Qumqoʻrgʻon tumanida aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil qilishni takomillashtirish toʻgʻrisida (922-son)
05.12.2013
Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvardagi 4-son “Respublika aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda viloyat hokimining 2013-yil 29-noyabrdagi 220-son qarori ijrosini taʼminlash, tumanda obodonlashtirish ishlarini tashkil etish va boshqarishni yanada takomillashtirish, shuningdek mahalliy budjetlar xarajatlarini maqbullashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvardagi 4-son “Respublika aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda viloyat hokimining ushbu mazmundagi 2013-yil 29-noyabrdagi 220-son qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga*, uning tuzilmasi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
3. Quyidagilar:
koʻchalar, xiyobonlar, yodgorlik majmualari va umumiy foydalaniladigan boshqa zonalarni koʻkalamzorlashtirish, dov-daraxtlarni parvarish qilish boʻyicha agrotexnika tadbirlarini oʻtkazish, ularning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish;
yoʻl-koʻprik xoʻjaligini (koʻchalar, yoʻlaklar qatnov qismining yoʻl qoplamasi, bekat koʻtarmalari, yer osti oʻtish joylari, koʻpriklar, transport chorrahalari va yoʻl oʻtkazgichlar, yon bordyurlar, suv chiqarib yuborish tarmoqlari va boshqa sunʼiy inshootlar) saqlash, mukammal va joriy taʼmirlash;
xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini saqlash, mukammal va joriy taʼmirlash;
drenaj xoʻjaligini (vertikal va gorizontal quduqlar, ochiq va yopiq kollektorlar, sunʼiy havzalar, yer osti va yomgʻir suvlarini haydaydigan nasos stansiyalari) va favvoralarni saqlash, mukammal, joriy taʼmirlash va ulardan foydalanish boʻyicha boshqa ishlar;
elektr energiyasini tejash maqsadida zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarni joriy etgan holda yoʻllar va koʻchalarning tashqi yoritish tarmoqlarini saqlash, mukammal va joriy taʼmirlash hamda ulardan foydalanish boʻyicha boshqa ishlar;
nazoratsiz, shu jumladan egasiz itlar, mushuklar va yirtqich hayvonlarni veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda tutish va davlat veterinariya boʻlimlariga olib kelish;
ekologiya meʼyorlariga, sanitariya qoidalariga hamda boshqa meʼyorlar va qoidalarga muvofiq dafn etish joylari (qabristonlar) va qabr ustiga oʻrnatilgan yodgorliklarni saqlash va ulardan foydalanish;
mavsumiy talablarni hisobga olgan holda obodonlashtirish obyektlarini sanitariya jihatidan tozalash ishlari tuman obodonlashtirish boshqarmasining asosiy vazifalari etib belgilansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari I. Aytemirov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim J. MAMATMOʻMINOV
Qumqoʻrgʻon t.,
2013-yil 5-dekabr,
922-son
