Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik qilish toʻgʻrisida
04.09.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb nomlanadilar,
jinoyatchilik, ayniqsa, uning uyushgan shakllari kuchayib borishi miqyosi va tamoyillaridan tashvishlanayotganliklarini ifodalab,
inson hayotiga, huquqi va erkiga, shaʼni va qadr-qimmatiga tahdid soluvchi kuchlardan ishonchli himoya qilishni, jamiyat va davlat manfaatlarini taʼminlashga intilishdan kelib chiqib,
umumiy ravishda tan olingan inson huquqlari va erkiga rioya qilishda xalqaro hamkorlikka muhim ahamiyat berib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatchilarga haqqoniy jazo berish sohasidagi hujjatlar qoidalarini hisobga olib,
teng huquqlilik va oʻzaro foydali hamkorlik tamoyillaridan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Bitimning qoʻllanish doirasi va subyektlari
1. Tomonlar oʻzlarining vakolatli markaziy organlari orqali ushbu Bitim qoidalariga muvofiq va oʻz davlatlarining qonunchiligi hamda xalqaro majburiyatlariga amal qilib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlikni amalga oshiradilar.
2. Ushbu Bitim jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish va tutib berish masalalariga daxl qilmaydi.
3. Ushbu Bitimning maqsadlari uchun quyidagilar markaziy vakolatli organlar hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Davlat soliq qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Prokuratura, Milliy xavfsizlik xizmati;
Gruziya Respublikasi uchun — Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik vazirligi, Soliq inspeksiyasi, Bojxona departamenti.
4. Tomonlardan har biri oʻzining markaziy vakolatli organlari roʻyxatiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida boshqa Tomonni xabardor qiladi.
5. Markaziy vakolatli organlar ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida bir-birlari bilan bevosita aloqa bogʻlaydilar.
2-modda Hamkorlik yoʻnalishlari
1. Tomonlar jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, bartaraf etish va ochishda, ayniqsa quyidagi qilmishlarda hamkorlik qiladilar:
shaxsning hayoti, sogʻligʻi, erkinligi va qadr-qimmati, shuningdek mulkiga qarshi kuch ishlatib qilinadigan jinoyatlar;
qonunga xilof ravishda qurolli tuzilmalar tashkil etish;
terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya;
qurol-yarogʻlar, oʻq-dorilar, portlovchi va zaharli moddalar, shuningdek radioaktiv ashyolarni gʻayriqonuniy ishlatish;
odamlarni oʻgʻirlash, fohishabozlikdan foydalanish;
giyohvandlik vositalarini va psixotrop moddalarni, shuningdek ularni ishlab chiqarishda foydalaniladigan moddalarni gʻayriqonuniy ishlab chiqarish va ishlatish;
ekologik jinoyatlar;
iqtisodiy, shu jumladan, valyuta boyliklari operatsiyasi bilan gʻayriqonuniy shugʻullanish, gʻayriqonuniy ravishda xalqaro moliyaviy va eksport operatsiyalari bilan shugʻullanish, jinoiy faoliyat bilan topilgan daromadlarni legalizatsiya qilish, soxta pul belgilarini va moliyaviy hujjatlarni, qiymatli qogʻozlarni va naqd pulsiz toʻlov vositalarini yasash va sotish;
kontrabanda;
madaniy va tarixiy boyliklarga jinoiy tajovuzlar;
transportdagi jinoyatlar;
avtotransport vositalarini oʻgʻirlash.
2. Tomonlar jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasiga taalluqli quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ham hamkorlik qiladilar:
transportda va yoʻl harakatida xavfsizlikni taʼminlash;
jinoiy jazolarni oʻtashni tashkil etish;
pasport-viza ishlari, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning kelishi, ketishi, tranzit bilan oʻtishi va turishini nazorat qilish;
qimmatbaho va maxsus yuklarni kuzatib borish va qoʻriqlash;
yongʻin xavfsizligini taʼminlash;
shaxsi nomaʼlum jasadlarning, oʻzi haqida maʼlumot bera olmaydigan bemorlar va bolalarning shaxsini aniqlash;
3. Tomonlar quyidagi sohalar boʻyicha ham hamkorlik qiladilar:
oʻzlarining vakolatli organlari faoliyatni moddiy-texnik jihatdan taʼminlash;
kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
jinoyatchilikka qarshi kurashish manfaatlari yoʻlida, shu jumladan, axborot tizimlari, aloqa vositalari va maxsus texnikani rivojlantirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.
