Iqtisodiyot tarmoqlarida gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (169-son)
24.06.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Iqtisodiyot tarmoqlarida gazdan foydalanish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Oʻzdavneftgazinspeksiya”, “Oʻzbekneftgaz” MXK manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsinlar.
Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 24-iyun,
169-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-iyundagi 169-son qaroriga ILOVA
Iqtisodiyot tarmoqlarida gazdan foydalanish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasining “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”, “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan va gaz yetkazib beruvchilar va undan foydalanuvchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni belgilaydi.
Gaz yetkazib beruvchilar va undan foydalanuvchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Ushbu Qoidalarni, ularning idoraviy mansubligidan va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, gazni yetkazib beruvchilar va uni isteʼmol qiluvchilar, qurilish-montaj, loyihalash, ishga tushirish-sozlash tashkilotlari tomonidan bajarish uchun majburiy hisoblanadi.
3. Ushbu Qoidalar, gazdan foydalanuvchi uskunalarning (qurilmalarning) hisoblangan jami quvvati 100 kVt.gacha boʻlgan taqdirda, gazdan avtonom holda isitish, issiq suv taʼminoti hamda ovqat tayyorlash uchun turar joylarda va jamoat binolarida maishiy ehtiyojlar uchun foydalanuvchi isteʼmolchilarga tatbiq etilmaydi.
II. Asosiy tushunchalar
4. Ushbu Qoidalarda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
avariya holatlarida gaz yetkazib berish grafiklari — avariya holatlarida yoki magistral va taqsimlash gaz quvurlarining texnologik ish rejimi buzilgan holatlarda, ularni gaz tarmoqlaridan (qisman yoki toʻliq) uzib qoʻyish navbatini hisobga olgan holda, isteʼmolchilarga gaz yetkazib berish grafiklari;
gaz — gaz qazib chiqaruvchi, gaz, neft qazib chiqaruvchilar tomonidan yoki gaz-neft qazib chiqaruvchi tashkilotlar, gazni qayta ishlovchi tashkilotlar, gaz uzatuvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan tabiiy gaz, neft (yoʻldosh) gazi, shuningdek yoqilgʻi yoki xomashyo sifatida foydalanish uchun moʻljallangan neftni qayta ishlash tashkilotlari tomonidan ishlab chiqiladigan yoqilgʻi gazi;
gaz uzatish tashkiloti — gazni qabul qiluvchi, uzatuvchi va isteʼmolchilarga yetkazib beruvchi tashkilot;
gaz taʼminoti tashkiloti — gazni qabul qilishni, taqsimlashni va isteʼmolchilarga yetkazib berishni taʼminlovchi tashkilot;
gazdan foydalanish uskunasi — bugʻqozonlar, ishlab chiqarish pechkalari, utilizatorlar, texnologik liniyalar hamda energiyadan samarali foydalanish va energiyani tejash talablariga javob beradigan hamda gazdan markazlashtirilgan isitish va issiq suv taʼminoti uchun issiqlik energiyasi ishlab chiqarish maqsadida yoqilgʻi sifatida, turli ishlab chiqarishlarning texnologik jarayonlarida gazdan foydalanuvchi boshqa qurilmalar, shuningdek gazdan xomashyo sifatida foydalanuvchi boshqa qurilmalar;
gaz tarmogʻining boʻlinish chegarasi — gazni hisobga olish priborlari oʻrnatiladigan joy ularning balans boʻyicha masʼulligiga koʻra aniqlanadigan gaz uzatish tashkiloti, gaz taʼminoti tashkiloti va isteʼmolchilar oʻrtasida gaz tarmogʻining boʻlinish nuqtasi;
gazni yetkazib berishga shartnoma — unga muvofiq yetkazib beruvchi gazni isteʼmolchiga oʻzining gaz tarmoqlari orqali berish, isteʼmolchi esa qabul qilingan tabiiy gaz uchun toʻlovni amalga oshirish, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan gazni isteʼmol qilish rejimiga rioya etish, oʻzining tasarrufidagi gaz tarmoqlari xavfsizligini hamda gaz isteʼmoli bilan bogʻliq holda oʻzi foydalanadigan priborlar va uskunalarning sozligini taʼminlash majburiyatini oladigan bitim;
yetkazib beruvchi — gazni yetkazib beruvchi gaz mulkdori yoki uning vakolatli shaxsi;
isteʼmolchi — gazni yetkazib beruvchidan sotib oladigan va undan yoqilgʻi yoki xomashyo sifatida foydalanadigan yuridik shaxs. Isteʼmolchilar quyidagi toifalarga boʻlinadi:
strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega isteʼmolchilar toifalariga mansub boʻlmagan asosiy isteʼmolchilar;
uzluksiz faoliyat koʻrsatadigan ishlab chiqarish-texnologik obyektlarga ega boʻlgan, ular uchun gaz yetkazib berish roʻyxati va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlanadigan strategik ahamiyatga ega boʻlgan isteʼmolchilar;
gazning uzluksiz yetkazib berilishini talab qiladigan, ular uchun gaz yetkazib berishning roʻyxati va shartlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aniqlanadigan, oʻz ichiga ijtimoiy soha muassasalarini va budjet tashkilotlarini oladigan ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan isteʼmolchilar;
gazni hisobga olish priborlari — quyidagi bir yoki bir nechta funksiyalarni: gaz sarfini (hajmini), haroratini va bosimini oʻlchashni; priborlarning ishlash vaqtini hisobga olishni; oʻlchanadigan koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi axborotlarni toʻplash, saqlash va aks ettirishni bajarish uchun moʻljallangan oʻlchov texnikasi vositalari;
ishga tushirish-sozlash ishlari — gazdan foydalanish uskunasini kommunikatsiyalar va armaturalar bilan ishlashga tayyorlashni va ishga tushirishni, gazdan foydalanish uskunasi yuklamasini gazdan foydalanish uskunalari egasi boʻlgan tashkilot bilan kelishilgan darajagacha yetkazishdan, shuningdek foydali ish koeffitsiyentini maqbullashtirmasdan gazdan foydalanish uskunasining isitish rejimini sozlashdan iborat boʻlgan ishlar kompleksi;
hisob-kitob oyi — yilning gaz yetkazib beruvchi va isteʼmolchi oʻrtasida yetkazib berilgan gaz uchun oʻzaro hisob-kitob qilinishi kerak boʻlgan oyi;
rezerv yoqilgʻi — gaz yetkazib berish qisqaradigan yoki toʻxtaydigan davrda foydalanish uchun moʻljallangan yoqilgʻi;
rejimli-sozlash ishlari — ish yuklamalari diapazonida loyihadagi (pasportdagi) foydali ish koeffitsiyentiga erishish maqsadida gazdan foydalanish uskunasini sozlashni, yoqilgʻi yoqish jarayonlarini tartibga solish vositalarini, issiqlikni utilizatsiya qiluvchi va yordamchi uskunalarni sozlashni oʻz ichiga oladigan ishlar kompleksi;
rezerv yoqilgʻi xoʻjaligi — rezerv yoqilgʻini saqlash, uzatish va undan foydalanish uchun moʻljallangan uskunalar va qurilmalar kompleksi;
gaz tarmogʻiga ulanishga qoʻyiladigan texnik shartlar — boshlangʻich ruxsat berish hujjati, unda koʻrsatilgan shartlarga rioya etilgan taqdirda isteʼmolchining gazdan foydalanish uskunasini yetkazib beruvchining gaz tarmoqlariga ulashning texnik imkoniyati mavjud boʻladi va u gazlashtirish loyihasini ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.
III. Tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojni aniqlash
5. Isteʼmolchi joriy yilning 15-iyuligacha boʻlgan muddatda gaz taʼminoti tashkilotiga choraklar boʻyicha (qish davri uchun — oylar boʻyicha) taqsimlagan holda kelgusi yilda gaz isteʼmolining prognoz qilinayotgan hajmi uchun buyurtmanoma beradi.
6. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzbekneftgaz” MXK deb ataladi) tomonidan joriy yilning 1-avgustigacha boʻlgan muddatda kelgusi yil uchun gazni qazib olish, qayta ishlash, uzatish, saqlash va taqsimlashdagi oʻzining gazga boʻlgan ehtiyojlari va texnologik yoʻqotishlar aniqlanadi.
7. Kelgusi yilda gazga boʻlgan ehtiyoj, ishlab chiqariladigan mahsulot (ishlar, xizmatlar) birligi hisobiga texnik va ilmiy asoslangan normalar asosida mahsulot ishlab chiqarishning prognoz qilinayotgan hajmlarini hisobga olgan holda, ikki yillik (har choraklik) amaldagi gaz sarfi va mahsulot ishlab chiqarilishi asosida tegishli hisob-kitoblar bilan asoslangan boʻlishi kerak.
8. Gaz taʼminoti tashkiloti har yili joriy yilning 1-sentabrigacha, choraklar boʻyicha (qish davri uchun — oylar boʻyicha) taqsimlagan holda, (kelgusi yilda yangidan ishga tushiriladigan obyektlar uchun rezerv hajmlarini nazarda tutgan holda) kelgusi yil uchun gazga boʻlgan ehtiyoj prognozini shakllantiradi va keyinchalik “Oʻzbekneftgaz” MXKga taqdim etish uchun “Oʻztransgaz” AKga yuboradi.
9. “Oʻzbekneftgaz” MXK taqdim etilgan buyurtmanomalar asosida, resurs va gaz uzatish imkoniyatlarini, shuningdek ichki tarmoq ehtiyojini va gaz eksporti hajmlarini hisobga olgan holda choraklar boʻyicha (qish davri uchun — oylar boʻyicha) taqsimlagan holda kelgusi yil uchun respublika boʻyicha tabiiy gaz resurslari va ularni taqsimlash balansini tuzadi hamda gaz isteʼmolining prognoz qilinayotgan kelgusi yil uchun respublika boʻyicha tabiiy gaz resurslari va ularni taqsimlash balansi loyihasini tayyorlash uchun joriy yilning 15-sentabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
10. Kelgusi yil uchun respublika boʻyicha tabiiy gaz resurslari va ularni taqsimlashning tasdiqlangan balansiga muvofiq “Oʻzbekneftgaz” MXK “Oʻztransgaz” AKga, keyinchalik ularni gaz taʼminoti tashkilotlariga yuborish uchun, isteʼmolchilarga gaz yetkazib berishning yillik va choraklik (qish davri uchun — oylar boʻyicha) hajmlarini taqdim etadi.
IV. Tashkilotlarni gazlashtirish loyihalarini ishlab chiqishda hujjatlarni rasmiylashtirish
11. Isteʼmolchilar gazdan foydalanish yangi uskunalarini ishga tushirish, ishlatilayotgan quvvatlarni rekonstruksiya qilish yoki texnik jihatdan qayta jihozlashda gaz taʼminoti tashkilotlarining gaz tarmoqlariga ulash toʻgʻrisida qaror qilishda ular bilan belgilangan shakl boʻyicha taqdim etilayotgan hisob-kitoblarga muvofiq gaz yetkazib berishning texnik imkoniyatlarini kelishib oladi.
Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan isteʼmolchiga, resurs va texnik imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, ulanish uchun texnik shartlar beriladi.
12. Isteʼmolchi ulanishga texnik shartlarni (keyingi oʻrinlarda TSh deb ataladi) olish uchun gaz taʼminoti tashkilotiga yuborilayotgan buyurtmanomada tabiiy gazdan foydalanish davrini koʻrsatadi va unga ishlab chiqarish quvvatlarining joylashish rejasini, gazdan foydalanish uskunasining tipi va texnik tavsiflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, rezerv yoqilgʻidan foydalanilishini hisobga olgan holda, gaz isteʼmolining rejalashtirilayotgan hajmlari hisobini ilova qiladi. Ulanish uchun texnik shartlar muddatini uzaytirish va ularni takroran olish uchun ham isteʼmolchi yuqorida sanab oʻtilgan hujjatlarni taqdim etishi zarur.
13. Gaz taʼminoti tashkiloti texnik shartlarning amal qilish muddati uzaytirilgan taqdirda ulanish uchun yangi, takroriy texnik shartlarni toʻlov undirmasdan ariza berilgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida beradi yoki gaz tarmoqlariga ulanish uchun ularni berishni rad etadi.
