi: “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati vakolatlari tugagunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududida barcha temir yoʻl, avtomobil, suv, ichki havo yoʻllarida hamda yoʻlovchilar tashuvchi shahar transportining barcha turlarida (taksidan va transport boshqa turlarining buyurtma yoʻnalishlaridan tashqari) bepul yurish huquqidan foydalanadi”.
Pastga: “Oliy Majlis Raisining oʻrinbosari” degan matn yoziladi, Oliy Majlis Raisi oʻrinbosarining imzosi, ismi va otasining ismi bosh harflari, familiyasi qoʻyilib, Oliy Majlis muhri bosiladi.
Ilova varaqasining orqa tomonida Oliy Majlis deputati uchun ayrim transport turlarida yurish qoidasining quyidagi matni bosiladi:
QATNOV QOIDASI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati guvohnomasini koʻrsatib murojaat etgan taqdirda, temir yoʻl vokzali yoki bekatining, daryo porti yoki pristanining chiptaxonasi, shuningdek “Oʻzbekiston havo yoʻllari” kompaniyasi yoki aeroport chiptaxonasi unga poyezdning yotogʻli yoki yumshoq oʻrindiqli vagonidan, barcha tabaqadagi kemalardan, samolyot yoki vertolyotdan navbatsiz joy berishi shart. Deputat sessiyaga borayotganida samolyot yoki vertolyot chiptasi uchishdan kamida ikki soat, boshqa hollarda kamida bir kun oldin beriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati shaharlararo hamda shahar atrofiga qatnaydigan avtobuslarda tekin yurishga haqlidir. Bunda tegishli chiptaxona bepul chiptani navbatsiz berishi lozim.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati yoʻlovchilar tashuvchi shahar transportining barcha turlarida (taksidan va transport boshqa turlarining buyurtma yoʻnalishlaridan tashqari) va shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarda deputatlik guvohnomasi bilan tekin yurishga haqlidir.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati transportning har bir turida amal qilinayotgan meʼyordagi qoʻl yukini bepul olib yurishga haqlidir”.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 1995-yil 12-apreldagi 36-I-son Qarori bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatining koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatining koʻkrak nishoni deputatga Oliy Majlis uning vakolatini toʻgʻri deb topganidan keyin topshiriladi.
2. Koʻkrak nishoni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
3. Oliy Majlisning vakolat muddati tugaganda yoki deputatning vakolati muddatidan ilgari toʻxtatilganda koʻkrak nishonini taqib yurish huquqi toʻxtatiladi.
Oliy Majlisning vakolat muddati tugaganidan keyin koʻkrak nishoni deputat etib saylangan shaxsda qoladi. Deputatning vakolati muddatidan ilgari toʻxtatilgan taqdirda koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kotibiyatining Umumiy boʻlimiga qaytarilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 1995-yil 12-apreldagi 36-I-son Qarori bilan TASDIQLANGAN
“Oʻzbekiston Oliy Majlisi” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Oʻzbekiston Oliy Majlisi” koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻiga oʻxshatib ishlanadi.
Deputat koʻkrak nishonining asosi mis quymadan tayyorlanadi, nishonning old tomoni moviy, oq va yashil rangdagi emal bilan qoplangan. Oq yoʻl moviy va yashil yoʻllardan qizil rang emal qoplangan hoshiya bilan ajralib turadi. Nishondagi tasvirlar, “Oliy Majlisi” degan yozuv, nishon qirralari hamda orqa tomoni zarhal qilib, “Oʻzbekiston” degan yozuv esa qizil rangdagi emal bilan ishlangan.
Nishon chap tomonining yuqori burchagida moviy fonda yarim oy va uning oʻng tomonida oʻn ikkita besh qirrali yulduz tasvirlangan. Yarim oyning oʻng tomoni bayroq dastasiga qaratilib, vertikal joylashtirilgan. Yulduzlar vertikal va gorizontal boʻyicha quyidagi tartibda joylashtirilgan: yuqori qatorda — uchta yulduz, oʻrta qatorda — toʻrtta yulduz, quyi qatorda — beshta yulduz.
Nishonning orqa tomonida saylov okrugi va deputat guvohnomasining tartib raqamiga mos keladigan raqam qoʻyilgan.
Nishon toʻgʻnogʻich bilan taqiladi.
Nishonning kattaligi 27 X 18 millimetr.
