Savdo-iqtisodiy va fan-texnika sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
10.09.1993
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Chexiya Respublikasi Hukumati, quyida “Ahdlashuvchi Tomonlar”, deb atalib,
savdo-iqtisodiy aloqalarni va fan-texnika hamkorligini rivojlantirish va mustahkamlash istagiga asoslanib,
ikkala davlat oʻrtasida teng huquq va oʻzaro foyda prinsiplariga asoslanib, savdo munosabatlarini kengaytirishni maqsad qilib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasi siyosiy va iqtisodiy sistemalaridagi chuqur oʻzgarishlarni hisobga olib,
ikkala davlatning iqtisodiyotlarini dunyo xoʻjaligiga bosqichma-bosqich olib kirishga intilib,
xalqaro huquqqa asoslanib va ikkala davlatning amaldagi qonunchiligi doirasida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala davlatda amalda boʻlgan qonunchilikka asoslanib, uzoq muddatli va mustahkam asosda savdo-iqtisodiy va fan-texnika hamkorligiga, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, firmalar va jamiyatlar (kuyida “subyektlar” deb ataladi) oʻrtasidagi ikki tomonlama tashqi iqtisodiy bevosita aloqalarning rivojlanishiga koʻmaklashadilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlariga import/eksportga tegishli tovarlar, boshqa davlat hududida ishlab chiqilgan yoki boshqa davlat hududiga yoki tovarlar tranzitiga tegishli, boj toʻlovlari va boshqa har qanday yigʻimlar va soliqlarga nisbatan koʻproq qulaylik tartibini yaratib beradilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uchinchi davlat hududida ishlab chiqilgan yoki u yerga yuborilgan qandaydir boshqa bir tovarga beradigan har qanday imtiyoz va qulayliklar boshqa davlat hududida ishlab chiqilgan yoki boshqa davlat hududiga yuborilayotgan xuddi shunday tovarlarga ham toʻliq hajmda qoʻllaniladi.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlardan biri beradigan yoki berishi mumkin boʻlgan imtiyoz va qulayliklar 2 va 3-moddalarga koʻra:
a) chegara chetidagi savdoni rivojlantirish maqsadida chegara chetidagi davlatlarga;
b) bojxona ittifoqi yoki erkin savdo zonasiga yoki iqtisodiy hamkorlik boʻyicha har qanday hududiy uyushmalarga birgalikda kirgan davlatlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa har qanday davlatga beriladiganidan kam boʻlmagan shartlarda bir-birlariga, agar ularning qonunchiligida koʻzda tutilgan boʻlsa, tovarlar eksporti va importiga litsenziya yoki ruxsatnomalar beradilar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz jismoniy va yuridik shaxslari oʻrtasida, vakillar va ishbilarmonlar tashrifi bilan almashish, yarmarka va koʻrgazmalarda ishtirok etish, maʼlumot bilan ayirboshlash kabi bevosita aloqalarni ragʻbatlantiradilar va qulayliklar yaratadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar, har bir davlatda amalda boʻlgan qonunchilikka asoslanib, oʻz davlatlari hududida tashqi iqtisodiy aloqalar subyektlari — kompaniyalar, firmalar, banklar va boshqa tashkilotlarning vakolatxonalarini va filiallarini ochishga koʻmaklashadilar.
7-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz imkoniyatlari doirasida va har bir davlatda amalda boʻlgan qonunchilik asosida ikkala davlat subyektlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ishlab chiqarishdagi, texnik va fan-texnika hamkorligiga koʻmaklashadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar qoʻshma korxonalar va ularning filiallari tuzish, iqtisodning hamma sohalarida bevosita sarmoya qoʻyish, texnologiyalar va “nou-xau” almashishda koʻmaklashish, hamda litsenziya va patentlar almashish kabilarda hamkorlikning perspektiv imkoniyatlari borligini tasdiqladilar:
qishloq xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish, saqlash va transportirovka qilish;
mashinasozlik;
tekstil ishlab chiqarish;
yengil sanoat, oliy navli va raqobatgir mahsulotlarni oʻz ichiga oladi;
mebelʼ ishlab chiqarish;
sogʻliqni saqlash, farmatsevtika va meditsina sanoati;
binokorlik sanoati, binokorlik materiallari va uskunalar ishlab chiqarishni oʻz ichiga oladi;
aloqa vositalarining rivojlanishi;
atrof muhitni muhofaza qilish;
ishlab chiqarish, bank, moliya va marketing xizmatlarini koʻrsatish;
ishlab chiqarish, statistik, huquqiy va boshqa xaraktyerga ega maʼlumotlar, hujjatlar va materiallar bilan almashish.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar iqtisodiy foydali va ekologik xavfsiz infrastruktura tizimini tuzish zarurligidan kelib chiqib, energetika, yoʻl qurilishi, transport sistemasi, telekommunikatsiya va suv xoʻjaligi sohasida hamkorlikka alohida eʼtibor berishga kelishib oldilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlar, bunda hamkorlikning hamma sohalaridagi loyihalar dunyo ekologiya standartlariga javob beruvchi ilgʻor texnologiyalarga asoslanib amalga oshirish haqida shartlashib oldilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala davlatdagi bozor iqtisodiy munosabatlarining rivojlanishini hisobga olib, har ikki davlatning amaldagi qonunlariga muvofiq, sarmoyaning harakati uchun shart-sharoit yaratish, muhim proyektlarni amalga oshirish uchun ikki davlatning sarmoyalarini birlashtirish, ikki davlat subyektlarining erkin iqtisodiy zonalarni va xususiylashtirish jarayonini rivojlantirishda oʻzaro qiziqishlarini tasdiqlaydilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar sarmoya qoʻyishni qoʻllash va himoya qilishni, ikki tomonlama soliq. solishning oldini olishni oʻz ichiga olgan holda, oʻzaro ishbilarmonlik faoliyatining rivojlanishiga qulay sharoitlar yaratadilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, turizm ikki tomonlama tashqi iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishga salmoqli hissa qoʻshishda hamjihatdirlar va ular amaldagi qonunchilik doirasida va umumtan olingan xalqaro normalar va qoidalar asosida uning rivojlanishiga koʻmaklashadilar.
