Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun qoʻllaniladigan fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalariga qoʻyiladigan yagona texnik talablarni tasdiqlash toʻgʻrisida (2601-son)
11.07.2014
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASI OʻZBEKISTON STANDARTLASHTIRISH, METROLOGIYA VA SERTIFIKATLASHTIRISH AGENTLIGINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 11-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2601]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 7-iyundagi 147-son “Vazirlar Mahkamasining “Fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarining qoʻllanishini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2011-yil 17-noyabrdagi 306-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi qaror qiladi:
1. Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun qoʻllaniladigan fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalariga qoʻyiladigan yagona texnik talablar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 28-iyun,
2014-27-son
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. KURBANOV
Toshkent sh.,
2014-yil 28-iyun,
2-k-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2014-yil 28-iyundagi 2014-27, 2-k-sonli qaroriga ILOVA
Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun qoʻllaniladigan fiskal xotirali nazorat- kassa mashinalariga qoʻyiladigan
YAGONA TEXNIK TALABLAR
Mazkur Yagona texnik talablar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 7-iyundagi 147-son “Vazirlar Mahkamasining “Fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarining qoʻllanishini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2011-yil 17-noyabrdagi 306-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq, fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalari (bundan buyon matnda NKM deb yuritiladi) javob berishi shart boʻlgan asosiy texnik va funksional tavsiflar, shuningdek axborotni himoya qilish boʻyicha majburiy talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yagona texnik talablar Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllanishi ruxsat etilgan fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarining Davlat reyestriga kiritiladigan hamda amalda foydalanishda boʻlgan NKMlarni texnik talablarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazishga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Mazkur Yagona texnik talablarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
NKM — kassir-operatsiyachilar ish joyini (ishini) avtomatlashtirish uchun moʻljallangan hamda aholi bilan pulli hisob-kitoblarni toʻliq fiskal qayd qilishni taʼminlovchi apparat-dasturiy qurilma;
fiskal xotira — NKMning tarkibiy qismi boʻlgan va fiskal maʼlumotlarni qayd qilish uchun moʻljallangan, ularni oʻzgartirish imkoniyatini istisno qiluvchi energiyaga bogʻliq boʻlmagan holda axborotni uzoq vaqt xotirada saqlashga moʻljallangan qurilma;
fiskal maʼlumotlar — davlat soliq xizmati organlari tomonidan nazorat qilish uchun zarur boʻlgan tezkor va moliyaviy axborot yozuvlari;
yozuv — NKMning zavod raqamini kiritishda, uni fiskallashtirish va qayta roʻyxatdan oʻtkazishda yoki smena yopilishida (Z-hisobot amalga oshirilganda) bir harakat bilan fiskal xotiraga yoziladigan tezkor yoki moliyaviy axborot;
tezkor axborot — NKMni fiskallashtirish yoki qayta roʻyxatga olish vaqtida fiskal xotiraga kiritiladigan va NKM fiskal xotirasini identifikatsiya qilish uchun zarur boʻlgan axborot;
moliyaviy axborot — har sutkada (smenada) smena yopilishi yoʻli bilan fiskal xotiraga (Z-hisobot amalga oshirilganda) kiritiladigan, NKMga qayd qilingan pul muomalasi boʻyicha butun axborotni oʻz ichiga oladigan va pulli operatsiyalarning hisobini toʻgʻri yuritish uchun xizmat qiladigan axborot;
NKMni fiskallashtirish — fiskal xotirani aktivlashtirish, tezkor axborotni kiritish va fiskal rejimni yoqish;
NKMni qayta roʻyxatdan oʻtkazish — NKM egasi boʻyicha tezkor axborot orqali NKM fiskal xotirasiga yangi yozuvni kiritish;
fiskal rejim belgisi — NKM cheklarida bosib chiqarilishi shart boʻlgan va NKMni fiskallashtirishdan keyin hosil boʻluvchi ajralib turadigan belgi.
2-bob. Fiskal xotira
3. Har bir NKMning fiskal xotirasiga zavod tomonidan 7 razryaddan kam boʻlmagan unikal raqam kiritiladi.
4. NKMni fiskallashtirishdan oldin u oʻquv rejimida (fiskalsiz) ishlash imkoniyatiga ega boʻlishi lozim. NKM fiskallashtirilgandan keyin uni oʻquv rejimiga (fiskalsiz) qaytarish imkoni boʻlmasligi kerak.
5. Oʻquv rejimi davomida bosib chiqarilgan NKM cheklari va hisobotlar fiskal rejim belgisiga ega boʻlmaydi. Fiskal xotira oldingi yozuvlar saqlangan holda NKMni fiskallashtirish hamda NKMni toʻrt marta qayta roʻyxatdan oʻtkazish imkoniga ega boʻlishi lozim.