3-modda Hamkorlik qilish shakllari
Ushbu Bitimning 2-moddasi qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlarning markaziy vakolatli organlari, jumladan, quyidagi shakllarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
tayyorlangan va sodir etilgan jinoyatlar va ular bilan bogʻliq boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar va tashkilotlar haqida qiziqish uygʻotadigan axborotlarni oʻzaro almashish;
tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazish toʻgʻrisidagi soʻrovlarni bajarish;
jinoiy javobgarlikdan yoki jazoni oʻtashdan bekinib yurgan, shuningdek bedarak yoʻqolgan shaxslarni izlash;
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning yangi turlari muomalaga gʻayriqonuniy kiritilgan, ularni ishlab chiqarish texnologiyasi va bunda ishlatiladigan moddalar, shuningdek giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni tadqiq qilish hamda aniqlash boʻyicha amalga oshirilgan yangi tadqiqotlar haqidagi axborotlarni oʻzaro almashish;
nomyerlarga yoki maxsus ajralib turuvchi belgiga ega boʻlgan oʻgʻirlangan ashyolar (narsalar), shu jumladan, avtotransport va oʻt ochuvchi qurol, shuningdek nomerli qiymatli qogʻozlar va pasportlarni (shaxsiy guvohnomalarni) qidirish va belgilangan tartibda qaytarib berish;
ish tajribasi almashish, shu jumladan, malaka oshirishlar, maslahatlashuvlar, seminarlar va oʻquv kurslari oʻtkazish;
qonunchilikka oid va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni oʻzaro almashish, oʻquv va uslubiy adabiyotlarni sotib olishda yordam koʻrsatish;
oʻzaro manfaatli muammolar boʻyicha qoʻshma ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish;
oʻzaro foydalilik asosida ilmiy-texnikaviy adabiyotlar va axborotlar almashish.
4-modda Yordam koʻrsatish haqida soʻrovlar
1. Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik Tomonlar vakolatli organlarining yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovlari asosida amalga oshiriladi.
2. Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov yozma holda yuboriladi. Shoshilinch holatlarda soʻrovlar ogʻzaki berilishi ham mumkin, lekin ular yetti kundan kechikmay yozma ravishda tasdiqlanishi kerak.
Soʻrovning haqqoniyligiga yoki yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovning mazmuniga shubha tugʻilganda uni tasdiqlashni soʻrash mumkin.
3. Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov quyidagilardan iborat boʻlish kerak:
a) yordam koʻrsatishni soʻrayotgan vakolatli organning va soʻrov yuborilayotgan organning nomi;
b) ishning mohiyati bayoni;
v) soʻrovning maqsadi va asoslanganligini koʻrsatish;
g) soʻralgan yordamning mazmuni.
4. Zarur va mumkin boʻlgan darajada soʻrovda quyidagilar ham boʻlishi kerak:
a) ishga aloqador shaxsning fuqaroligi, ismi va familiyasi, laqabi, tugʻilgan joyi va vaqti, mashgʻuloti, turar joyi va oʻrnashgan manzili;
b) ishga aloqador firma va tashkilotlarning nomi va manzili;
v) qilmish yoxud hodisaning bayoni, jinoiy ishlar boʻyicha esa — soʻrov joʻnatayotgan Tomonning davlat qonunchiligiga muvofiq qilmishning kvalifikatsiyasi va qoʻllaniladigan qonunning matni;
g) javob olinishi kerak boʻlgan savollar roʻyxati;
d) soʻrov bajarilayotganda amal qilinishi zarur boʻlgan maxsus tartib bayoni va bu zaruriyatning asoslanganligi;
e) soʻrovni bajarishni osonlashtirish uchun foydali boʻlgan boshqa har qanday axborot.
5. Yozma shaklda berilgan yoki tasdiqlangan yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov soʻrov soʻrayotgan vakolatli organning rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
5-modda Yordam koʻrsatishni rad etish
1. Agar soʻrov olgan Tomon soʻrovni bajarish uning davlat manfaatlariga zarar yetkazadi yoki qonunchiligiga yoxud xalqaro majburiyatlariga zid keladi, deb hisoblasa, u ushbu Bitim doirasida yordam koʻrsatishni toʻliq yoki qisman rad etishi mumkin.
2. Agar soʻrov yuborilishiga sabab boʻlgan qilmish soʻrovni qabul qilgan Tomon davlatining amaldagi qonunchiligi boʻyicha jinoyat hisoblanmasa, yordam koʻrsatish rad etilishi mumkin.