Turizm sohasida iqtisodiy va texnik hamkorlik, hamda tegishli infrastrukturaning rivojlanishi tabiatni muhofaza qilish prinsiplari va turizmni sifatli darajada tashkil qilish asosida amalga oshiriladi.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, ikki tomonlama aloqalarda kichik va oʻrta korxonalarning koʻproq aktivligi foydaliligini va zarurligini hisobga olib, ikkala davlatning amaldagi qonunchiligi doirasida, oʻrtalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun mumkin qadar qulay huquqiy, tashkiliy va boshqa sharoitlarni yaratishda bir-birlariga koʻmaklashadilar.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, avvalo tashqi savdo, iqtisodni boshqaruv, kichik ishbilarmonlik, bank, sugʻurta va moliya ishlari sohasida mutaxassislar va menedjyerlarni imkoniyatlari doirasida tayyorlashda birga harakat qiladilar.
12-modda
Tovarlar va xizmatlarning importi va eksporti dunyo baholarida, har bir davlatda va xalqaro savdo praktikasida amaldagi qonunchilikka asoslanib, ikkala davlatning jismoniy yuridik shaxslari oʻrtasida kontraktlar asosida amalga oshiriladi.
Ushbu Bitimdagi hisob-kitoblar xalqaro bank praktikasida koʻzda tutilgan har qanday formada amalga oshiriladi.
Ikkala davlatning tegishli banklari ikkala davlat subyektlari oʻrtasida hisob-kitob tartibi haqidagi tegishli Bitimni imzolashlari mumkin.
13-modda
Ikkala davlat subyektlari oʻrtasidagi tijoriy va notijoriy hamma hisob-kitoblar erkin muomaladagi valyutada amalga oshiriladi.
14-modda
Ikkala davlatning yuridik va jismoniy shaxslari ikkala davlatning amaldagi qonunchiligiga muvofiq tovarlarga xizmatlarni bir davlatdan ikkinchisiga qarama-qarshi savdo, lizing, auksion yoki hamkorlikning ishbilarmonlik kabi har qanday formasida import va eksport qilishlari mumkin.
15-modda
Ushbu Bitimning amal qilishi yoki zarur boʻlgan tartibga solinishi va bajarilishini koʻrib chiqish uchun Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillari biror bir Ahdlashuvchi Tomonning iltimosi bilan oʻz davlatlarida navbati bilan uchrashadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar tegishli organlar darajasida oʻz iqtisodlari uchun birlamchi ehtiyojlari uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan tovarlar va xizmatlar bilan oʻzaro taʼminlashni koʻrib chiqish imkonini mustasno qilmaydilar.
16-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz korxonalaridagi soxalarni birinchi navbatda muzokaralar yoʻli bilan doʻstlarcha hal qilishni tavsiya qiladilar.
2. Ikkala davlatning amaldagi qonunchiligi asosida va korxonalar oʻrtasidagi kontraktlardagi bitimlarga asosan Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala davlat subyektlari oʻrtasidagi baholi masalalarni tartibga solish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasi (YuNSITRAL) ishlab chiqqan arbitraj qonunlari asosida arbitrajni qoʻllashni tavsiya qiladilar va Tomonlardan birining arbitraj organlari yoki chet el arbitraj qoidalarini tan olish va bajarishni taʼminlash Konvensiyasi qatnashchilari (Nyu-York, 1958-yil) davlatlardan birining arbitrajini oʻzaro kelishuv asosida jalb qiladilar.
17-modda
Ushbu Bitim imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi va bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni kelayotgan yil boshidan b oy oldin Bitimning harakatini toʻxtatilishi haqida yozma ravishda istagini bildirmaguncha davom etadi.
Ushbu Bitimning shartlari va muddatlari Bitim harakati davrida tuzilgan va uning harakati toʻxtagan vaqtgacha bajarilmagan kontraktlarga qoʻllaniladi.
Ushbu Bitimga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar ikkala Tomonning kelishuvi asosida kiritiladi.
Ushbu Bitim imzolangandan soʻng 1992-yil 12-may kuni Toshkentda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Chexiya va Slovakiya Federativ Respublikalari Hukumati oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va fan-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim” Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasiga nisbatan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Toshkent shahrida 1993-yil 10-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, chex va rus tillarida imzolandi, uchchala matn bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimning matnlarini talqin etishda kelishmovchiliklar tugʻilganda, rus tilidagi matn asos boʻladi.
(imzolar)