14. TShni berish rad etilgan taqdirda gaz taʼminoti tashkiloti ariza berilgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida ariza beruvchiga rad etishning asoslari bilan birga yozma xabarnoma yuboradi va taqdim etilgan hujjatlarni qaytaradi.
15. Isteʼmolchi tomonidan ushbu Qoidalarning 12-bandida nazarda tutilgan hujjatlarning toʻliq hajmda taqdim etilmaganligi TShni berishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
16. TSh gazlashtirish loyihasini ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.
17. Gaz quvuriga ulanish uchun texnik shartlarda quyidagilar koʻrsatiladi:
gaz quvuriga ulanish joyi;
gazni hisobga olish priborlarini oʻrnatish joyi;
ulanayotgan gaz quvuridagi gazning eng koʻp soatlik, sutkalik, yillik sarfi va ishlatiladigan bosimi, shuningdek ushbu bosimning oʻzgarish chegaralari;
gaz taqsimlash punkti inshootining zarurligi, gaz taqsimlash punktiga boʻlgan texnik talablar, avtomatika tipi, gaz quvurlari soni va ularning har biridagi gaz bosimi, korroziyadan himoyalash chora-tadbirlari va shu kabilar;
gaz quvurlarini qurish boʻyicha qoʻshimcha ishlar;
gazdan foydalanish uskunasiga va gaz yondirish qurilmalariga qoʻyiladigan talablar (tipi, markasi, soni), texnik talablarga muvofiqlik sertifikatining mavjudligi;
gazni hisobga olishga qoʻyiladigan talablar;
asosiy yoqilgʻi turi sifatida tabiiy gazdan foydalanish davri (oylar boʻyicha);
rezerv yoqilgʻidan foydalanish davrini koʻrsatgan holda, rezerv yoqilgʻi xoʻjaligiga qoʻyiladigan talablar.
TShning amal qilish muddati ular berilgan kundan boshlab 2 yilni tashkil qiladi. Belgilangan muddat oʻtgach isteʼmolchi ulanishga texnik shartlarning amal qilish muddatini uzaytirishi yoki ulanishga yangi TShni olishi shart.
18. TSh talablarini bajarish zimmasiga gazlashtirish loyihasini ishlab chiqish yuklanadigan loyihalash tashkiloti va isteʼmolchilar uchun majburiy hisoblanadi. Texnik shartlardan chekinishga faqat gaz taʼminoti tashkiloti bilan kelishilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
19. Gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan berilgan TShga tegishli oʻzgartirishlar kiritmasdan gazdan foydalanish uskunasi quvvatini koʻpaytirish tomonga oʻzgartirish taqiqlanadi.
20. Yuridik shaxsning maqomi yoki mulk egasi oʻzgargan taqdirda gaz yetkazib berish toʻgʻrisidagi shartnoma yangi isteʼmolchi yoki mulkdor bilan qayta tuziladi. Bunda TShni takroriy rasmiylashtirish talab qilinmaydi.
V. Gaz taʼminotining loyiha-texnik hujjatlariga qoʻyiladigan talablar
21. Gaz taʼminotining loyiha-texnik hujjatlarida quyidagilar mavjud boʻlishi kerak:
tushuntirish xati;
issiqlik-mexanika qismi;
texnologiya qismi;
nazorat-oʻlchov priborlari va avtomatika qismi;
gaz taʼminoti qismi;
rezerv yoqilgʻi xoʻjaligi qismi;
uskunalar va materiallar spetsifikasi qismi;
elektr qismi va boshqalar.
22. Gaz taʼminoti (korxonalarning gazdan foydalanish uskunasi, qurilmalari, uzatish, taqsimlash va ichki sex gaz quvurlari) loyihasi gaz taʼminoti tizimlarini loyihalash boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan litsenziyaga ega boʻlgan loyihalash tashkilotlari tomonidan ishlab chiqiladi.
Loyihalash tashkiloti gaz taʼminoti boʻyicha ishlab chiqilgan loyihaning amaldagi normativ-texnik normalar va qoidalarga muvofiqligi yuzasidan javob beradi.
23. Gaz taʼminotining loyiha-texnik hujjatlarida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
gazdan foydalanish uskunalari va gaz goryelkasi qurilmalarining eng tejamli texnologik sxemalarini, energetikadan samarali foydalanish jarayonlarini va sertifikatlanganlarini qoʻllanish;
isteʼmol qilinayotgan gaz sarfining hisoblangan diapazonida hisobga olishning ishonchliligini taʼminlaydigan, gaz hajmini standart shartlarga keltirish uchun zarur qurilmalar bilan jihozlangan gazni hisobga olish priborlarini qoʻllash;
ikkilamchi energiya resurslaridan iqtisodiy asoslangan va texnik jihatdan mumkin boʻlgan tarzda foydalanish;
xavfsizlik avtomatikasi priborlarining mavjudligi;
issiqlik jarayonlarini avtomatik tarzda tartibga solish va nazorat qilish tizimlarini qoʻllash;
gazning va gazdan foydalangan holda ishlab chiqilgan mahsulotning hisobga olinishini taʼminlash;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot (bajarilayotgan ishlar, xizmatlar) birligiga yoqilgʻi-energetika resurslarining normativ boʻyicha sarflanishi koʻrsatkichlari;
amaldagi loyihalash normalariga muvofiq issiqlik agregatlari va issiqlik quvurlarining qizish yuzasini saqlovchi issiqlik izolatsiyalarini qoʻllash;
gazning yonish mahsulotlari tarkibini va haroratini nazorat qilishni taʼminlash;
binolar va inshootlarning isitiladigan hajmlari, shuningdek obyektlardan gaz quvurlarigacha boʻlgan masofalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
24. Xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, rekonstruksiya qilish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiya qilish va tugatish loyiha hujjatlari belgilangan tartibda sanoat xavfsizligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazilishi kerak.
25. Gaz taʼminotining (korxonalarning gazdan foydalanish uskunasi, qurilmalari, uzatish, taqsimlash va ichki sex gaz quvurlarining) loyiha-texnik hujjatlari texnik shartlar berilgan kundan boshlab 24 oydan kechikmay roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak. Agar ishlar ushbu muddat mobaynida boshlanmasa loyiha takroran kelishilishi kerak.