6. Har bir yozuv quyidagi tezkor axborot parametrlariga ega boʻlishi lozim:
6 razryaddan kam boʻlmagan NKMni roʻyxatdan oʻtkazish kartochkasi tartib raqami;
12 razryaddan kam boʻlmagan NKM egasining — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (bundan buyon matnda STIR deb yuritiladi);
6 razryaddan kam boʻlmagan NKMni fiskallashtirish yoki uni qayta roʻyxatdan oʻtkazish sanasi;
5 razryaddan kam boʻlmagan fiskal xotiraga kirish paroli;
NKMni fiskallashtirish (NKMni qayta roʻyxatdan oʻtkazish) raqami;
4 razryaddan kam boʻlmagan ilgari NKMni fiskallashtirishdagi (NKMni qayta roʻyxatdan oʻtkazishdagi) Z-hisobotlar soni.
Har bir yozuv mazkur bandda nazarda tutilmagan boshqa axborotlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Z-hisobot amalga oshirilganda, sutkalik (smenalik) fiskal xotiradagi yozuv quyidagi moliyaviy axborot parametrlariga ega boʻlishi lozim:
6 razryaddan kam boʻlmagan smena yopilgan sana;
4 razryaddan kam boʻlmagan yozuvning tartib raqami (Z-hisobot raqami);
NKMning tegishli guruhi uchun nazarda tutilgan razryaddan kam boʻlmagan sutkalik (smenalik) jami pul tushumi.
Sutkalik (smenalik) fiskal xotiradagi yozuv mazkur bandda nazarda tutilmagan boshqa axborotlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Mazkur Yagona texnik talablarning 7-bandida koʻrsatilgan sutkalik (smenalik) fiskal xotiradagi yozuvlar soni 2000 tadan kam boʻlmasligi lozim.
9. Fiskal xotiradagi har bir yozuv uning axborotlarini tashkil qiladigan nazorat summasiga (CRC) ega boʻlishi lozim.
10. Z-hisobotni amalga oshirish vaqtida sutka (smena) davomida qabul qilingan barcha toʻlovlar fiskal xotiraga kiritiladi.
11. Fiskal xotiradagi fiskal maʼlumotlardan foydalanish (fiskal hisobotni bosib chiqarish) fiskal xotiraga kirish paroli bilan himoyalangan boʻlishi lozim.
12. NKMning fiskal xotirasidagi sutkalik (smenalik) yozuvlar uchun boʻsh joylar soni 30 tadan kam qolganda, Z-hisobotda ushbu boʻsh joylar soni toʻgʻrisida maʼlumotlar bosib chiqarilishi kerak.
13. Fiskal xotira hajmi toʻlganda, nosoz holga kelib qolganda, uzib qoʻyilganda, fiskal xotiraga ruxsat etilmagan tartibda kirishga harakat qilinganda NKM avtomatik ravishda blokirovka qilinishi lozim.
14. NKM talab etilgan oraliq davr uchun fiskal xotiradagi quyidagi fiskal maʼlumotlar bosib chiqarilishini taʼminlashi lozim:
barcha moliyaviy axborotlar;
talab etilgan oraliq davr uchun jami summa;
NKMning zavod raqami;
NKMni roʻyxatdan oʻtkazish kartochkasi tartib raqami;
NKM egasining STIRi;
NKMni fiskallashtirish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish sanasi.
15. Fiskal xotiraga kiritilgan fiskal maʼlumotlar, tashqi va ichki taʼminot manbalari mavjud boʻlmaganda ham, NKM fiskallashtirilgan yoki NKM oxirgi marta qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab kamida 5 kalendar yil saqlanishi lozim.
16. Fiskal xotira bloki mustaqil funksional modul koʻrinishida konstruktiv bajarilgan boʻlishi lozim.
17. Fiskal xotira NKM korpusining ichida alohida joylashtirilishi hamda ruxsat etilmagan tartibda kirishdan himoyalangan boʻlishi kerak.
18. Fiskal xotira blokining konstruktiv bajarilishi blok elementlarini yechishdan va ularning ulanish kontaktlariga (maxsus himoyalangan qoplamaga) kirishdan himoyaga ega boʻlishi lozim.
19. Fiskal xotira konstruksiyasi va uning maxsus himoyalangan qoplamasi NKM ishlab turganda, texnik xizmat koʻrsatilayotganda va taʼmirlanayotganda unda saqlanayotgan fiskal maʼlumotlar ruxsat etilmagan tartibda kirishdan hamda mexanik, elektromagnit va boshqa turdagi taʼsirlardan himoya qilingan boʻlishi lozim.
