Muntazam havo qatnovlari toʻgʻrisida
14.07.1994
Oʻzbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston va Shveysariya,
1944-yilning yettinchi dekabrida Chikagoda imzolash uchun ochilgan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaning Tomonlari ekanligini hisobga olib,
havo transporti sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istagida, va muntazam havo qatnovini yoʻlga qoʻyish uchun muhim asos yaratish xohishi bilan,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Shveysariya Federal Kengashi
oʻz vakillarini tayin etdilarkim, ushbuni amalga oshirish uchun tegishli vakolatga ega boʻlgan bu vakillar quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda Atamalar
1. Ushbu Bitim va uning Ilovalari maqsadlari yoʻlida:
a. “Konvensiya” atamasi 1944-yilning yettinchi dekabrida Chikagoda imzolash uchun ochilgan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani anglatadi va unga ushbu Konvensiyaning 90-moddasiga muvofiq kiritilgan har qanday ilovani hamda har ikkala Ahdlashuvchi Tomon oʻsha ilovalar va tuzatishlarni qay darajada qoʻllashiga qarab, Konvensiyaning 90 va 94-moddalariga muvofiq ilovalarga yoki Konvensiyaga kiritilgan har qanday tuzatishni oʻz ichiga oladi;
b. “Aviatsiya maʼmurlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan Fuqaro Aviatsiyasi Bosh direktorini, Shveysariya Konfederatsiyasiga nisbatan esa Fuqaro Aviatsiyasi Federal Tashkilotini, yoki har ikkala Tomonga nisbatan yuqorida uqtirib oʻtilgan maʼmurlar bajaradigan ishlarni amalga oshirish vakolati berilgan har qanday shaxs yoki tashkilotni anglatadi;
c. “Tayinlangan aviakorxona” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimning 6-moddasiga muvofiq shartlashilgan havo yoʻllaridan foydalanish uchun tayinlagan aviatsiya korxonasini anglatadi;
d. “Tarif” atamasi yoʻlovchi, yoʻlovchi yuki va yukni tashish uchun toʻlanadigan qiymatlarni va bu qiymatlar qoʻllaniladigan tartib-qoidalarni anglatadi, u tashuvga doir hujjatlarni sotganlik uchun yoki vakillik uchun qoʻshimcha xizmat va vositachilik haqini oʻz ichiga oladi, biroq pochtani tashiganlik uchun toʻlanadigan kompensatsiya toʻlovi va tartib-qoidalar bundan mustasno.
2. Ilova ushbu Bitimning ajralmas qismini tashkil qiladi. Basharti, boshqa aniq izohot berilmagan boʻlsa, ushbu Bitimga murojaat etilgan barcha hollarda Ilova ham nazarda tutiladi.
2-modda Huquqlar berish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga Ilova jadvalida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha havo yoʻllaridan foydalanish maqsadida ushbu Bitimda belgilangan huquqlarni beradi. Bunday yoʻllar va yoʻnalishlar bundan buyon matnda “shartlashilgan yoʻllar” va “belgilangan yoʻnalishlar” deb ataladi.
2. Ushbu Bitimning qoidalariga muvofiq har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi xalqaro havo yoʻllaridan foydalanish chogʻida:
a. boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidan qoʻnmagan holda uchib oʻtish huquqiga;
b. yuqorida koʻrsatilgan hududda tijoratga taalluqli boʻlmagan maqsadda qoʻnish huquqiga;
c. ushbu Bitimning Ilovasida belgilangan, boshqa Ahdlashuvchi Tomoning hududiga borish yoki undan kelish uchun moʻljallangan yoʻlovchilar, yoʻlovchilar yuki, yuk va pochtani olish yoki uqtirib oʻtilgan hududdagi manzillarda tushirish huquqiga;
d. ushbu Bitim Ilovasida koʻrsatib oʻtilgan uchinchi mamlakatlar hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi manzillarga borish yoki undan kelish uchun moʻljallangan yoʻlovchilar, yoʻlovchi yuki, yuk va pochtani olish yoki tushirish huquqiga;
ega boʻladi.
