Shahar hududida chiqindi narxlarining yangi tariflarini belgilash toʻgʻrisida (147-son)
20.02.2014
Surxondaryo viloyati Termiz shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktabrdagi 239-son “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Termiz shahar hududida qattiq, maishiy-xoʻjalik chiqindilarni toʻplash, tashish va chiqindixonalarda saqlash tariflari ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Shahar tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasi (M. Xayitova), shahar sanitariya epidemiologiya nazorati markazi (X. Pirmatov):
Termiz shahar hududidagi mahalla fuqarolar yigʻinlarida, barcha korxona, tashkilot va muassasalarga chiqindilarni toʻplash, tashish va chiqindixonalarda saqlash xizmatlarini amalga oshirishda qonun hujjatlari, ekologiya meʼyorlari hamda sanitariya qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirsin.
3. Termiz shahar “Obodonlashtirish” boshqarmasi (B. Maxmudov)ga:
shahardagi barcha xonadonlar, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik faoliyatini yuritayotgan subyektlar bilan shartnomalar tuzish hamda koʻrsatilgan xizmatlar toʻlovlarini undirish boʻyicha zarur choralar koʻrilishini taʼminlash topshirilsin.
4. Termiz shahar moliya boʻlimi (B. Xudoyberganov), shahar Davlat soliq inspeksiyasi (D. Daminov), shahar DSNEM (X. Pirmatov), shahar tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasi (M. Xayitova):
shahar hududida yashovchi fuqarolar hamda tashkilot, korxona va muassasalarga qattiq, maishiy-xoʻjalik chiqindilarni toʻplash, tashish va chiqindixonalarda saqlash boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirilishiga amaliy yordam koʻrsatsinlar.
5. Termiz shahar hokimining 2013-yil 1-iyuldagi 719-son “Termiz shahar “Sanitar tozalik” avtokorxonasining chiqindi chiqarish va chiqindi saqlash taʼriflarini tasdiqlash haqida”gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish shahar hokimining birinchi oʻrinbosari P. Usanov zimmasiga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
Hokim A. SALOHITDINOV
Termiz sh.,
2014-yil 20-fevral,
147-son
