Tuman hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalarini 2014-yilda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (746-son)
05.04.2014
Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosini taʼminlash hamda 2014-yilda tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishni uyushqoqlik bilan, sifatli tashkil etilishini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Tumandagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va belgilangan tartibda davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan transport vositalari majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi taʼminlansin.
2. Tumandagi avtobuslar, mikroavtobuslar, avtomobillar, mototsikllar va tirkama ulamalarni (keyingi oʻrinlarda matnda “transport vositalari” deb yuritiladi) davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish tuman IIB YHXG (U. Kenjayev) va tuman Mudofaa ishlari boʻlimi (T. Roʻziyev)lar zimmasiga yuklatilsin.
3. Texnik koʻrikdan oʻtkazishda:
mulkchilik shakli va sigʻimidan qatʼi nazar, yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchi transport vositalarining majburiy texnik koʻrigi:
birinchi marta 1-martdan 30-iyungacha, ikkinchi marta 1-sentabrdan 31-oktabrgacha oʻtkazilishi tashkillashtirilsin.
tumandagi yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 30-iyungacha texnik koʻrikdan oʻtkazilsin;
tuman fuqarolariga tegishli boʻlgan barcha turdagi, shaxsiy transport vositalari 1-yanvardan 31-avgustga qadar texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
4. Yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalari texnik koʻrik uchun muddatidan oldin belgilangan tartibga rioya qilingan xolda taqdim qilinishi mumkin.
5. Texnik koʻrikdan oʻtkazishda:
barcha transport vositalarining texnik holatini tekshirishda ularni tayyorlagan zavod koʻrsatmalariga asosan ishlatish qoida qoʻllanmalariga har bir harakatlanish qismini talabga javob berishi;
korxona va tashkilotlar rahbarlaridan yoʻl harakati qoidalarida koʻrsatilganidek transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlarga asosan texnik soz xolda taʼminlanishini;
maxsus mashinalar, harakatlanuvchi taʼmirlash va tuzatish ustaxonalarining jihozlanganligiga alohida eʼtibor qaratish topshirilsin.
6. 2014-yil davomida texnik koʻrikni uyushqoqlik bilan, sifatli oʻtkazish maqsadida, tuman komissiyasi tuzilsin. Komissiya aʼzolarining tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
7. Tuman IIB YHXG (U. Kenjayev)ga har bir korxona, tashkilot va muassasalarda transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazilishi boʻyicha 2-ilovaga* asosan tasdiqlangan reja jadvalni tashkilotlar rahbarlariga yetkazish hamda oʻz vaqtida bajarilishi taʼminlash.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
Texnik koʻrikni oʻtkazish sharti boʻyicha tegishli tartibda tuman hokimligi yigʻilishi muhokamasiga kiritish topshirilsin.
8. Tumandagi har bir tashkilot, korxona va muassasa rahbarlari hamda shaxsiy avtomashina egalariga:
avtotransport vositalarini texnik pasporti bilan birgalikda texnik koʻrikdan oʻtkazish, ularning texnik jihatdan sozligini taʼminlash va oʻz vaqtida reja jadval asosida koʻrikdan oʻtkazish;
korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga alohida tartib oʻrnatish va xalq xoʻjaligi hisobida boʻlgan ishga yaroqsiz tiklanmaydigan va ishlatilmaydigan mashinalarni hisobdan chiqarish choralarini texnik koʻrikka qadar koʻrib chiqish tavsiya etilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorining 3-bandi talablaridan kelib chiqib, tuman mudofaa ishlari boʻlimi, ichki ishlar boʻlimi transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻz yuqori tashkilotlarining qarori va rejasi asosida amalga oshirishi nazarda tutilsin.
10. Tumanda mototsikllar, tirkama-ulamalar, hamda shaxsiy transport vositalaridan tushadigan majburiy sugʻurta badalini undirish sugʻurta tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishni tuman hokimining birinchi oʻrinbosari I.F. Aytemirov zimmasiga yuklatilsin.
12. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
Hokim J. MAMATMOʻMINOV
Qumqoʻrgʻon t.,
2014-yil 5-aprel,
746-son
