Bojxona ishi sohasidagi munosabatlarning asoslari toʻgʻrisida
04.09.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataladilar,
anʼanaviy doʻstlikni va oʻzaro amaliy munosabatlarni saqlash va mustahkamlash istagini bildirib,
xalqaro huquq meʼyorlari, oʻzaro hurmat va hamjihatlik asosida qurilgan bojxona ishidagi hamkorlikni rivojlantirish istagini bildirib,
iqtisodiyotni rivojlantirishni ragʻbatlantirish va ichki bozorni himoya qilish maqsadida,
kuyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻrtasidagi bojxona ishi sohasidagi hamkorlik Tomonlar oʻrtasidagi erkin savdo haqidagi Bitim tamoyillari asosida quriladi.
2-modda
Mazkur Bitim maqsadlarini amalga oshirish uchun Tomonlar mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar, firmalar oʻrtasidagi bevosita aloqalarni ragʻbatlantirish, bir Tomon fuqarolarining boshqa Tomon hududiga toʻsiqsiz kirib borishlari va oʻtib yurishlarini taʼminlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratadilar.
3-modda
Tomonlar bir-birlarining bojxona ishlari taʼminotini tan oladilar.
4-modda
Mazkur Bitim har qanday Tomonning xalqaro huquq meʼyorlariga, shuningdek uning ichki qonunlariga muvofiq davlat xavfsizligini, iqtisodiy manfaatlarini, jamoat tartibini, aholisining salomatligini yoki maʼnaviyatini, oʻz xalqlarining madaniy-tarixiy merosini himoya etish, kamyob hayvonlar va oʻsimliklarni muhofaza qilish uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlar koʻrishga doir huquqlariga daxl qilmaydi.
5-modda
Tomonlar mazkur Bitimga, xalqaro huquqqa zid keladigan va har ikkala davlat huquqlarini kamsitadigan meʼyoriy hujjatlar qabul qilmaslik majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
6-modda
Tomonlar Bojxona ishi sohasidagi hamkorlik ularning uchinchi mamlakatlar bilan majburiyatlariga xalaqit qilmasdan va ana shu mamlakatlar bilan bojxona munosabatlarining rivojlanishiga toʻsiq boʻlmasdan ravnaq topadi, degan yakdil fikrdadirlar.
7-modda
Mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllanish munosabati bilan vujudga kelishi mumkin boʻlgan bahsli masalalarni bartaraf etish tartibi Tomonlar oʻrtasida tuziladigan alohida bitim bilan belgilanadi.
8-modda
Tomonlar ikki tomonlama bojxona munosabatlarining butun majmui boʻyicha alohida bitimlar tuzishga kelishib oldilar.
9-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning har biriga nisbatan u imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim besh yillik muddatga tuziladi, bu muddat Bitim kuchga kirgan kundan boshlab hisoblanadi va, agar Tomonlardan biri oʻzining Bitimning harakatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi xohish-istagini shunday besh yillik muddatning yakunlanishiga olti oy qolgunigacha yozma shaklda maʼlum qilmasa, u har safar yana navbatdagi besh yillik davrga oʻz-oʻzidan uzaytirilaveradi.
Bitim 1995-yil 4-sentabrda, Toshkent shahrida, ikki nusxada, gruzin, oʻzbek va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitimni talqin qilish maqsadlarida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