Loyiha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilgandan keyin isteʼmolchining yozma shakldagi murojaati asosida gaz taʼminotining loyiha-texnik hujjatlari barcha toifadagi isteʼmolchilar uchun tegishli gaz taʼminoti tashkilotida 5 ish kunidan kechikmay roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Agar qurilish roʻyxatdan oʻtkazishning oldingi sanasidan boshlab 24 oy mobaynida boshlanmagan boʻlsa, yoxud ulanishga texnik shartlardan cheklanishning loyihalash jarayonida zarurligi aniqlangan boʻlsa gaz taʼminotining loyiha-texnik hujjatlari gaz taʼminoti tashkilotida qayta roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Gaz taʼminotining loyiha-texnik hujjatlarini roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan taqdirda gaz taʼminoti tashkiloti 5 ish kuni mobaynida isteʼmolchiga, rad etish sabablarini va bartaraf etilishi kerak boʻlgan kamchiliklarni asoslagan holda, tegishli yozma xabarnoma yuboradi.
Gaz taʼminotining loyiha-texnik hujjatlarini roʻyxatdan oʻtkazish toʻlov undirilmasdan amalga oshiriladi.
26. Gaz taʼminoti boʻyicha qurilish-montaj ishlari, tegishli ijro-texnik hujjatlarni tuzgan holda, ushbu ishlarni amalga oshirish uchun litsenziyaga yoki ruxsatnomaga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan korxona tomonidan bajariladi.
27. Gaz taʼminotining mavjud tizimlarini kengaytirish, rekonstruksiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlashda qurilishga va foydalanishga topshirishga talablar yangi qurilish obyektlariga kabi taqdim etilishi kerak.
28. Obyektning gazdan foydalanish uskunasini gaz taʼminoti tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulash qatʼiyan taqiqlanadi.
29. Obyektning gazdan foydalanish uskunasini mavjud gaz taʼminoti tarmoqlariga ulash qoidalari buzilgan taqdirda bunday harakatlarga yoʻl qoʻyishgan shaxslar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq maʼmuriy, intizomiy va jinoiy javobgarlikka tortiladi.
VI. Gazdan foydalanish uskunasida ishga tushirish-sozlash ishlarini hamda rejimli-sozlash ishlarini amalga oshirishga qoʻyiladigan talablar
30. Gaz quvurlari va ulardagi uskunalarda, yangidan qurilgan, rekonstruksiya qilingan yoki texnik jihatdan qayta jihozlanayotgan gazdan foydalanish uskunasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi deb ataladi) ruxsatnomasiga ega boʻlgan sozlash tashkiloti yoki isteʼmolchining sozlash xizmati tomonidan bajariladigan ishga tushirish-sozlash ishlari va rejimli-sozlash ishlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi kerak.
31. Gazdan foydalanish uskunasida ishga tushirish-sozlash ishlarining va rejimli-sozlash ishlarining tuganlanganligi tegishli dalolatnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
Ishlarning natijalari boʻyicha texnik hisobot tuziladi, unda gazdan foydalanish uskunasining turli ish rejimlarida gazdan oqilona foydalanishga, xavfsizlik hamda yoqilgʻini yondirish jarayonlarini avtomatik tarzda tartibga solish priborlari va vositalarini, issiqlikni utilizatsiya qilish va yordamchi uskunalarni hamda bugʻqozonlar uchun suv tayyorlash tizimlari uskunasini sozlashga taʼsir koʻrsatadigan energiya samaradorligining barcha koʻrsatkichlari qayd etiladi.
32. Bajarilgan ishlarning natijalari asosida sozlash tashkiloti isteʼmolchi tomonidan tasdiqlanadigan vaqtinchalik rejim (texnologiya) xaritalarini beradi.
33. Vaqtinchalik rejim (texnologiya) xaritalarining asl nusxalari tashkilotning tegishli boʻlimlarida saqlanadi, ish joylarida esa ularning dublikatlari osib qoʻyilgan boʻlishi kerak.
34. Ishlayotgan gazdan foydalanish va yordamchi uskunada har 3 yilda kamida bir marta, gazdan energiya sifatida foydalanuvchi uskunadan foydalanuvchi tashkilotlarda esa (mukammal va joriy taʼmirlashni oʻtkazish xususiyatini hisobga olgan holda) har 4 yilda bir marta rejimli-sozlash ishlarining quyidagi turlarini oʻtkazish nazarda tutilishi kerak:
gazdan foydalanish uskunasini issiqlik texnikasi (rejim) jihatidan sozlash;
yonish jarayonini nazorat qilish va avtomatik tarzda tartibga solish vositalarini sozlash;
issiqlikni utilizatsiya qiladigan va yordamchi uskunalarni sozlash;
suvni tayyorlash tizimlarini sozlash;
rezerv yonilgʻi xoʻjaligini sozlash;
gaz va rezerv yoqilgʻini birgalikda yondirishda yonish jarayonini sozlash.
35. Gazdan foydalanish uskunasida va yordamchi uskunada rejimli-sozlash ishlari quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:
gazdan foydalanish uskunasini mukammal yoki rejadan tashqari taʼmirlashdan keyin;
gazdan foydalanish samaradorligiga taʼsir koʻrsatadigan konstruktiv oʻzgarishlar kiritilgandan keyin;
gazdan foydalanish uskunasi rejim (texnologiya) xaritalari talablaridan muntazam ravishda chekinilgan holda ishlaganda;
foydalanilayotgan yoqilgʻining turi va tavsiflari oʻzgarganda.
VII. Tashkilotlarning gazdan foydalanish uskunasini foydalanishga qabul qilish
36. Yangidan qurilgan, rekonstruksiya qilingan yoki texnik jihatdan qayta jihozlanayotgan gazdan foydalanish uskunasini, gaz quvurlarini va ulardagi uskunalarni foydalanishga qabul qilish ishlari qabul qilish komissiyasi tomonidan KMK 3.05.02-96 “Gaz taʼminoti. Ishlarni tashkil etish, amalga oshirish va qabul qilish”, ShNK 3.01.04-04 “Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish”ga, shuningdek boshqa amaldagi normativ hujjatlarga va ushbu Qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
37. Qurilgan, rekonstruksiya qilingan yoki texnik jihatdan qayta jihozlanayotgan gazdan foydalanish uskunalarida qurilish-montaj ishlari tugagach ishga tushirish-sozlash ishlari va rejim-sozlash ishlari majburiy ravishda amalga oshiriladi.