3. Ushbu moddaning hech qaysi bir qoidasi bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga haq evaziga yoki yollanish yoʻli bilan havo kemasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi bir manzildan ikkinchi manzilga borish uchun moʻljallangan yoʻlovchilar, yoʻlovchi yuki, yuk yoki pochtani olish huquqini beradi deb qaralmasligi lozim.
4. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi qurolli ixtilof, siyosiy tartibsizliklar yoki chiqishlar, favqulodda yoki gʻayrioddiy vaziyatlar oqibatida oʻzininng doimiy yoʻnalishi boʻyicha parvozlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlmasa, ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon tegishli yoʻnalishlarni qayta tashkillash yuli bilan ana shunday yoʻnalishlar boʻyicha havo yoʻllaridan foydalanish uchun oʻzining barcha imkoniyatlarini ishga soladi, bu parvozlarni amalga oshirish uchun zaruriy boʻlgan maʼlum muddatli huquqni berishni oʻz ichiga oladi.
3-modda Huquqlardan foydalanish
1. Tayinlangan aviakorxonalarga Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlari oraligʻida shartlashilgan yoʻllarda havo qatnovini amalga oshirish uchun teng va tegishlicha imkoniyatlar yaratib beriladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi oʻzidan keyin shartlashilgan yoʻllarda havo qatnovini amalga oshirish uchun aynan shu yoʻnalishlar yoki uning maʼlum bir qismidan foydalanayotgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining manfaatlariga noodil ziyon yetkazmaslikni nazarda tutgan holda ish koʻradi.
3. Shartlashilgan qatnovlarning bosh maqsadi aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonning hududi va belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha xizmat koʻrsatilayotgan manzillardagi tashuvga boʻlgan ehtiyojga tegishli boʻlgan hajm bilan taʼminlash boʻlishi lozim.
4. Har bir tayinlangan aviakorxonaning ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon va uchinchi mamlakatlar hududlari oraligʻida xalqaro tashuvlarni amalga oshirishga boʻlgan huquqidan har ikkala Ahdlashuvchi Tomonga maʼqul boʻlgan meʼyoriy rivojlanishning umumiy qoidalariga muvofiq boʻlgan va qoʻllanilishi lozim boʻlgan qoidalarga asoslangan ravishda foydalanish lozim, basharti-ki hajm:
a. aviakorxonani tayinlangan Ahdlashuvchi Tomon hududiga va uning hududidan boʻladigan tashuvlarga boʻlgan ehtiyojga;
b. aviayoʻnalishlar oʻtadigan oʻlkalarning tashuvlarga boʻlgan ehtiyojiga, bunda mahalliy va mintaqaviy havo qatnovlari hisobga olinadi;
c. shartlashilgan yoʻllardagi iqtisodiy parvozlarga boʻlgan ehtiyojga;
muvofiq kelsa.
5. Hech qaysi Ahdlashuvchi Tomon boshqa birining tayinlangan aviakorxonasi parvozlarini, basharti-ki ushbu Bitimning muddatlari yoki Konvensiyada koʻrsatib oʻtilgan shunday alohida qoidalarga muvofiq boʻlmasa, bir tomonlama cheklab qoʻyolmaydi.
4-modda Qonunlar va qoidalarning qoʻllanilishi
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining xalqaro havo navigatsiyasini yoki parvozlarni amalga oshirayotgan havo kemasining oʻz hududiga uchib kelishi yoki undan joʻnab ketishini yoxud bu havo kemasining oʻsha hudud ustidan parvozlarini tartibga soluvchi qonun va qoidalari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining oʻz hududiga yoʻlovchilar, ekipaj, yoʻlovchi yuki, yuk yoki pochta kelishi, unda boʻlib turishi, hamda undan joʻnab ketishini tartibga soluvchi qonun va qoidalari, xususan immigratsiya va muhojirlik, shuningdek bojxona va sanitariyaga taalluqli qoidalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga qarashli havo kemasining uqtirib oʻtilgan hudud doirasida boʻlib turishi vaqtida undagi yoʻlovchilar, ekipaj, yoʻlovchilar yuklari, yuk va pochtaga nisbatan ham qoʻllanadi.
3. Hech qaysi bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddada nazarda tutilgan qonunlar va qoidalarning qoʻllanilishida oʻz aviakorxonasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga nisbatan hech qanday imtiyoz bermaydi.
