Termiz tumanining 2013-yil mahalliy budjeti ijrosi hamda 2014-yil mahalliy budjeti asosiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisida (4-22/110-son)
30.12.2013
Surxondaryo viloyati xalq deputatlari Termiz tumani Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi SQ-399-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ushbu qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti, budjet taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdori belgilanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Termiz tumanining 2014-yil mahalliy budjeti 2014-yilgi daromadlari 14274,4 mln soʻm, xarajatlari 40050,3 mln soʻm va respublika budjetidan olinadigan maqsadli subvensiyalar 25775,9 mln soʻm miqdorida 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
3. Tuman hokimining oʻrinbosari Y. Qarshiyev rahbarligida:
tumanda moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, aholining daromadlari darajasi va turmush farovonligini oshirish hamda iqtisodiyot va aholi daromadlariga tushayotgan soliq yukini yanada kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, yangi korxonalar barpo etish va ishlab chiqarish hajmini oshirish hisobiga soliq bazasini koʻpaytirish choralarini koʻrsinlar;
ijtimoiy sohaga yoʻnaltiriladigan budjet xarajatlarini, shu jumladan taʼlimni rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish xarajatlarini yanada koʻpaytirish yoʻli bilan aholi turmush farovonligini oshirish choralarini roʻyobga chiqarishni davom ettirsinlar;
tumanda ishlab chiqarilayotgan tovarlar va koʻrsatilayotgan xizmatlarning ichki hamda tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida iqtisodiyotda yangi yuqori texnologik korxonalar va ishlab chiqarishlar ildam rivojlantirilishini, ishlab turgan quvvatlarni modernizatsiyalash va texnik yangilash jarayonlarini tezlashtirishga qaratilgan tarkibiy oʻzgartirishlar dasturlarini amalga oshirishni, ishbilarmonlik muhitini hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy barqarorligi davom ettirilishini taʼminlasinlar;
qishloq aholisi uy-joy sharoitlarini tubdan yaxshilash maqsadida qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida xususiy uy-joy qurilishi koʻlamini kengaytirish va sifatini oshirish boʻyicha choralar koʻrsinlar;
budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish va birinchi navbatdagi xarajatlarni mahalliy budjetlardan oʻz vaqtida va toʻliq moliyalashtirilishini taʼminlash boʻyicha ishlarni davom ettirsinlar;
budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlardan maqsadli, manzilli va samarali foydalanilishi ustidan qatʼiy nazoratni oʻrnatsinlar.
4. Tuman mahalliy budjetining 2014-yilga belgilangan asosiy koʻrsatkichlarini tuman budjetidan mablagʻ oluvchi budjet tashkilotlari boʻyicha taqsimlangan budjetni tasdiqlash hamda ularga oʻzgartirishlar kiritish “Budjet tizimi toʻgʻrisida”gi Qonuni talabi asosida amalga oshiriladi.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (Z. Sagizov) hamda tuman hokimining oʻrinbosari (Y. Qarshiyev)larga topshirilsin.
Xalq deputatlari Termiz tumani Kengashi raisi B. XOLNAZAROV
Termiz t.,
2013-yil 30-dekabr,
4-22/110-son