38. Ishga tushirish-sozlash ishlari va rejimli-sozlash ishlarini oʻtkazish uchun gaz berish:
a) “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan ishga tushirish-sozlash ishlariga;
b) bir yilda 100 000 kub metr va undan koʻp tabiiy gazdan foydalanadigan yoqilgʻi isteʼmol qiluvchi korxonalarga qurilish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash tugallangach gaz berish va rejimli-sozlash ishlarini oʻtkazish uchun hamda texnologik neft-gaz obyektlariga (qurilmalariga) uskunalarni kompleks sinab koʻrish, rejimli-sozlash ishlari hamda vosita sifatida gazni qoʻllangan holda gaz quvurlarini tozalash ishlari uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish boʻyicha davlat inspeksiyasining tegishli hududiy boʻlinmasi tomonidan beriladigan ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.
39. Gazdan foydalanish uskunasini koʻrikdan oʻtkazish va gaz uzatishga ruxsatnoma berish isteʼmolchining gaz berishga ruxsatnoma olish uchun arizasi tushgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
Obyektni koʻrikdan oʻtkazishda isteʼmolchi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan ruxsatnomalarni, ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarish uchun gaz berishga ruxsatnomani, gazdan foydalanish uskunasidan uzoq vaqt (yoki mavsumiy) xavfsiz foydalanish imkoniyati toʻgʻrisida rejimli-sozlash ishlarini amalga oshirishga “Oʻzdavneftgazinspeksiyasi” tomonidan berilgan ruxsatnomani hamda loyiha va ijro-texnik hujjatlarni taqdim etadi.
Hujjatlar yozma shaklda taqdim etilishi kerak.
40. Gazdan foydalanish uskunasiga “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining va “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning ruxsatnomalarisiz gaz berish taqiqlanadi.
41. “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi va “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning tegishli ruxsatnomalarisiz gaz berilgan holatlarda gazdan foydalanish uskunasiga gaz berish toʻxtatiladi. Gazdan foydalanish uskunasiga gaz berish faqat gaz manbaiga oʻzboshimchalik bilan ulanishda aybdor boʻlgan shaxslarga nisbatan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq choralar koʻrilgandan keyin, shuningdek “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining va “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning tegishli ruxsatnomalari olingandan keyin amalga oshiriladi.
42. Gaz taʼminoti tashkiloti yangidan qurilgan, rekonstruksiya qilingan yoki texnik jihatdan qayta jihozlangan gazdan foydalanish uskunasiga, gaz quvurlari va ulardagi uskunalarga gaz uzatishni ushbu Qoidalarning 39-bandi talablari bajarilgan taqdirda amalga oshiradi.
43. Isteʼmolchida undagi gazdan foydalanish uskunasining loyiha hujjatlariga muvofiq gaz tarmogʻiga ulanishga ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda ishga tushirish-sozlash ishlari va rejimli-sozlash ishlarini amalga oshirish uchun koʻrsatilgan hajm yuzasidan yetkazib beruvchi va isteʼmolchi oʻrtasida gaz yetkazib berishga shartnoma tuziladi.
44. Isteʼmolchi rejimli-sozlash ishlari tugallangach sozlash tashkiloti tomonidan bajarilgan ishlarning sifatini baholash uchun “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning hududiy boʻlinmasiga yozma shaklda murojaat qilishi mumkin. Xatga sozlash tashkilotining texnik hisoboti ilova qilinadi.
Bajarilgan sozlash ishlarining sifati past boʻlgan taqdirda “Oʻzdavneftgazinspeksiya” hududiy boʻlinmalarining koʻrsatmasiga asosan sozlash ishlarini bajargan tashkilot hisobidan gazdan foydalanish uskunasini takroriy sozlash amalga oshiriladi.
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan ruxsatnomalarda ulanayotgan gazdan foydalanish uskunasining turi, soni va ruxsatnomaning amal qilish muddati, “Oʻzdavneftgazinspeksiya” tomonidan berilgan ruxsatnomada esa — ulanayotgan gazdan foydalanish uskunasining turi va soni koʻrsatiladi.
Hujjatlar yozma shaklda taqdim etilishi kerak.
VIII. Tabiiy gazni yetkazib berish va qabul qilish yuzasidan shartnoma tuzish
45. Tabiiy gazni yetkazib berishga va qabul qilish yuzasidan shartnoma ushbu Qoidalarga 2-ilovaga muvofiq namunaviy shartnoma asosida tuziladi.
46. Gaz taʼminoti tashkiloti va isteʼmolchi oʻrtasidagi tabiiy gazni yetkazib berish va qabul qilish yuzasidan namunaviy shartnomada quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
shartnoma mavzusi;
gazni yetkazib berish va qabul qilish tartibi;
tabiiy gaz narxi va hisob-kitoblar tartibi;
gaz yetkazib berishni toʻxtatish va uni uzib qoʻyish tartibi;
taraflarning moddiy javobgarligi;
taraflarning huquqlari va majburiyatlari;
nizolarni hal etish tartibi;
fors-major holatlari;
shartnomaning amal qilishi;
yakuniy qoidalar;
taraflarning bank rekvizitlari va manzili.
47. Barcha toifalardagi isteʼmolchilarga gaz yetkazib berish gaz taʼminoti tashkiloti bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
48. Shartnoma tuzmasdan tabiiy gazni yetkazib berish va qabul qilish taqiqlanadi.
49. Gazni isteʼmolchilarga yetkazib berish ushbu Qoidalarning 7-bandida nazarda tutilgan talablarga muvofiq ularning buyurtmanomalari asosida, davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan isteʼmolchilar uchun esa — budjet mablagʻlari doirasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
50. Tabiiy gazni yetkazib berish va qabul qilish yuzasidan shartnoma 2 nusxada, taraflarning har biri uchun bir nusxadan tuziladi.
51. Tabiiy gazni yetkazib berish va qabul qilish yuzasidan shartnoma gaz tarmoqlariga ulagan holda gaz yetkazib berishga texnik shartlar, gazdan foydalanish uskunasini qurish, montaj qilish, ishga tushirish, sozlash va foydalanishga kiritish boʻyicha loyiha-smeta hamda ijro-texnik hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda tuziladi.