3-bob. NKMning barcha guruhlari uchun qoʻyiladigan umumiy talablar
20. Har bir NKM muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi lozim.
21. NKMda yetkazib berish komplektiga kiritilgan (4 razryaddan kam boʻlmagan) dasturiy parol yoki (99 variantlardan kam boʻlmagan) raqamlangan kalit (kalitlarning soni tegishli model bilan belgilanadi) boʻlishi zarur.
22. NKMning korpusi zavod, undan foydalanishda esa, xizmat koʻrsatuvchi tashkilot va davlat soliq xizmati organlari tomonidan tamgʻalangan boʻlishi va uni nazoratsiz ochilishiga yoʻl qoʻyilmaslik kerak.
23. Barcha guruhdagi NKMlar kassa operatsiyalarni amalga oshirishda yagona ish siklida rasmiylashtiriladigan kassa cheklari va nazorat lentalariga ega boʻlishi lozim. Bunda oʻz-oʻzidan nusxa koʻchiruvchi chek lentasidan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
24. Toʻlov qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjatga NKM belgisi bosib chiqarilganda nazorat lentasi rasmiylashtirilishi lozim.
25. Bir printerli NKM modellarida kassa cheki yagona ish siklida bosib chiqarilishi va nazorat lentasidagi fiskal maʼlumotlar alohida NKMdagi elektron jurnalga qayd qilinishi lozim.
Bunda quyidagilar bajarilishi:
elektron jurnal oraliq tashuvining ijro etilishi fiskal maʼlumotlar energiyaga bogʻliq boʻlmagan holda 720 soatdan kam boʻlmagan vaqtda saqlashni taʼminlovchi xotirada saqlaydigan qurilmaga tayanishi;
elektron jurnal bir vaqtning oʻzida NKMlarning 3-guruhi uchun 1000 dan, 2-guruhi uchun 500 dan va 1-guruhi uchun 250 dan kam boʻlmagan oʻrtacha uzunlikdagi (kassa chekida toʻrtta xarid boʻyicha) kassa cheklari saqlanishi;
barcha nazorat lentalari bosib chiqarilishiga va smena yopilishiga (Z-hisobot amalga oshirilgunga) qadar boʻlgan davrda elektron jurnaldagi fiskal maʼlumotlarni oʻzgartirish imkoni boʻlmasligi;
elektron jurnaldagi fiskal maʼlumotlarni bosib chiqarish smena yopilayotganda (Z-hisobot amalga oshirilganda), elektron jurnal toʻlib ketganda, shuningdek buyruq boʻyicha amalga oshirilishi;
elektron jurnalni tozalash butun nazorat lentasini bosib chiqarish muvaffaqiyatli (qogʻozning uzilishisiz va buzilishisiz) tugatilgandan soʻng, smena yopilishida (Z-hisobot amalga oshirilganda) amalga oshirilishi;
texnik xizmat koʻrsatish jarayonida ruxsat etilmagan tartibda elektron jurnaldagi fiskal maʼlumotlarni oʻchirib tashlash va oʻzgartirish imkoni mavjud boʻlmasligi;
bir smena (sutka) davomida zarur hollarda bosib chiqariladigan nazorat lentalarining tartib raqami 1 dan boshlab oʻsib borish tartibida quyilishi kerak. Smena (sutka) davomida nazorat lentalarining bosib chiqarilgan miqdori smena yopilishida (Z-hisobot amalga oshirilganda) chiqariladi.
26. Sotib olingan tovarlar (bajarilgan ishlar) va koʻrsatilgan xizmatlar uchun xaridorlarga beriladigan kassa cheklarida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
soliq toʻlovchining — xoʻjalik yurituvchi subyektning nomi va STIRi;
toʻlov summasi;
tovarlar va xizmatlar nomi;
toʻlov sanasi va vaqti;
NKM zavod raqami;
kassa chekining tartib raqami;
fiskal rejim belgisi.
Kassa cheklarida boshqa rekvizitlar ham boʻlishi mumkin.
27. Nazorat lentalarida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
soliq toʻlovchining — xoʻjalik yurituvchi subyektning nomi va STIRi;
toʻlov summasi;
toʻlov sanasi va vaqti;
NKM zavod raqami;
kassa chekining tartib raqami;
Nazorat lentalarida boshqa rekvizitlar ham boʻlishi mumkin.