5-modda Aviatsiya xavfsizligi
1. Xalqaro qonunlardan kelib chiqadigan oʻz huquqlari va majburiyatlariga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlar gʻayriqonuniy aralashuv hatti-harakatlaridan fuqaro aviatsiyasining xavfsizligini taʼminlashga doir bir-birlariga nisbatan zimmaga oladigan oʻzaro majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismi ekanligini tasdiqlaydilar. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro qonunga doir oʻz huquqlari va majburiyatlarining umumiy yoʻnalishlarini cheklamagan holda, 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemalarida sodir etiladigan jinoyatchilik va boshqa harakatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiya, hamda 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi noqonuniy harakatlar bilan kurash haqidagi Konvensiya hamda uning 1988-yil 24-fevralda Monrealda imzolangan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasiga xizmat koʻrsatayotgan Tayyoragohlarda gʻayriqonuniy kuch ishlatish harakatlariga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Koʻshimcha Bayonnomasi qoidalariga, shuningdek Ahdlashuvchi Tomonlarga aloqador boʻlgan fuqaro aviatsiyasiga tegishli boʻlgan boshqa har qanday konvensiya va bayonnomalarga muvofiq ish olib boradilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarining iltimosiga koʻra havo kemasini gʻayriqonuniy tutqun qilishning va havo kemasiga, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalariga xavf tugʻdiruvchi boshqa gʻayriqonuniy hatti-harakatlarning, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid qilishning har qanday koʻrinishi oldini olishda bir-birlariga koʻmak beradilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida oʻzlariga maqbul keladigan darajada Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkiloti tomonidan belgilangan va Konvensiyaga Ilovalar sifatida kiritilgan aviatsiya xavfsizligi tartiblariga muvofiq ish koʻradilar; ular asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining va xalqaro tayyoragohlarning foydalanuvchilaridan aviatsiya xavfsizligining yuqoridagi qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri havo kemasidan foydalanuvchilarga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomon havo kemasi oʻz hududi chegaralariga kirib kelayotganida, undan chiqib ketayotganida yoki unda boʻlib turgan vaqtida ushbu moddaning 3-bandida uqtirilgan qoidalarga rioya etilishi maqsadida zaruriy talablarni qoʻyishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemalarini himoya qilish va yoʻlovchilarni, ekipaj aʼzolarini, yoʻlovchi yuki, yuklar va roʻyxatdagi mulkni ortish va tushirish vaqtida tekshirish uchun oʻz hududi doirasida samarali chora- tadbirlar koʻrilishini taʼminlaydi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlsa, oqilona doiralarda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham hayrihohlik bilan qarab chiqadi.
5. Basharti, fuqaro havo kemasi tutqun qilib olinsa yoki uni tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoki havo kemasi, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalari xavfsizligiga boshqa gʻayriqonuniy hatti-harakatlar bilan tahdid qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar aloqani yengillatish orqali bir-birlariga turlicha koʻmak beradilar va bunday koʻngilsizlik yoki tahdidga jadal, hamda beshikast barham berishning barcha zarur chora-tadbirlarini koʻradilar.
6-modda Tayinlash va parvozga doir ruxsatnoma
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha shartlashilgan yoʻllardan foydalanish maqsadlarida bitta aviakorxonani tayinlash huquqiga ega boʻladi. Bunday tayinlash boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlarini yozma tarzda xabardor etgan holda amalga oshiriladi.
2. Bunday tayinlash toʻgʻrisidagi xabarni olgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 3 va 4-bandlari qoidalariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga parvozlar uchun darhol tegishli ruxsatnoma beradi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasidan u xalqaro havo yoʻllaridan foydalanish chogʻida Chikago Konvensiyasining qoidalariga muvofiq odatda va oqilona tatbiq etiladigan qonunlar va qoidalarda koʻrsatilgan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlovchi dalillarni talab qilishga haqlidir.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish va uning faoliyati ustidan haqiqiy nazorat qilish huquqi aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga, uning tashkilotlari yoki fuqarolariga qarashli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan har qanday holda, boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan parvozlarga ruxsat berishni rad etishi yoki tayinlangan aviakorxona ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanayotganida bajarishi zarur deb hisoblaydigan shartlar ijro etilishini talab qilish huquqiga egadir.
5. Ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan parvozlarga doir ruxsatnomani olgan tayinlangan aviakorxona istalgan vaqtda shartlashilgan yoʻllarda havo qatnovini boshlashi mumkin, bashartiki, ushbu Bitimning 13-moddasi qoidalariga binoan tariflar kuchga kirgan boʻlsa.
7-modda Parvozga doir ruxsatnomalarni bekor qilish yoki amalda toʻxtatib qoʻyish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga berilgan parvozga doir ruxsatnomalarni bekor qilish yoki ushbu Bitimning 2-moddasida uqtirilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish yoki quyida keltirilgan shunday huquqlardan foydalanishda oʻzi zarur deb bilgan shartlar bajarilishini talab qilish huquqiga ega boʻladi, basharti:
a. uqtirib oʻtilgan aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish yoki uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish ushbu aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga tegishli ekanligini isbotlab berolmasa, yoxud
b. uqtirib oʻtilgan aviakorxona huquq bergan Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalariga rioya etmasa yoki jiddiy ravishda ularni buzsa, yoxud
c. uqtirib oʻtilgan aviakorxona shartlashilgan yoʻllarda ushbu Bitim qoidalariga muvofiq parvozlarni amalga oshirolmayotgan boʻlsa.
2. Agar huquqlarni bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki ushbu moddaning 1-bandi shartlari bajarilishini talab qilish qonun va qoidalarning bundan buyon yana buzilishi oldini olish uchun zarur ogohlantirish deb topilmasa, bunday huquqdan Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi maslahatlashuvlardan soʻnggina foydalanilishi mumkin.
8-modda Guvohnoma va ruxsatnomalarni eʼtirof etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri bergan yoki haqiqiy deb topgan havo kemasining parvozga yaroqli ekanligi haqidagi guvohnomalar va ruxsatnomalarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon ham ana shu hujjatlar amalda boʻlgan vaqtida haqiqiy deb eʼtirof etadi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon parvozlarni amalga oshirish maqsadida oʻzining hududi ustidan parvozlar vaqtida oʻz fuqarolariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon yoki har qanday boshqa Davlat bergan vakolat shahodatnomalari va ruxsatnomalarni haqiqiy deb eʼtirof etishni rad qilish huquqini saqlab qoladi.
9-modda Soliq va bojlardan ozod qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasiga qarashli xalqaro havo yoʻllarida foydalanilayotgan havo kemalari, shuningdek, shu kemadagi zaruriy jihozlar, yoqilgʻi zaxiralari va moylash ashyolari, bortda tashiladigan oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va tamaki mahsulotlarini oʻz ichiga olgan holda bort zaxiralari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga kelgan vaqtdan toki qaytib ketgunga qadar havo kemasi ichida qolsa, barcha bojxona bojlari yoki soliqlardan ozod qilinadi.
2. Koʻrsatilgan xizmat uchun olinadigan yigʻimlardan tashqari xuddi shunday soliqlar va yigʻimlardan quyidagilar ham ozod qilinadi:
a. bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida uning maʼmuriyati belgilagan meʼyorlar chegarasida va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi xalqaro havo yoʻllarida parvozlarni amalga oshiradigan havo kemasi tomonidan kemaga olingan va bortda foydalanish uchun moʻljallangan havo kemasi zaxiralari;
b. bir Ahdlashuvchi Tomon hududiga xalqaro havo yoʻllarida foydalaniladigan havo kemasiga texnika xizmati koʻrsatish yoki uni taʼmirlash uchun keltirilgan ehtiyot qismlar va meʼyordagi bort zaruriy moslamalari;
c. bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi xalqaro havo yoʻllarida foydalanadigan havo kemasida ishlatish uchun moʻljallangan yoqilgʻi va moylash mahsulotlari, hatto bu zaxiralar havo kemasiga olingan joydagi Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi parvozning istalgan qismida ishlatilgan taqdirda ham;
d. bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan ishlatiladigan yoʻnalish yuk varaqalarini, tayinlangan aviakorxonaning tijoriy va parvozga doir maqsadlarda ishlatish uchun moʻljallangan reklama ashyolarini, shuningdek motor moslamalari, material va moslamalarni oʻz ichiga olgan holda zaruriy hujjatlar, yoʻlovchi va yuk tashish jarayonida tayyoragoh hududida ishlatilgan taqdirda.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi foydalanadigan havo kemasidagi meʼyordagi bort moslamalari, shuningdek, materiallar va zaxiralar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida faqatgina shu hududdagi bojxona maʼmurlarining roziligi bilan havo kemasidan tushirilishi mumkin. Bunday hollarda tushirilgan buyumlar qaytib olib chiqib ketilgunga qadar uqtirib oʻtilgan maʼmurlar nazorati ostiga olinishi yoki bojxona qoidalariga muvofiq boshqa joyga koʻchirilgunga qadar saqlanilishi mumkin.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida boshqa aviakorxona yoki aviakorxonalar bilan ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan narsalarni qarzga olsa yoki bir-biriga oʻtkazsa, oʻsha aviakorxona yoki aviakorxonalar shu boshqa Ahdlashuvchi Tomonning soliqlardan ozod qilish huquqidan xuddi shu yoʻsinda foydalanishga haqqi boʻlgan holatlarda ushbu moddada koʻrsatilgan soliqlardan ozod qilish aviakorxona yoki aviakorxonalar uchun tegishli boʻladi.