IX. Isteʼmolchilarga gaz yetkazib berish tartibi
52. Gaz yetkazib berish gaz yetkazib beruvchi va isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan gaz yetkazib berish shartnomasi asosida, ushbu Qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
53. Etkazib beruvchi gazni oʻrtacha sutkalik norma doirasida oy mobaynida bir xil miqdorda yetkazib berishi, isteʼmolchi esa uni olishi, isteʼmol qilishning sutkalik normasidan chekinish zarurati boʻlgan holatlarda esa — tomonlar oʻrtasida kelishilgan dispetcherlik grafiklari boʻyicha yetkazib berishi shart.
54. Isteʼmolchi tomonidan gaz taʼminoti tashkilotidan tartibga solinadigan narxlar boʻyicha olingan gazdan faqat ishlab chiqarish maqsadlarida foydalaniladi va u qayta sotilmaydi.
55. Gaz taʼminoti tashkilotining taqdimnomasi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari isteʼmolchilarga gaz yetkazib berish jadvallarini va avariyalar roʻy berishi yoki magistral va taqsimlovchi gaz quvurlari ishida texnologik rejim buzilishlari oqibatida gaz tarmoqlaridan ularni (qisman yoki toʻliq) uzib qoʻyish navbatini tasdiqlaydilar.
Tasdiqlangan avariyalar paytidagi gaz yetkazib berish jadvallari tegishli tashkilotlarga yuboriladi va yetkazib beruvchining obyektlarida, magistral va taqsimlovchi gaz quvurlarida avariya vaziyatlarida gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan amalga kiritiladi.
Avariyalar natijasida yetkazib beruvchilarning obyektlarining, magistral va taqsimlovchi gaz quvurlarining texnologik ish rejimlari buzilgan taqdirda gaz taʼminoti tashkilotlarining dispetcherlik boshqarmalari isteʼmolchilarga koʻrsatib oʻtilgan avariyalar paytidagi grafiklarni amalda joriy etish toʻgʻrisida, isteʼmolchilarga sutkalik gaz yetkazib berish hajmlaridagi tegishli oʻzgarishlar bilan birga koʻrsatmalar beradilar, bundan mahalliy davlat hokimiyati organlarini hamda ommaviy axborot vositalari orqali aholini xabardor qiladilar.
Gaz yetkazib berishning moʻljallanayotgan qisqarishi yoki toʻxtatilishi toʻgʻrisida:
yetkazib beruvchilar gaz uzatish tashkilotini — 2 soat mobaynida;
gaz uzatish tashkiloti gaz taʼminoti tashkilotlarini — 2 soat mobaynida;
gaz taʼminoti tashkilotlari isteʼmolchilarni — 1 soat mobaynida xabardor qilishi kerak.
56. Gaz yetkazib berish shartlari yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar oʻrtasida tuziladigan shartnomalarda nazarda tutiladi.
57. Gazni qazib olish, qayta ishlash, uzatish, taqsimlash va isteʼmol qilish rejimining yagona uzluksiz texnologik jarayonini hisobga olib, yetkazib beruvchining, gaz uzatish va gaz taʼminoti tashkilotlarining koʻrsatmalarini bajarish isteʼmolchilar uchun majburiy hisoblanadi.
X. Etkazib berilgan gaz uchun hisob-kitob qilish tartibi
58. Isteʼmolchi yetkazib berilgan gaz uchun toʻlovni gaz yetkazib berishga tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirishi shart.
59. Gazdan foydalanishda isteʼmolchining aybi bilan gaz yetkazib berishga shartnomada koʻrsatilganidan kam hajmlarda foydalanilgan taqdirda avans tarzida toʻlangan mablagʻlar qaytarilmaydi, koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlar esa kelgusida gazdan foydalanishda hisobga olinadi.
60. Isteʼmolchi (Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-son qaroriga 5-ilovaga kiritilgan “Oʻzbekenergo” DAK korxonalaridan tashqari) tomonidan gaz yetkazib berishga tuzilgan shartnomada belgilanganidan koʻp hajmda va gaz taʼminoti tashkiloti bilan oldindan kelishilmasdan gaz olingan taqdirda isteʼmolchidan shartnomadagi hajmlardan ortiqcha olingan gaz qiymatiga nisbatan 2 koeffitsiyent bilan oshirilgan toʻlov undiriladi.
Bunda isteʼmolchilarga oshirilgan koeffitsent ularning gaz tarmoqlariga ulangan aholi va Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-son qaroriga 5-ilovaga kiritilgan “Oʻzbekenergo” DAK korxonalari tomonidan isteʼmol qilingan tabiiy gaz hajmini hisobga olmasdan qoʻllaniladi.
61. Gaz uchun isteʼmolchida toʻlov muddati oʻtgan qarz mavjud boʻlgan taqdirda uning avans toʻlovi hisobiga oʻtkazilgan mablagʻlari, isteʼmolchini xabardor qilgan holda, toʻlov muddati oʻtgan qarzni toʻlashga yoʻnaltiriladi va avans toʻlovi sifatida hisobga olinmaydi.
62. Vakolatli organ tomonidan gaz uchun amaldagi tariflar (narxlar) oʻzgarishlari toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin ushbu oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan oʻzgarishlarning kuchga kirishidan oldin oʻn besh kundan kechikmay ommaviy-axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Bunda, gaz uchun tariflarning oʻzgargan sanasidan qatʼi nazar, gaz yetkazib berishga shartnoma oʻz kuchida qoladi, isteʼmolchi esa isteʼmol qilingan gaz uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, u kuchga kirgan kundan boshlab yangi tarif boʻyicha toʻlovni amalga oshirishi shart.
63. Toʻlov muddati oʻtgan debitorlik qarzlari boʻlgan isteʼmolchilarni gaz tarmoqlaridan uzish va ularni takroriy ulash boʻyicha xarajatlar isteʼmolchilarning hisobidan qoplanadi.
64. Shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda yetkazib berilgan gaz qiymati oʻz vaqtida toʻlanmagan taqdirda isteʼmolchi yetkazib beruvchiga gaz yetkazib berish yuzasidan shartnomaga muvofiq penya toʻlaydi.