28. Toʻlov qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjatga NKM belgisi bosib chiqarilganda, u quyidagi maʼlumotlarga ega boʻlishi kerak:
soliq toʻlovchining — xoʻjalik yurituvchi subyektning nomi va STIRi;
toʻlov summasi;
tovarlar va xizmatlar nomi;
toʻlov sanasi va vaqti;
NKM zavod raqami;
kassa chekining tartib raqami;
fiskal rejim belgisi.
Toʻlov qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjatga NKM belgisi bosib chiqarilganda, unda boshqa rekvizitlar ham boʻlishi mumkin.
29. Bajariladigan kassa operatsiyalari tarkibiga quyidagi maʼlumotlar kiradi:
pul summalarini hisobga olish;
kassa chekidagi umumiy summani hisoblash;
qaytim summasini hisoblash;
umumiy moliyaviy axborotlarni hisoblash;
moliyaviy va operatsion registrlarning koʻrsatkichlarini bosib chiqarish;
moliyaviy registrlarni bosib chiqarish uchun avtomatik uzatish bilan oʻchirish va bir vaqtning oʻzida moliyaviy axborotlarni fiskal xotiraga yozib olish;
operatsion registrlarni bosib chiqarish uchun avtomatik uzatish bilan oʻchirish;
naqd puldagi toʻlov;
bahoni miqdorga koʻpaytirish;
kassa cheki bosib chiqarilgunga yoki aloqa kanaliga uzatilgunga qadar kassir-operatsiyachining xatolarini toʻgʻrilash.
30. NKM fiskal xotiraga kiritilishi lozim boʻlgan summalarni hisobga olishning toʻliqligiga taʼsir qilmaydigan boshqa kassa operatsiyalarini ham bajarishi mumkin.
NKMning elektron jurnali va fiskal xotirasida moliyaviy axborotlar miqdorini kamaytiruvchi operatsiyalarni amalga oshirish imkoni mavjud boʻlmasligi lozim.
31. 3-guruhdagi NKMlar uchun bosib chiqariladigan kassa cheklari va nazorat lentalari hamda fiskal hisobot, X-hisobot, Z-hisobot faqatgina NKMning ichki dasturiy mahsuloti bilan, boshqa hisobotlar esa, kompyuter tizimining amaliy dasturlari bilan shakllantirilishi, kompyuter tizimidagi xotira qurilmasida saqlanishi yoki aloqa kanali orqali uzatib berilishi mumkin. Bunda kompyuter tizimining amaliy dasturlari bilan shakllantirilgan hisobotlar oʻzgartirishdan himoyalangan boʻlishi lozim.
32. NKM quyidagi hollarda blokirovka qilinadi:
chek yoki nazorat lentasi mavjud boʻlmaganda;
kassir-operatsiyachi tomonidan operatsiyalar notoʻgʻri bajarilganda;
bosib chiqariladigan hujjatning buzilishiga sabab boʻladigan avariyaviy holatlar yuzaga kelganda;
fiskal xotiraning hajmi toʻlganda, nosoz holga kelganda, uzib qoʻyilganda, fiskal xotiraga ruxsat etilmagan tartibda kirishga harakat qilinganda.
33. Beriladigan kassa cheklari, bosib chiqariladigan X-hisobotlar va Z-hisobotlar razryadi 4 tadan kam boʻlmagan tartib raqamiga ega boʻlishi zarur.
34. Moliyaviy va operatsion registrlarning koʻrsatkichlari hamda xizmat maʼlumotlarining energiyaga bogʻliq xotirada saqlanish muddati energiya tarmoqdan uzilgandan keyin 720 soatdan kam boʻlmasligi kerak.
35. Toʻlov qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat NKM belgisini bosib chiqarish rejimida bosib chiqarilishi taʼminlanishi, agar toʻlov qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlmagan taqdirda esa, NKM majburiy blokirovka qilinishi lozim.
36. NKMning ichki dasturiy mahsuloti va NKM bilan kompyuter tizimining aloqa bayonida istalgan axborotni kassa cheklari, nazorat lentalari, hisobotlar va boshqa fiskal maʼlumotlar koʻrinishida bosib chiqarish imkoni mavjud boʻlmasligi kerak.
37. NKMning ichki dasturiy mahsuloti tarkibida NKMning energiya tarmogʻi yoqilganda (avtomatik tarzda) va boshqa hollarda ham ishlashini tekshirishni taʼminlaydigan nazorat test-dasturi boʻlishi kerak. Bunda nazorat test-dasturlari NKMning funksional qismlarining ishga layoqatliligini aniqlashda qoʻllaniladi.
38. NKMga oʻrnatilgan ichki dasturiy mahsulotning haqiqiyligini tekshirish uchun uning tegishli etalon versiyasi bilan har bir bit boʻyicha taqqoslash imkoniyati boʻlishi lozim.
