Jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
04.09.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
ikkala mamlakat xalqlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va sport aloqalarini rivojlantirishga intilishga amal qilib,
Olimpiya xartiyasi maqsadlari va prinsiplariga sodiqliklarini tasdiqlab,
hamkorlikning quyidagi prinsiplariga amal qilishni maqsadga muvofiq deb hisobladilar:
1-modda Sport jamoalari va delegatsiyalarini oʻzaro almashish
1. Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik yuzasidan maslahatlashish maqsadida sport rahbarlarining oʻzaro uchrashuvlarini tashkil qilishga har tomonlama koʻmaklashadilar.
2. Tomonlar, kelishilgan holda, ikki tomonlama sport aloqalari dasturlarini kelishib olish, shuningdek xalqaro sport muammolari, shu jumladan olimpiya harakati muammolari boʻyicha oʻzaro maslahatlashish maqsadida sport tashkilotlari va federatsiyalari rahbarlari delegatsiyalarini oʻzaro almashishni amalga oshiradilar.
3. Tomonlar bir Tomon jamoalari va sportchilarining boshqa Tomon hududida oʻtkaziladigan musobaqalarda va xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etishiga yordam koʻrsatadilar.
4. Tomonlar qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari, oʻrtoqlik va rasmiy uchrashuvlar oʻtkazish maqsadida sportning har xil turlari boʻyicha jamoalarni oʻzaro almashishga koʻmaklashadilar.
5. Tomonlar ikkala mamlakatda sport masalalariga bagʻishlab oʻtkaziladigan ilmiy seminarlarda ishtirok etadilar.
6. Tomonlar, har ikkala tomonning roziligi bilan, sport turlari boʻyicha murabbiylar va mutaxassislarni oʻzaro almashishga koʻmaklashadilar.
2-modda Jismoniy tarbiya va sport, sport fani va tibbiyoti sohasida axborot, ilmiy ishlar va dasturlarni oʻzaro almashish
1. Tomonlar jismoniy tarbiya va sport, sport fani va tibbiyoti sohasida oʻquv va ilmiy axborot, shuningdek sport oʻrinbosarlari, yuksak mahoratli sportchilarni tayyorlash tajribasini oʻzaro almashish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻradilar.
2. Tomonlar sport klublari, sportchilar, jismoniy tarbiya tizimi xodimlari va ikkala mamlakatning murabbiy-oʻqituvchi xodimlarini tayyorlash markazlari delegatsiyalarini oʻzaro almashishga yordam beradilar.
3. Tomonlar oʻquv yurtlarida turli sport turlari boʻyicha murabbiylar, oʻqituvchilar, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash yoki qayta tayyorlash ishiga yordam koʻrsatadilar.
3-modda Sport uskunalari va buyumlarini oʻzaro almashish
Tomonlar Tomonlarning sport kiyimlari, uskunalari va buyumlariga boʻlgan ehtiyojlarini oʻrganish va qondirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻradilar va shu maqsadda sport tovarlari, uskunalari ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxonalar tashkil etishga va bu tovarlarni sotishga koʻmaklashadilar.
4-modda Xalqaro hamkorlik
Tomonlar xalqaro sport harakatiga aloqador masalalar boʻyicha fikr-mulohazalarni oʻzaro almashadilar va oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtiradilar.
5-modda Sport inshootlari qurish va rekonstruksiya qilishda hamkorlik qilish
Tomonlar mavjud imkoniyatlarni hisobga olib sport inshootlari qurish va rekonstruksiya qilish ishida hamkorlik qiladilar.
6-modda Moliyaviy xarajatlar
1. Sport delegatsiyalari va jamoalarini yuboruvchi Tomon ularning qabul qiluvchi Tomon davlati poytaxtiga borishi va orqaga qaytishi bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlaydi.
2. Qabul qiluvchi Tomon keluvchilarning boʻlishi bilan bogʻliq barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
7-modda Vakil qilingan organlar
1. Quyidagilar ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirishga vakil qilingan organ hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi;
Gruziya Respublikasida — Gruziya Respublikasi sport qoʻmitasi.
2. Vakil qilingan organlar, zaruriyatga qarab, hamkorlik shakllari, yoʻnalishlari va muddatlarini aniqlashtirish uchun qoʻshimcha ishchi protokollarni ishlab chiqadilar.
8-modda Bitimning kuchga kirishi va amal qilish muddati
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yillik muddatga tuziladi.
Agar Tomonlardan biri ushbu Bitimga amal qilish muddati yoki navbatdagi besh yillik davr tugashiga kamida olti oy qolganida unga amal qilishni toʻxtatish istagi toʻgʻrisida yozma ravishda maʼlum qilmasa, Bitimga amal qilish oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzaytiriladi.
1995-yil 4-sentabrda, Toshkent shahrida, oʻzbek, gruzin va rus tillarida ikki nusxada tuzildi. Barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