10-modda Foydalanuvchilardan olinadigan yigʻimlar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining vakolatli organlari tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasidan olinadigan yoki olishga ruxsat etgan yigʻimlar adolatli va oqilona boʻlishi uchun oʻzining barcha imkoniyatini ishga soladi. Bu yigʻimlar mavjud iqtisodiy qonuniyatlarga asoslangan boʻlishi lozim.
2. Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga tayyoragoh, havo navigatsiyasi qulayliklaridan foydalanganlik va boshqa Ahdlashuvchi Tomondan belgilanadigan unga koʻrsatilgan xizmatlar uchun olinadigan yigʻimlar xalqaro yoʻnalishlarda muntazam parvozlarni amalga oshiruvchi oʻz mamlakatining havo kemalari toʻlaydigan yigʻimlardan yuqori boʻlmasligi kerak.
11-modda Tijorat faoliyati
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning hududida tegishli vakillarini ushlab turishga haqlidir. Ushbu vakillarga tijoriy, ishlab chiqaruvchi va texnik xodimlar ham kiradi, ular aviakorxonadan kelgan yoki mahalliy aholi ichidan olingan shaxslardan iborat boʻlishi mumkin.
2. Tijoriy faoliyat jarayonida bahamjihatlik prinsipi qoʻllaniladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tegishli maʼmurlari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining vakolatxonalari oʻz faoliyatini odatiy hol boʻyicha amalga oshirishi uchun barcha zaruriy choralarni koʻrishadi.
3. Xususan, har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga oʻz hududida bevosita yoki aviakorxonaning hohishiga qarab, vakillar orqali aviatashuvlarni sotish bilan shugʻullanish huquqini beradi. Har bir aviakorxona mahalliy valyutaga ham, boshqa mamlakatlarning erkin konvertatsiyalanadigan valyutalariga ham ana shunday tashuvlarni sotishga va har qanday odam bunday tashuvlarni sotib olishga huquqli boʻladi.
12-modda Mablagʻlarni konvertatsiyalash va oʻtkazish
Har bir tayinlangan aviakorxona yoʻlovchilar, yoʻlovchilar yuki, pochta va yuk tashishdan topgan pul mablagʻlarining xarajatlardan ortgan qismini valyuta almashtirishning mavjud boʻlgan rasmiy kursi asosida oʻz vataniga erkin oʻtkazish huquqiga ega boʻladi. Basharti, bunday oʻtkazishlar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi maxsus bitim asosida amalga oshirilsa, ana shu maxsus bitim tatbiq etiladi.
13-modda Tariflar
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga yoki uning hududidan tashishda qoʻllaydigan tariflar barcha tegishli omillarni hisobga olgan holda, jumladan foydalanishga ketadigan xarajatlarga, foydaning oqilona miqdoriga, shuningdek har bir koʻrsatiladigan xizmatning oʻziga xos jihatlariga, xaridorlarning manfaatlari va boshqa aviakorxonalarning tarif mezonlariga asoslanib, oqilona meʼyorlarda belgilanadi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida uqtirib oʻtilgan tariflar imkon qadar har ikkala Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonalarining oʻzaro kelishuviga muvofiq va ana shu yoʻnalishdan toʻliq yoki qisman foydalanayotgan boshqa aviakorxonalar bilan maslahatlashuvlardan soʻng belgilanishi lozim. Tayinlangan aviakorxona bunday kelishuvga imkon qadar takliflarni shakllantiruvchi xalqaro tashkilotning qiymat belgilash jarayonlarini qoʻllash asosida erishishi lozim.
