“Obod mahalla yili” dasturi toʻgʻrisida (70-son)
07.02.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahallaning fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi sifatidagi roli va ahamiyatini oshirish, milliy qadriyat va anʼanalarni, oʻzaro mehr-oqibat tuygʻularini mustahkamlashdagi nufuzini koʻtarish, aholini moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasida 2003-yil “Obod mahalla yili” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Obod mahalla yili” dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Mazkur dastur:
mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotidagi roli va maqomini yanada mustahkamlashga;
mahalla faoliyatining amaldagi meʼyoriy-huquqiy bazasini takomillashtirishga, uning vakolatlarini kengaytirishga va fuqarolik jamiyati instituti sifatidagi masʼuliyatini oshirishga;
mahalla faoliyatining moddiy bazasini mustahkamlashga, mahalla hududida tadbirkorlikni, xizmatlar koʻrsatish va savdo sohalarini rivojlantirishga, shular hisobiga yangi ish oʻrinlari barpo etishga;
mahallaning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga, uning hududlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga, bolalar va sport maydonchalarini jihozlashga, kommunal tarmoqlarni rivojlantirishga;
mahalla tomonidan kam taʼminlangan oilalarga aniq yoʻnalishli moddiy yordamni va yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirishga;
keksa avlodga eʼtibor va gʻamxoʻrlikni kuchaytirishga;
mahalla aholisiga tibbiy va sanatoriy-kurort xizmati koʻrsatilishini yaxshilashga, bolalar sportini rivojlantirishga;
mahallaning aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi, ijtimoiy adolat, oʻzaro mehr-oqibat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya bilan bogʻliq milliy qadriyat va urf-odatlarimizni keng targʻib qilish, ularni asrab-avaylash sohasidagi faoliyatini takomillashtirishga qaratilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini rivojlantirish jamgʻarmalarini tashkil etish toʻgʻrisida taklif kiritsinlar, fuqarolik holati aktlarini qayd etganlik uchun davlat bojining bir qismini hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun yigʻim va boshqa tushumlarni mazkur jamgʻarmalarni mablagʻ bilan taʼminlash manbalari etib belgilasinlar.
3. “Obod mahalla yili” dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar ushbu dasturda koʻzda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlovchi aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar va agentliklar, xoʻjalik birlashmalari, jamoat tashkilotlari, jamgʻarmalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar, Toshkent shahar, shaharlar va tumanlar hokimliklari:
yilning har choragida oʻz majlislarida manfaatdor idoralar va tuzilmalarni jalb etgan holda, “Obod mahalla yili” dasturining qanday bajarilayotganini muhokama qilib, tegishli chora-tadbirlar koʻrib borsin;
yilning har choragi yakunlari boʻyicha dastur topshiriqlarining hisobot davrida bajarilishi natijalari toʻgʻrisida chorakdan keyingi oyning 7-sanasigacha Respublika komissiyasiga tahliliy axborotni taqdim etsin.
5. “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Madaniyat ishlari vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda toʻy-maʼraka va boshqa marosimlarni anʼanalarimizga xos tejamkorlik bilan oʻtkazishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Respublika komissiyasiga taqdim etsin.
6. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, respublika ommaviy axborot vositalariga “Obod mahalla yili” dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning maʼno-mohiyati va ahamiyatini keng tushuntirish, ularni amalga oshirish borasida qilinayotgan ishlarni xolis yoritish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.Toʻlaganov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 7-fevral,
70-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 7-fevraldagi 70-son qaroriga ILOVA
“Obod mahalla yili” dasturi
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 3-son, 26-modda)
