Oʻrtachirchiq tumanining 2014-yilgi mahalliy budjeti parametrlari toʻgʻrisida (46-son)
28.01.2014
Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining 2013-yil 14-noyabrdagi 770-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 5-dekabrdagi SQ-399-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 52-son, 690-modda) va Toshkent viloyati xokimining 2013-yil 30-dekabrdagi 297-sonli “Toshkent viloyatining 2014-yilgi mahalliy budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi hamda Xalq deputatlari Oʻrtachirchiq tumani Kengashining 2013-yil 31-dekabrdagi 23/1-sonli “Oʻrtachirchiq tumanining 2014-yilgi mahalliy budjeti toʻgʻrisida”gi qarorlariga asoslangan holda qaror qilaman:
1. Toshkent viloyati hokimining 2013-yil 30-dekabrdagi 297-sonli “Toshkent viloyatining 2014-yilgi mahalliy budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
Ushbu qarorga asosan:
2. 2014-yil tuman hududida:
Tumanning 2014-yilgi mahalliy budjeti asosiy parametrlari mazkur qarorning 1-ilovasiga* muvofiq;
yuridik shaxsni tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadigan jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkorlar)dan olinadigan qatʼiy belgilangan soliq stavkalari mazkur qarorning 2-ilovaciga* muvofiq;
yuridik va jismoniy shaxslardan tadbirkorlik faoliyati ayrim turlari boʻyicha olinadigan qatʼiy belgilangan soliq stavkalari mazkur qarorning 3-ilovaciga* muvofiq;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari mazkur qarorning 4-ilovasiga* muvofiq;
jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi mazkur qarorning 5-ilovasiga* muvofiq;
mahalliy soliqlar va yigʻimlarning chegaralangan stavkalari mazkur qarorning 6-ilovasiga* muvofiq;
tuman hududidagi yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun yer soligʻi stavkalari mazkur qarorning 7-ilovasiga* muvofiq;
tuman mahalliy budjetining 2014-yilga belgilangan daromadlar va xarajatlar miqdori mazkur qarorning 8-ilovasiga* muvofiq;
tuman boʻyicha 2014-yilda umumdavlat soliqlaridan kutilayotgan tushumlarning mahalliy budjetlarga ajratmalarining meʼyori mazkur qarorning 9-ilovasiga* muvofiq;
tuman boʻyicha 2014-yilga tuman mahalliy budjetining aylanma kassa mablagʻlarining eng kam miqdori mazkur qarorning 10-ilovasiga* muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining 2007-yil 29-sentabrdagi 258-sonli buyrugʻining 11-bandiga asosan tumandagi xalq taʼlimi tizimida ishlovchi hovli supuruvchilarga belgilangan meʼyori 11-ilovaga* muvofiq belgilansin;
* 1—11-ilovalar berilmaydi.
3. Oʻrtachirchiq tumani mahalliy budjetini 2014-yil uchun aniqlashtirilgan asosiy parametrlari quyidagi miqdorlarda tasdiqlansin:
daromadlar 69 541 893.0 ming soʻm;
xarajatlar 69 541 893.0 ming soʻm.
4. Tuman hokimligi Moliya boʻlimiga 2014 moliya yili davomida:
Toshkent viloyati moliya boshqarmasining bildirishnomalari, tuman hokimining qaror va farmoyishlari hamda moliya boshqarmasi bilan kelishilgan taqdimnomalariga muvofiq budjetning daromadlar va xarajatlar qismiga oʻzgartirishlar kiritish;
budjet ssudalari (daromadlar va xarajatlar oʻrtasidagi vaqtinchalik kassa tafovutiga) ajratilishida birinchi navbatdagi xarajatlarini (ish haqi va unga ajratmalar, nafaqalar va ularga tenglashtirilgan toʻlovlarning) mablagʻ bilan soʻzsiz taʼminlanishi zarurligidan kelib chiqqan holda aniqlashtirish huquqi berilsin.
5. Tuman Davlat soliq inspeksiyasiga 2014-yil davomida:
2014-yil uchun belgilangan budjet daromadlarini soliq turlari boʻyicha toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlash yuklatilsin.
6. Tuman hokimining 2012-yil 31-dekabrdagi 1124-sonli “Oʻrtachirchiq tumanining 2013-yilgi mahalliy budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi va 2013-yil 31-dekabrdagi 818-sonli “Oʻrtachirchiq tumanining 2014-yilgi mahalliy budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Sh. Xoshimov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim B. IBRAGIMOV
Toʻytepa sh.,
2014-yil 28-yanvar,
46-son