65. Navbatdagi oy (chorak) uchun koʻrsatilgan gaz hajmlari boʻyicha gaz yetkazib berishga shartnomada isteʼmolchining taklifiga koʻra moʻljallanayotgan oʻzgartirishlargacha 10 kundan kechikmay kiritilgan oʻzgartirishlar ortiqcha olingan miqdor deb hisoblanmaydi.
66. Barcha toifadagi isteʼmolchilar hisob-kitob davri boshlangungacha kamida 5 kun oldin tuzilgan shartnomada koʻrsatilgan oylik gaz hajmi qiymatining 100 foizi miqdorida yetkazib beruvchining hisob raqamiga oldindan toʻlovlarni amalga oshirishlari shart.
67. Isteʼmolchilarga gazni oldindan toʻlovsiz berish taqiqlanadi.
68. Oldindan toʻlov summasi oʻtkazilmagan taqdirda barcha asosiy isteʼmolchilarga gaz yetkazib berish amalga oshirilmaydi.
69. Asosiy isteʼmolchilar tomonidan olingan gaz uchun uzil-kesil hisob-kitob qilish hisob-kitob oyidan keyingi oyning 10-kunigacha amalga oshiriladi.
70. Ijtimoiy ahamiyatga va strategik ahamiyatga ega boʻlgan isteʼmolchilar olingan gaz uchun uzil-kesil hisob-kitob qilishni, hisob-kitob oyi tugagandan keyin 30 kun oʻtgungacha amalga oshiradilar.
71. Hisob-kitob oyida yetkazib berilgan gaz hajmi hisobga olish pribori koʻrsatkichlari asosida aniqlanadi va hisob-kitob oyi tugagandan keyin 5 kun mobaynida isteʼmolchi va yetkazib beruvchi oʻrtasidagi gazni yetkazib berish-qabul qilish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Gazni yetkazib berish-qabul qilish dalolatnomasini imzolamaslik yoki uni eʼtirozlar bilan imzolash isteʼmolchini uning uchun gaz yetkazib beruvchi tomonidan belgilangan hajmlarda toʻlovni toʻlashdan ozod qilmaydi. Berilgan yoki qabul qilingan gaz miqdorini aniqlashga rozi boʻlmagan taraf bu toʻgʻrida boshqa tarafga hisob-kitob oyi tugagandan keyingi oyning 10-kunigacha dalolatnomada eʼtiroz sababini albatta koʻrsatish yoʻli bilan maʼlum qiladi. Taraflarning roziligiga erishilmagan taqdirda eʼtirozlar sabablari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
72. Isteʼmolchilardan kelgusida debitorlik qarzlarni undirish yetkazib beruvchi tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
73. Isteʼmolchi tomonidan gazdan foydalanish uskunasi gaz tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulangan taqdirda yetkazib beruvchi uni gaz tarmogʻidan darhol uzib qoʻyadi, isteʼmolchidan esa ruxsatsiz foydalanilgan gaz hajmlari qiymati isteʼmolchi davlat roʻyxatidan rasmiy ravishda oʻtkazilgan kundan boshlab (tegishli tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda) oʻtgan vaqt mobaynida gazdan foydalanish uskunasining sutkaning 24 soatidagi ishlashi hisobidan kelib chiqqan holda yoki daʼvo bildirilgan muddat uchun undiriladi.
Bunda ruxsatsiz foydalanilgan gaz hajmlari qiymatining undirilishi isteʼmolchini qoidani buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikdan ozod qilmaydi.
XI. Gazni hisobga olish tartibi
74. Gazning hisobga olmasdan yetkazib berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
75. Etkazib berilayotgan gaz miqdori gaz tarmoqlarining boʻlinish chegarasida oʻrnatilgan gazni hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha, yetkazib beruvchining gazni hisobga olish priborlari boʻyicha, u mavjud boʻlmagan taqdirda esa — isteʼmolchining gazni hisobga olish priborlari boʻyicha aniqlanadi va ikkala taraf imzolaydigan gazni yetkazib berish — qabul qilish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
Etkazib berilgan gaz uchun hisob-kitob standart shartlarga nisbatan gaz hajmini — kub metrlarda keltirgan holda (GOST 5542-87ning 1.1-bandi va GOST 2939-63 asosida), yaʼni T = 20 oS, R = 760 mm simob ustuni hisobida amalga oshiriladi.
Isteʼmolchida gazning harorati va bosimi boʻyicha avtomatik korreksiyasiz hisobga olish pribori oʻrnatilgan taqdirda yetkazib beruvchining isteʼmolchi bilan oʻzaro hisob-kitob qilishida hisobga olish priborining koʻrsatkichlariga belgilangan tartibda hisoblangan tuzatish koeffitsiyenti qoʻllanadi.
76. Olingan gaz uchun hisob-kitob qilish plombalanmagan gazdan foydalanish uskunasining sutkaning 24 soatida ishlashi hisobidan quyidagi holatlarda:
gazni hisobga olish priborining davlat qiyoslovidan oʻtkazish muddati oʻtganda, bunda tegishli hisob-kitob tekshirish muddati oʻtgan paytdan boshlab qiyoslov oʻtkazilgandan keyin gazni hisobga olish pribori oʻrnatilgan paytgacha amalga oshiriladi;
gazni hisobga olish priborining nosozligi, plombasining butligi buzilganligi, gazni hisobga olish pribori oʻzboshimchalik bilan joyidan olinganligi aniqlanganda, shuningdek isteʼmolchida va yetkazib beruvchida gazni hisobga olish priborlari mavjud boʻlmaganda yetkazib beruvchi vakilining oxirgi marta kelgan kunidan boshlab amalga oshiriladi.
77. Gazni hisobga olish priborlarini montaj qilish, ulardan foydalanish va ularni tekshirish amaldagi normalar va qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
78. Gazni hisobga olish priborlarining texnik holati va tekshirishning oʻz vaqtida oʻtkazishi yuzasidan masʼuliyat gazni hisobga olish pribori oʻzining balansida boʻlgan tashkilotga yuklanadi.
79. Shartnoma taraflaridan har biri gazni hisobga olish priborlarini sutkaning istalgan vaqtida toʻsqinliksiz koʻzdan kechirilishini va tekshirish imkoniyatini taʼminlashi shart.