3. Bunday tarzda oʻzaro muvofiqlashtirilgan tariflar ular joriy etilishidan kamida oʻttiz kun oldin har ikkala Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmurlarining tasdigʻiga taqdim etilishi shart. Alohida hollarda bu cheklangan muddat yuqorida uqtirib oʻtilgan maʼmurlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq qisqartirilishi mumkin. Tarif toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma olinganidan keyin oʻn besh kun ichida aviatsiya maʼmurlaridan biri bu tarifga rozi emasliklarini bildirmasalar, bu tarif kuchga kirdi deb hisoblaniladi.
4. Basharti, tayinlangan aviakorxonalar oʻzaro kelisha olmasalar yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan birining aviatsiya maʼmurlari tomonidan tarif tasdiqlanmasa, u holda har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari oʻzaro kelishuv orqali tarif belgilashga harakat qilishlari lozim. Bunday muzokaralar tayinlangan aviakorxonalar taqdim etilgan tariflarga rozi emasliklari aniq boʻlgan yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan birining aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlariga taqdim etilgan tariflarni maʼqullamasliklari toʻgʻrisida maʼlum qilgan kunidan eʼtiboran oʻn besh kun ichida boshlanishi kerak.
5. Basharti, oʻzaro kelishuvga erishilmay qolgan taqdirda oʻrtadagi nizo ushbu Bitimning 17-moddasida koʻrsatilgan jarayonlar buyicha hal etish uchun oshiriladi.
6. Ushbu moddaning qoidalari yoki ushbu Bitimning 17-moddasiga binoan yangi tariflar belgilangunga qadar, biroq bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari tarifga norozi ekanliklarini bildirganlaridan soʻng 12 oydan ortiq boʻlmagan muddat ichida mazkur moddaning qoidalariga muvofiq belgilangan tarif oʻz kuchida qoladi.
7. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari tayinlangan aviakorxonalarning Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari taqdim etgan tariflarni tasdiqlashlari uchun bor kuch-gʻayratlarini ishga soladilar va hech qanday aviakorxona noqonuniy ravishda hech qanday bir tariqa orqali, bevosita yoki bavosita, bunday tariflarni pasaytira olmaydi.
14-modda Jadval taqdim etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmurlari shartlashilgan yoʻllardan foydalanish boshlanishidan kamida oʻttiz kun oldin koʻrib chiqilgan parvozlar jadvalini tasdiq uchun taqdim etadi. Ushbu jarayon kiritiladigan har qanday oʻzgartirishga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. Basharti-ki, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasida tasdiqlangan parvozlar jadvalidan tashqari qoʻshimcha parvozlarni amalga oshirishga istak tugʻilsa mazkur aviakorxona boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlaridan oldindan ruxsat olishi lozim. Bunday talab parvozni amalga oshirishga kamida ikki ish kuni qolganida qoʻyilishi darkor.
15-modda Statistika qoidalari
Har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari oʻzaro iltimoslariga binoan shartlashilgan yoʻllarda tashishga taalluqli davriy statistika maʼlumotlari yoki boshqa shunga oʻxshash axborotlar bilan bir-birlarini taʼminlab turadilar.
16-modda Maslahatlashuvlar
Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri har qanday vaqtda ushbu Bitimning bajarilishi, talqin qilinishi, qoʻllanilishi yoki tuzatishlar masalasi yuzasidan maslahatlar oʻtkazish talabini kiritishi mumkin. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar boshqacha tarzda murosaga kelmasalar, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida oʻtkaziladigan bunday maslahatlashuvlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon yozma ravishda talabni olgan kundan eʼtiboran oltmish kun ichida boshlanishi lozim.
