Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining referendum orqali uzaytirilgan oʻz vakolatlarini prezidentlik lavozimida boʻlishining ikkinchi muddati deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi bayonoti haqida (47-I-son)
05.05.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti referendum orqali 1997-yildan 2000-yilgacha uzaytirilgan oʻz vakolatlarini davlat rahbari lavozimida boʻlishining ikkinchi muddati deb eʼtirof etish toʻgʻrisida qoʻygan masalani qarab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Taʼkidlab oʻtilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 9-moddasiga hamda Referendum toʻgʻrisidagi Qonunning 1-moddasiga muvofiq umumxalq ovoz berishi yoʻli bilan qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega boʻladi. Referendum orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari 1997-yildan 2000-yilgacha uzaytirilgan muddatni uning davlat rahbari lavozimida boʻlishining ikkinchi muddati deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi taklif referendumga kiritilgan masala doirasidan chiqib ketadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish kiritishni taqozo etadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq hamda 90-moddasiga amal qilib, saylovchilarning ushbu masala xususidagi fikrlari oʻrganib chiqilsin hamda takliflar Oliy Majlis Kengashiga kiritilsin. Shu maqsadda ilovaga* muvofiq tarkibdagi Komissiya tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Komissiya oʻrganib chiqilgan materiallarni belgilangan tartibda umumlashtirsin va Oliy Majlisga maʼlum qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1995-yil 5-may,
47-I-son