3. Soʻrovni bajarishni rad etish haqidagi qarorga kelingan hollarda soʻrov yuborgan Tomon bu haqda rad etishning sababi koʻrsatilgan holda yozma ravishda xabardor qilinadi.
6-modda Soʻrovni bajarish
1. Agar soʻrovni bajarish soʻrov olgan organning vakolatiga kirmasa, mazkur organ uni darhol vakolatli organga joʻnatadi va bu haqda soʻrov yuborgan Tomonni xabardor qiladi.
2. Zarurat tugʻilganda soʻrov olgan Tomon, uning fikriga koʻra, soʻrovni bajarish uchun zarur boʻladigan maʼlumotlarni soʻrashga haqlidir.
3. Soʻrov olgan Tomonning markaziy vakolatli organlari soʻrovni tez, imkoni boricha toʻla va sifatliroq bajarish uchun barcha zarur choralarni koʻradi.
Soʻrovning bajarilishiga toʻsqinlik qiladigan yoki bajarishni jiddiy kechiktiruvchi vaziyatlar mavjud boʻlganda, bu haqda soʻrov yuborgan vakolatli organ darhol xabardor qilinadi.
4. Soʻrovni bajarishda soʻrov olgan Tomon davlatining qonunchiligi qoʻllaniladi, biroq bu agar soʻrov olgan Tomon davlatining qonunchiligiga yoki uning xalqaro majburiyatlariga zid kelmasa, soʻrov yuborgan Tomonning iltimosiga koʻra, uning davlati qonunchiligi qoʻllanishi mumkin.
5. Agar soʻrov olgan Tomonning vakolatli organi, soʻrovni bajarish oʻz davlatida amalga oshirilayotgan jinoyat qidiruv yoki boshqa ishlarga xalaqit beradi, deb hisoblasa, u soʻrovni bajarishni kechiktirishi yoki uning bajarilishini soʻrov yuborgan Tomonning markaziy vakolatli organi bilan maslahatlashuv oʻtkazganidan keyin oʻrtaga zaruriy deb qoʻyilgan shartlarga rioya qilish bilan aloqador qilib qoʻyishi mumkin. Agar soʻrov yuborgan Tomon shunday shartlarda yordamni qabul qilsa, u mazkur shartlarga amal qilishi kerak.
6. Soʻrov olgan Tomon soʻrov yuborgan Tomonning vakolatli organi iltimos qilganda soʻrov va uning mazmunini sir tutishni taʼminlash uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻradi. Soʻrovni sir tutgan holda bajarishning imkoni boʻlmaganda, soʻrov olgan Tomonning vakolatli organi bu haqda soʻrov yuborgan Tomonning vakolatli organini xabardor qiladi va u soʻrovni shunday shartda bajarish kerakmi-yoʻqligini hal qiladi.
7. Soʻrov olgan Tomonning vakolatli organi soʻrov yuborgan Tomonning vakolatli organi iltimos qilganda uni soʻrovning bajarilishi qanday borayotganidan xabardor qiladi.
8. Soʻrov olgan Tomonning vakolatli organi soʻrov yuborgan Tomonning vakolatli organini soʻrovning bajarilishi natijalaridan mumkin boʻlgan eng qisqa muddatlarda xabardor qiladi.
7-modda Soʻrovni bajarish natijalaridan foydalanishdagi cheklashlar
1. Soʻrov olgan Tomon soʻrov yuborgan Tomonga soʻrov olgan Tomonning vakolatli organi oldindan kelishib olmasdan ushbu Bitimga muvofiq olingan soʻrovni bajarish natijalaridan soʻrovda koʻrsatilganidan boshqa maqsadlarda foydalanmaslik toʻgʻrisida iltimos bilan murojaat qilishi mumkin. Bunday hollarda soʻrov yuborgan Tomon soʻrovni bajarish natijalaridan foydalanishning koʻrsatilgan cheklashlariga amal qiladi.
2. Soʻrov olgan Tomon soʻrov yuborgan Tomonga ushbu Bitimga muvofiq olingan soʻrovni bajarish natijalarini oshkor qilmaslik yoki ulardan faqat kelishib olingan shartlarda foydalanish toʻgʻrisida iltimos bilan murojaat qilishi mumkin. Agar soʻrov yuborgan Tomon soʻrovni bajarish natijalarini shunday shartlarda qabul qilib olsa, unda u mazkur shartlarga amal qilishga imkoni boricha intilishi kerak.