17-modda Nizolarga barham berish
1. Muzokaralar yoki diplomatik vositalar orqali hal qilib boʻlmagan ushbu Bitim yuzasidan tugʻilgan har qanday nizo hohlagan bir Ahdlashuvchi Tomonning talabiga binoan hakamlar hayʼatiga topshiriladi.
2. Bunday hollarda har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan hakamni va ikki hakam uchinchi mamlakat fuqarosi boʻlgan prezidentni saylashadi. Agarda bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hakamini tayinlagan muddatdan soʻng ikki oy ichida ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon oʻz hakamini tayinlay olmasa yoki ikkinchi hakam tayinlagan vaqtdan soʻng bir oy ichida ikki hakam prezidentni tayinlash toʻgʻrisida murosaga kela olmasalar har bir Ahdlashuvchi Tomon Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi Tashkiloti Kengashining prezidentidan zaruriy tayinlashlarni amalga oshirishni talab qilishi mumkin.
3. Hakamlar hayʼati oʻz jarayonini oʻzi belgilaydi va ish jarayonining xarajatlari qiymatini taqsimlash borasida qaror qabul qiladi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu moddani qoʻllash uchun chiqarilgan har qanday qarorni bajarishlari lozim.
18-modda Oʻzgartirishlar kiritish
1. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri ushbu Bitimning qaysidir bir shartini oʻzgartirish lozim deb hisoblasa va taklif Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida kelishilsa, oʻzgartirilgan matn shartli ravishda imzolangan kundan boshlab qoʻllanib turiladi va Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz konstitutsion jarayonlarini toʻliq amalga oshirganliklari toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor etganlaridan soʻng kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitimning Ilovasiga kiritiladigan oʻzgartirishlar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida bevosita kelishilishi lozim. Oʻzgartirishlar oʻzaro kelishilgan kundan eʼtiboran shartli ravishda qoʻllaniladi va Diplomatik Notalar almashilgandan keyin kuchga kiradi.
3. Har ikkala Ahdlashuvchi Tomon ishtirokchi boʻlgan havo transportiga taalluqli yanada umumiyroq koʻp tomonlama konvensiya imzolangani taqdirda ushbu Bitim ana shu konvensiyaning qoidalariga muvofiqlashtiriladi.
19-modda Bitim amal qilishini toʻxtatish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri hohlagan vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimni amalda toʻxtatish istagida ekanligidan yozma ravishda xabardor qilishi mumkin. Bunday xabarnoma bir vaqtning oʻzida Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkilotiga ham yuborilishi lozim.
2. Xabarnoma yuborilgandan keyin boshqa Ahdlashuvchi Tomon uni olgan vaqtidan boshlab oʻn ikki oylik muddatdan soʻng davriy jadvalning oxirida ushbu Bitim amal qilishdan toʻxtaydi, basharti, xabarnoma ikkala Tomonning oʻzaro roziligi bilan uqtirib oʻtilgan muddat tugashidan avval qaytarib olinmasa.
3. Basharti, boshqa Ahdlashuvchi Tomon xabarnoma olgani toʻgʻrisida axborot boʻlmasa, Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkiloti xabarnoma olgan kundan keyin oʻn toʻrt kun oʻtgach boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tasdigʻi olingan hisoblanadi.
20-modda FAXTida roʻyxatga olish
Ushbu Bitim va unga kiritilgan har qanday tuzatishlar Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkilotida roʻyxatga olinishi lozim.
21-modda Bitimning kuchga kirishi
Ushbu Bitim u imzolangan kundan boshlab shartli ravishda qoʻllanib turiladi; u har bir Ahdlashuvchi Tomon xalqaro bitimlarni imzolash va kuchga kiritish toʻgʻrisidagi oʻzining konstitutsion rasmiyatchiliklarini toʻla bajarganligi toʻgʻrisida bir-birini xabardor etgan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbuni tasdiqlab, har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning muxtor vakillari mazkur Bitimni imzoladilar.
1994-yilning 14-iyulida Toshkent shahrida oʻzbek, olmon va ingliz tillarida ikki asl nusxada tuzildi, har uch tildagi matnlar bir xil kuchga ega. Talqin qilish, qoʻllash va bajarilish borasida tafovut kelib chiqsa, ingliz tilidagi matn ustun darajada boʻlib hisoblanadi.
(imzolar)
