Birja faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida (66-son)
04.02.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga hamda “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi birja faoliyatini (valyuta birjalari faoliyati bundan mustasno) tartibga soluvchi vakolatli davlat organi etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi birja faoliyatini amalga oshirayotgan tashkilotlarni 2003-yil 1-aprelgacha mazkur qaror talablariga muvofiq litsenziyalasin.
Belgilab qoʻyilsinki, 2003-yil 1-aprelgacha tegishli litsenziya olmagan birjalar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq birja faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum etiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi ikki hafta muddatda litsenziyalar berish yuzasidan xulosalar tayyorlash boʻyicha ekspert komissiya toʻgʻrisidagi nizomni hamda ekspert komissiyaning shaxsiy tarkibini tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasida xodimlarning belgilangan soni doirasida xodimlarining cheklangan soni 3 nafardan iborat Birja faoliyatini litsenziyalash va nazorat qilish boʻlimi tashkil etilsin, unga quyidagi funksiyalar yuklansin:
litsenziya talabgorlarining arizalarini qabul qilish, litsenziyalarni rasmiylashtirish va berish, litsenziya bitimlari tuzish;
birja faoliyati monitoringini olib borish;
birjalar tomonidan birja faoliyati sohasidagi qonun hujjatlariga, birja savdolari qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 4-fevral,
66-son