3. Ushbu modda qoidalari soʻrovni bajarish natijalaridan foydalanishni yoki ularni oshkor etishni, agar soʻrov yuborgan Tomon davlat qonunchiligida shunday harakat qilish majburiyati nazarda tutilgan boʻlsa, istisno qilmaydi. Soʻrov yuborgan Tomon soʻrov olgan Tomonni soʻrov natijalaridan shu tariqa foydalanish va oshkor qilish imkoniyati haqida oldindan xabardor qiladi.
8-modda Nazorat qilinadigan yetkazib berishlar
1. Tomonlar oʻz davlatlari qonunchiligi va oʻz imkoniyatlari doirasida oʻzaro maqbul shartnomalar, shuningdek buyum va moddalarning noqonuniy muomalasida ishtirok etuvchi shaxslarni aniqlash va ularni jinoiy taʼqib qilish maqsadida har qanday uchinchi Tomon bilan tuzilgan bitim va shartnomalar asosida muomalada boʻlishi taqiqlangan buyum va moddalarni nazorat qilinadigan yetkazib berishlar usulidan lozim darajada foydalanishni nazarda tutuvchi zaruriy chora-tadbirlarni koʻradilar.
2. Nazorat qilinadigan yetkazib berishlar usulidan foydalanish haqidagi qarorlar har bir alohida holatda ikkala Tomonning vakolatli organlari tomonidan jamoat xavfsizligi uchun xavfni hisobga olgan holda va zarurat boʻlganda, moliyaviy shartnomalarni va yurisdiksiya boʻyicha Tomonlar erishgan oʻzaro hamfikrlikni inobatga olgan holda qabul qilinadi.
3. Buyum va moddalarni nazorat qilinadigan yetkazib berishlarning gʻayriqonuniy partiyalari erishilgan shartnomalarga muvofiq, shu jumladan, har qanday uchinchi tomon ishtirokida nazorat qilinadi, yuklar ushlab qolinishi va keyingi joʻnatishlarda foydalanish uchun saqlab turilishi yoki olib qolinishi, yoxud ular toʻla yoki qisman almashtirilishi mumkin.
9-modda Jinoiy jarayon qatnashchilarini va boshqa shaxslarni himoya qilish
Tomonlar oʻz davlatlari qonunchiligi asosida, tegishli hollarda, koʻrsatmalari va harakatlari uyushgan jinoiy guruhlarning jinoiy faoliyatining oldini olish yo toʻxtatib qolish yoxud jinoiy ishlarni tergov qilish yoki sudda koʻrish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan yoxud ega boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar, zarurat boʻlganda, ularning yaqin qarindoshlari xavfsizligini taʼminlash uchun oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
10-modda Markaziy vakolatli organlar oʻrtasidagi bitimlar
Mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida Tomonlarning manfaatdor markaziy vakolatli organlari idoralararo bitimlar tuzishlari mumkin.
11-modda Xarajatlar
1. Mazkur Bitimni bajarishda Tomonlar vujudga keladigan xarajatlarni, agar har bir muayyan holatda oʻzgacha tartib kelishib olinmasa, mustaqil ravishda oʻz zimmalariga oladilar.
2. Tomonlar zarurat boʻlgan hollarda, jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha muayyan topshiriqlarni hal qilish uchun zarur boʻlgan jihozlar va ashyolar bilan bir-birlariga beminnat yordam berishlari mumkin.
12-modda Tillar
Tomonlarning vakolatli organlari hamkorlikni amalga oshirishda muloqotning ish tili sifatida foydalanish uchun albatta rus tiliga tarjima qilingan holdagi oʻzbek va gruzin tillaridan foydalanadilar.
13-modda Xizmat uchrashuvlari va maslahatlashuvlari
1. Tomonlarning vakillari yoki ularning vakolatli markaziy organlari zarurat boʻlganda mazkur Bitim asosida hamkorlik samaradorligini mustahkamlash va oshirish masalalarini koʻrib chiqish maqsadida amaliy uchrashuvlar va maslahatlashuvlar oʻtkazishlari mumkin.
2. Tomonlar va ularning markaziy vakolatli organlari mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda paydo boʻlishi mumkin boʻlgan barcha bahsli masalalarni maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal qiladilar.
14-modda Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Mazkur Bitim qoidalari Tomonlar davlatlarining ular qatnashchilari boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
15-modda Yakuniy qoidalar
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan birining ikkinchi Tomondan uning Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati haqidagi yozma xabarini olgan kunidan olti oy oʻtgunga qadar amalda boʻladi.
Bitim 1995-yil 4-sentabrda, Toshkent shahrida, har biri oʻzbek, gruzin va rus tillarida, ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matn qoʻllaniladi.
(imzolar)
