Oltinsoy tumanining 2013-yilgi asosiy istiqbol koʻrsatkichlari va mahalliy budjeti parametrlarining ijrosi hamda 2014-yilgi asosiy istiqbol koʻrsatkichlari va mahalliy budjetining parametrlari toʻgʻrisida (22/1-son)
03.01.2014
Surxondaryo viloyati xalq deputatlari Oltinsoy tumani Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi SQ-399-II-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan xalq deputatlari Oltinsoy tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti, budjet taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdori belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oltinsoy tumanining 2014-yil mahalliy budjeti daromadlari, xarajatlari va respublika budjetidan olinadigan maqsadli subvensiyalar miqdori 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
3. Oltinsoy tumani hokimligi:
iqtisodiyotni yanada liberallashtirish yuzasidan iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlashni, aholining daromadlar darajasini va turmush farovonligini oshirishga, ijtimoiy dasturlar ustuvor tarzda moliyalashtirilishini va budjet mablagʻlari iqtisod qilinishini taʼminlasin;
iqtisodiyot va aholi zimmasidagi mahalliy soliq yukini izchillik bilan kamaytirish borasidagi ishlarni davom ettirsin, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ishchanlik faolligini oshirishga, korxonalarning iqtisodiy mustaqilligini, eng avvalo, olingan daromadlarni tasarruf etish masalalaridagi mustaqilligini kengaytirishga koʻmaklashadigan chora-tadbirlar qabul qilinsin;
ijtimoiy sohaga qilinadigan davlat xarajatlarining, shu jumladan taʼlimni rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlanishi xarajatlarini yanada kuchaytirish yoʻli bilan aholi turmush farovonligini oshirish boʻyicha choralarni roʻyobga chiqarishni davom ettirsin;
mamlakatda ishlab chiqarilayotgan tovarlar va koʻrsatilayotgan xizmatlarning ichki hamda tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida iqtisodiyotda yangi yuqori texnologik korxonalar va ishlab chiqarishlar ildam rivojlantirilishini taʼminlashga, ishlab turgan quvvatlarni modernizatsiyalash va texnik yangilash jarayonlarini tezlashtirishga qaratilgan tarkibiy oʻzgartirishlar dasturlarini amalga oshirishni, ishbilarmonlik muhitini hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy barqarorligini tubdan yaxshilashni davom ettirsin;
budjet mablagʻlaridan va budjetdan tashqari mablagʻlarning maqsadli, manzilli va samarali foydalanishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining gʻazna ijrosi tizimini takomillashtirish boʻyicha davlat xaridlari jarayonini tartibga soladigan, davlat xaridlarini joylashtirishda oshkoralikni, ochiq-oydinlikni taʼminlashga hamda raqobat muhitini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan vazifalarning ijrosini soʻzsiz taʼminlasin;
soliq-budjet qonunchiligining mohiyatini, ahamiyatini hamda mexanizmlarini barcha soliq toʻlovchilar va budjetdan mablagʻ oluvchilar eʼtiboriga yetkazish yuzasidan seminarlar hamda boshqa turdagi tushuntirish ishlarini muntazam ravishda olib borishni tashkillashtirsin.
4. Tuman moliya boʻlimi (Z. Xudoynazarova) budjetga toʻlovlar toʻliq undirilishini, xarajatlarning mahalliy budjetlardan oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlasin va budjet mablagʻlaridan samarali foydalanish ustidan qatʼiy va taʼsirchan nazorat oʻrnatsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashi zimmasiga yuklatilsin.
Xalq deputatlari Oltinsoy tumani Kengashi raisi X. SAMATOV
Oltinsoy t.,
2014-yil 3-yanvar,
22/1-son