39. NKMning klaviatura belgilari, bosib chiqariladigan va indikatsiya axborotlari davlat yoki rus tilida boʻlishi kerak.
40. NKMning quyidagi ish rejimlari dasturiy parollar yoki raqamli kalitlar bilan himoyalangan boʻlishi lozim:
toʻlov rejimi — mazkur rejimda har bir kassir-operatsiyachi alohida parolga ega boʻladi;
sozlash rejimi;
nollashtirishsiz hisobot (X-hisobot);
nollashtirish bilan hisobot (Z-hisobot);
NKMni fiskallashtirish, NKMni qayta roʻyxatdan oʻtkazish va fiskal hisobotni bosib chiqarish (soliq inspektori rejimi).
NKMning boshqa ish rejimlarini himoya qilishni taʼminlaydigan qoʻshimcha parollardan foydalanish mumkin va bu NKM modellaridan foydalanish boʻyicha qoʻllanmalarda belgilangan boʻlishi kerak. Agar mazkur bandda nazarda tutilgan ish rejimlaridan biri boshqa rejimning ichida boʻlsa, ular bitta parol bilan himoyalanishi mumkin, soliq inspektori rejimi bundan mustasno.
41. Sotiladigan bitta tovar (bajariladigan ish yoki koʻrsatiladigan xizmat) uchun ikki yoki undan koʻproq kassa cheklari berilishi taqiqlanadi.
42. NKMlardan bosib chiqariladigan barcha hujjatlardagi sonlar, harflar va simvollar aniq koʻrinishda boʻlishi va bir xil maʼnoda oʻqilishi lozim.
4-bob. NKMning alohida guruhlari uchun qoʻyiladigan talablar
43. NKMning alohida guruhlari mazkur Yagona texnik talablarning ilovasiga muvofiq tegishli parametrlar va meʼyorlarga ega boʻladi.
44. NKMning alohida guruhlari parametrlarining rasshifrovkasi:
1-guruh — “OFF-LINE” rejimda operatsion registrlarning koʻrsatkichlari hamda xizmat maʼlumotlarini dasturlash imkoniyati nazarda tutilgan “ON-LINE” rejimi mavjud boʻlmagan portativ NKMlar. Ushbu NKMlar assortimentda 100 tadan koʻp boʻlmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomlari mavjudligida qoʻllaniladi.
2-guruh — “OFF-LINE” rejimida kompyuter tizimida moliyaviy registrlarni oʻqish va operatsion registrlarning koʻrsatkichlari hamda xizmat maʼlumotlarini dasturlash imkoniyati boʻlgan avtonom ishlatish uchun moʻljallangan “ON-LINE” rejimi mavjud boʻlmagan NKM. Ushbu NKMlar assortimentda 2000 tadan koʻp boʻlmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomlari mavjudligida qoʻllaniladi. Mazkur NKM guruhi 1-guruhdagi NKMlardan foydalanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ularning istagiga qarab qoʻllanilishi mumkin.
3-guruh (OʼzDSt 1903:2010 sinflashtirish boʻyicha 3 va 4-guruhlardan iborat) — “ON-LINE” rejimida ishlash imkoniyati mavjud boʻlgan kompyuter tizimida hisobni yuritish moʻljallangan NKM. 3 ta yoki undan koʻp boʻlimli (kassali) savdo va xizmat koʻrsatish joylarida hamda NKMni taksometr, tarozi va boshqa oʻlchash uskunalari bilan ulash (yoki integratsiya) holatlarida hamda assortimentda 2000 tadan koʻp tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomlari mavjudligida qoʻllaniladi. Mazkur NKM guruhi 1 va 2-guruhlardagi NKMlardan foydalanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ularning istagiga qarab qoʻllanilishi mumkin.
Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun qoʻllaniladigan fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalariga qoʻyiladigan yagona texnik talablarga ILOVA
NKMning alohida guruhlari uchun parametrlar va meʼyorlar
Izoh:
Shartli belgilar:
“+” — majburiy parametr;
“–” — man etilgan parametr;
“o” — majburiy boʻlmagan parametr;
“x” — NKMdan oʻtayotgan pul tushumi hisobi toʻliqligiga taʼsir koʻrsatmasligi, energiyaga bogʻliq va fiskal xotiraga, elektron jurnalga va NKMning dasturiy mahsulotiga toʻgʻrilash va oʻzgartirishlar kiritishga yoʻl qoʻymadigan yoki ushbu NKM guruhi uchun nazarda tutilmagan funksional imkoniyatlariga ega boʻlmaydigan parametrdir.
