Termiz shahrining 2014-yilga budjet parametrlarini tasdiqlash haqida (15-son)
14.01.2014
Surxondaryo viloyati Termiz shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi hamda Surxondaryo viloyat hokimining ushbu mazmunda 2013-yil 31-dekabrdagi 246-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 99-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy Davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asoslanib qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi hamda viloyat hokimining 2013-yil 31-dekabrdagi 246-sonli qarorlari maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. 2014-yil uchun:
Termiz shahar mahalliy budjeti asosiy parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
Termiz shahar mahalliy budjetining daromadlar va xarajatlar hajmlari, maqsadli subvensiyalarning va oʻtkazib beriladigan daromadlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga* muvofiq;
Termiz shahar mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlar tushumlaridan ajratmalar normativlari 3-ilovaga* muvofiq;
Termiz shahar mahalliy budjeti aylanma kassa mablagʻining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari 4-ilovaga* muvofiq;
Termiz shahar mahalliy soliqlar va yigʻimlar stavkalari 5-ilovaga* muvofiq;
Termiz shahar savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga, shuningdek shu sohaga tegishli mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi stavkalari 6-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 6-ilovalar berilmaydi.
3. Shahar hokimligi moliya boʻlimi (B. Xudoyberganov)ga:
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni ularning manbalari kesimida toʻliq va oʻz vaqtida tushishi ustidan toʻliq va sifatli monitoring amalga oshirish;
shahar mahalliy budjetining ijro etilishi jarayonida unga tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha zaxiralarni aniqlashda faol ishtirok etish;
shahar mahalliy budjetining mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan qattiq nazoratni amalga oshirish;
mahalliy budjet ijrosining budjet hisobini yuritish va shahar hokimligiga har chorak yakuni bilan budjet ijrosi boʻyicha hisobotlarni oʻz vaqtida taqdim etish;
mahalliy budjet ijrosi jarayonida hududidan tushadigan barcha soliq va toʻlovlarning toʻliq tushishini taʼminlash maqsadida shaharga beriladigan maqsadli subvensiyalar (daromadlar va xarajatlar oʻrtasidagi vaqtinchalik kassa tafovutlarini qoplash uchun) hajmiga oʻzaro hisob-kitoblar orqali aniqlik kiritib borish topshirilsin.
4. Shahar hududidagi barcha budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar:
muddati oʻtgan debitorlik va kreditorlik qarzlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida tegishli hujjatlarni sudlarga, gʻaznachilik boʻlinmalariga oʻz vaqtida taqdim etsin;
shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishini oʻz vaqtida, toʻliq taʼminlasin.
5. Shahar mahalliy budjetining xarajatlariga va xarajatlari yoyilmasiga oʻzgartirishlar kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksida belgilangan tartibda amalga oshirilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish shahar hokimining oʻrinbosari P. Toshpoʻlatov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim A. SALOHITDINOV
Termiz sh.,
2014-yil 14-yanvar,
15-son
