Termiz shahridagi qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikalar, shuningdek mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (289-son)
28.03.2014
Surxondaryo viloyati Termiz shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2013-yil 2-apreldagi 58-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikani, shuningdek mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami — 2452, 25.04.2013-yil)ga asosan 2014-yilda yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan barcha qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikalar, mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini (keyingi oʻrinlarda Texnikalar deb yuritiladi) majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asoslanib qaror qilaman:
1. Barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va belgilangan tartibda mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish Qishloq xoʻjaligi texnikasi boʻyicha Termiz shahar davlat inspektori tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha texnikalarning 2014-yilda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi taʼminlansin.
2. Shahardagi barcha texnikalarni roʻyxatini shakllantirish hamda texnik koʻrikdan oʻtkazish Qishloq xoʻjaligi texnikasi boʻyicha Termiz shahar davlat inspektori (N. Shaymanov) zimmasiga yuklatilsin.
3. Texnik koʻrikni oʻtkazishda:
barcha texnikalarning texnik holati va jihozlari standart talablariga, yoʻl harakati va texnika xavfsizligi qoidalari hamda normalariga mos kelishi;
texnik koʻrik boshlangunga qadar barcha diagnostika apparatlari tekshirilishi, maxsus texnikalar, harakatlanuvchi taʼmirlash va tuzatish ustaxonalarining jihozlanganligiga alohida eʼtibor qaratilsin.
4. 2014-yilda texnik koʻrikni uyushqoqlik bilan sifatli oʻtkazish, texnikalarning texnik holati, ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etish maqsadida, texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha komissiyaning tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
5. 2014-yil davomida texnikalarning texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun davlat inspektori tomonidan undiriladigan yigʻimlarning stavkalari 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
6. Qishloq xoʻjaligi texnikasi boʻyicha Termiz shahar davlat inspektori (N. Shaymanov)ga 3-ilovaga* asosan tasdiqlangan texnik koʻrikdan oʻtkazish ish rejasini har bir texnikaga mulk huquqi asosida ega shaxslarga (bundan buyon matnda mulkdor deb yuritiladi) yetkazish hamda oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuklatilsin.
* 1 — 3-ilovalar berilmaydi.
7. Shahardagi har bir mulkdor texnik koʻrikdan oʻtkaziladigan texnikalar toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni toʻldirish va texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni texnika doimiy roʻyxatdan oʻtgan joydagi davlat inspektoriga taqdim etishda belgilangan muddatlarga qatʼiy rioya qilsin.
8. Shahardagi barcha traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish texnikalari va traktor tirkamalaridan tushadigan majburiy sugʻurta badalini undirish sugʻurta tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish shahar hokimining birinchi oʻrinbosari P. Usanov zimmasiga yuklatilsin.
10. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Hokim A. SALOHITDINOV
Termiz sh.,
2014-yil 28-mart,
289-son
