Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (199-son)
21.07.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-son Farmoniga muvofiq, shuningdek tashqi savdo operatsiyalari monitoringini amalga oshirishni yanada takomillashtirish va tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tashqi savdo kontraktlarini tijorat banklarida hisobga qoʻyish tartiboti 2014-yil 1-sentabrdan boshlab bekor qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, tashqi savdo kontraktlarini tijorat banklarida hisobga qoʻyish tartibotining bekor qilinishi munosabati bilan:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tashqi savdo kontraktlari yuzasidan monitoring valyuta nazorati organlari va tijorat banklari tomonidan Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;
2014-yil 1-sentabrgacha tijorat banklarida hisobga qoʻyilgan kontraktlar tijorat banklarida hisobdan chiqarilishi, koʻrsatib oʻtilgan kontraktlar boʻyicha maʼlumotlar ayni bir vaqtda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilishi kerak.
Respublikaga tovarlarni olib kirish boʻyicha tuzilgan kontraktlarga qoʻshimcha kelishuvlar kiritilib, ularga muvofiq xoʻjalik yurituvchi subyektlar, xorijiy hamkorlar va ularning rekvizitlari oʻzgargan taqdirda, tijorat banklariga ushbu kontraktlar boʻyicha pul mablagʻlari (moliyaviy tranzaksiyalar) oʻtkazishni bojxona yuk deklaratsiyalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilgandan soʻng amalga oshirish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Davlat bojxona qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda tashqi savdo faoliyati subyektlariga kontraktlar boʻyicha maʼlumotlarni elektron raqamli imzodan foydalangan holda Internet tarmogʻi orqali kiritish imkoniyatini berish, shuningdek tashqi savdo operatsiyalari yuzasidan monitoringni ushbu tizim orqali amalga oshirish boʻyicha talablarni hisobga olgan holda 2014-yil 1-sentabrgacha Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi takomillashtirilishini taʼminlasin.
31. Davlat sirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan tashqi savdo kontraktlari Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilmaydi shuningdek, elektron tijorat orqali amalga oshiriladigan besh ming AQSh dollarigacha boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti.
Davlat sirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan tashqi savdo kontraktlari, shuningdek ushbu kontraktlarni bajarish bilan bogʻliq hujjatlar bojxona xizmati organlariga va xizmat koʻrsatuvchi bankka belgilangan tartibda taqdim etiladi.
Davlat sirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan tashqi savdo kontraktlari boʻyicha yuk bojxona deklaratsiyalari bojxona xizmati organlari tomonidan qogʻoz shaklida rasmiylashtiriladi. Bunday kontraktlar boʻyicha toʻlovlar va mablagʻlarni oʻtkazish xizmat koʻrsatuvchi banklar tomonidan kontrakt shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Bojxona yuk deklaratsiyasi roʻyxatidan oʻtkazish talabi elektron tijorat orqali amalga oshiriladigan besh ming AQSh dollarigacha boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishga tatbiq etilmaydi.
Davlat sirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan tashqi savdo kontraktlari boʻyicha muddati oʻtgan debitorlik qarzlari toʻgʻrisida va valyuta operatsiyalari monitoringi masalalari boʻyicha valyuta nazorati organlari va banklar oʻrtasidagi axborot almashuvi belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari qoʻmitasi Markaziy bank, Davlat bojxona qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda kontraktlar boʻyicha maʼlumotlarni elektron shaklda Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritish imkoniyatini beruvchi tashqi savdo faoliyati subyektlari uchun interaktiv xizmatning 2014-yil 1-sentabrgacha boʻlgan muddatda joriy etilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 21-iyul,
199-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 21-iyuldagi 199-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
3. Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-apreldagi 174-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 4-son, 19-modda) bilan tasdiqlangan Tovarlarni eksportga tovar-xomashyo birjalari orqali erkin almashtiriladigan valyutaga sotish tartibida:
a) Tartibning nomidagi “erkin almashtiriladigan” soʻzlari “xorijiy” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 7-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“7. Birjalarda xorijiy valyutada tuzilgan eksport kontraktlari birjalarda roʻyxatdan oʻtkazilishi va belgilangan tartibda bojxona organlarida hisobga qoʻyilishi kerak”.
5. Vazirlar Mahkamasining “Eksport va import operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 30-sentabrdagi 416-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 9-son, 92-modda):
a) 4-bandning ikkinchi xatboshidagi “import kontraktlarini vakolatli banklarda hisobga qoʻyish” soʻzlari “import kontraktlari boʻyicha maʼlumotlarni xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
6. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 9-avgustdagi 189-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 8-son, 40-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik yurituvchi subyektlari tomonidan xorijiy mamlakatlardagi ular tashkil etgan savdo uylari, vakolatxonalar, korxonalar orqali, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining xorijiy mamlakatlardagi savdo-investitsiya uylari orqali olib chiqilayotgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 3-bandning toʻrtinchi xatboshidan va 5-bandning yettinchi xatboshidan “vakolatli bankda va” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 7-bandning ikkinchi xatboshidan ikkinchi jumla chiqarib tashlansin.
7. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 21-iyuldagi 154-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi, 2010-y., 7-son, 38-modda) bilan tasdiqlangan Olib kiriladigan texnologik asbob-uskunalar va ularga ehtiyot qismlarni, shuningdek komponentlar, xomashyo va materiallarni mahalliylashtiriladigan mahsulotni ishlab chiqarishda texnologik jarayonda foydalaniladiganlar toifasiga kiritish toʻgʻrisida xulosalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4-bandi yettinchi xatboshidan “belgilangan tartibda vakolatli bankda hisobga qoʻyilgan” soʻzlari chiqarib tashlansin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-dekabrdagi 341-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 12-son, 95-modda) bilan tasdiqlangan “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida alohida valyuta rejimi faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) III boʻlim quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“III. Eksport-import kontraktlarini ijro etish va monitoringini olib borish tartibi.
16. “Navoiy” EIIZ qatnashchilarining eksport va import kontraktlari monitoringini olib borish Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
17. “Navoiy” EIIZ qatnashchilari eksport qilinadigan (import qilinadigan) tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun haq toʻlash va hisob-kitoblarning ular uchun qulay shartlari va shakllaridan foydalanishga haqlidir.
18. “Navoiy” EIIZ qatnashchilarining eksport kontraktlarini davlat bojxona xizmati organlarida hisobga qoʻyish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Eksport qiluvchilar yuklab joʻnatilgan tovarlar, bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun xorijiy valyutadagi tushum ularning hisob raqamlariga oʻz vaqtida va toʻliq tushmaganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar”.
b) IV boʻlim oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