80. Gazni hisobga olish priborlarini qiyoslovdan oʻtkazish Davlat metrologiya xizmati organlari tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasining “Metrologiya toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
XII. Etkazib beruvchining, isteʼmolchining majburiyatlari va huquqlari
81. Etkazib beruvchi quyidagilarga majbur:
oʻz balansidagi gaz tarmoqlarini soz holatda saqlash va ularni oʻz hisobidan taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish;
oʻz balansidagi gaz tarmoqlarining texnik holatini va ulardagi ruxsatsiz ulanishlarni aniqlash uchun, agar bunday holatlar mavjud boʻlsa, ularni davriy ravishda koʻzdan kechirish;
gaz yetkazib berish qisqargan yoki toʻxtagan taqdirda bu toʻgʻrida isteʼmolchini xabardor qilish;
gazning ruxsatsiz isteʼmol qilinganligi, gaz tarmoqlari moddiy boyliklarining oʻgʻirlanganligi toʻgʻrisida huquqni muhofaza qilish organlarini xabardor qilish;
isteʼmolchiga gaz yetkazib berishni gaz yetkazib berish yuzasidan shartnomada koʻrsatilgan parametrlarda amalga oshirish. Gazni barcha isteʼmolchilarga yetkazib berish uchun resurslar va quvvatlar yetarli boʻlmagan holatlarda gazni isteʼmolchilar oʻrtasida taqsimlashni tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida amalga oshiriladi;
reyestrni Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-avgustdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan vakolatli organlar tomonidan berilgan, ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlar reyestrlarini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq yuritish.
82. Etkazib beruvchi quyidagi huquqlarga ega:
texnik zaruriyatga koʻra ushbu Qoidalarga muvofiq belgilangan tartibda isteʼmolchini xabardor qilgan holda, gaz yetkazib berishni qisqartirish yoki toʻxtatish;
isteʼmolchilarning gaz taʼminoti tarmoqlariga ruxsatsiz ulangani aniqlangan taqdirda ularni gaz tarmogʻidan uzib qoʻyish va ushbu Qoidalar bilan belgilangan sanksiyalarni qoʻllash;
gazni hisobga olish priborlari koʻrsatkichlarini oʻzgartirish, oʻrnatilgan plombalarning butunligini buzish, plombalarni uzish maqsadida gaz sarfini hisobga olish priborlariga tashqaridan taʼsir koʻrsatilgan taqdirda ruxsatsiz ulanish holatidagi kabi ushbu Qoidalar bilan belgilangan sanksiyalarni qoʻllash.
83. Isteʼmolchi quyidagilarga majbur:
gazdan oqilona va samarali foydalanish;
gaz quvurlari va gaz xoʻjaligi uskunasini “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining 2014-yil 22-yanvardagi 13-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Gaz xoʻjaligidan texnik foydalanish qoidalariga hamda ushbu Qoidalarga muvofiq texnik jihatdan soz holatda saqlash;
gaz tarmoqlarida yoki gazdan foydalanish uskunalarida paydo boʻlgan gaz sizib chiqishi toʻgʻrisida gaz taʼminoti tashkilotining dispetcherlik xizmatlarini zudlik bilan xabardor qilish;
oʻzining gaz tarmoqlari daxlsizligini taʼminlash va ehtimoli boʻlgan ruxsatsiz ulanishlarni aniqlash maqsadida ularni va ulardagi uskunalarni muntazam ravishda koʻzdan kechirib chiqish;
gaz taʼminoti loyihasiga va Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq boʻlmagan, sertifikatlanmagan gazdan foydalanish uskunasining gaz taʼminoti tashkilotining gaz bilan taʼminlash tarmogʻiga ulanishiga yoʻl qoʻymaslik;
yetkazib beruvchining vakillarini (tegishli guvohnoma koʻrsatilgan taqdirda) gazni hisobga olish priborlarini va/yoki gazdan foydalanish uskunasini koʻzdan kechirishga sutkaning istalgan vaqtida erkin qoʻyilishini taʼminlash;
gazdan foydalanish uskunasidagi nosozliklarni (bunday turdagi ishlarni bajarish huquqiga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan brigadalar yoki xodim yordamida) bartaraf etish;
gazni hisobga olish priborlari koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularning ishlashiga chetdan aralashmaslik, ularning qasddan buzilishiga yoʻl qoʻymaslik va oʻrnatilgan plombalarning butunligini taʼminlash;
gazni hisobga olish priborlari ishlarining nosozligi aniqlangan taqdirda yetkazib beruvchini yozma shaklda darhol xabardor qilish.
84. Isteʼmolchi quyidagi huquqlarga ega:
yetkazib beruvchidan quyidagilarni:
yetkazib berilgan gazning aniqlangan hajmiga va boshqa parametrlarga norozi boʻlgan taqdirda yetkazib beruvchining gazni hisobga olish priborlari ishlashining ishonchliligini tekshirish uchun komissiya tashkil etishni;
gaz yetkazib berishga shartnoma muddatini uzaytirish yoki bekor qilishni;
shartnomadagi majburiyatlarga rioya etishni;
gaz yetkazib berishni vaqtinchalik toʻxtatishni talab qilish.
Isteʼmolchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
XIII. Gazdan oqilona, xavfsiz foydalanish va uni normalash
85. Gazdan oqilona, samarali va xavfsiz foydalanish yuzasidan davlat nazoratining amalga oshirilishi isteʼmolchilarni foydalanilayotgan gaz xoʻjaliklarining holatini texnik jihatdan nazorat qilish hamda gazdan xavfsiz foydalanish normalari va qoidalariga, gazdan foydalanish uskunasidan gazdan oqilona va samarali foydalanish boʻyicha texnikaviy foydalanish qoidalariga rioya etish boʻyicha javobgarlikdan ozod qilmaydi.
86. Yuridik shaxs tashkil etmasdan yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi (gazdan foydalanish uskunasining belgilangan quvvati 100 kVt.dan koʻp boʻlgan) korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, jismoniy shaxslar ishlab chiqarilayotgan mahsulot (gazdan foydalanilgan holda) yoki bajarilayotgan ishlar (xizmatlar) birligiga natura holida va shartli ravishda hisoblangan gaz sarfining tasdiqlangan normalariga ega boʻlishlari kerak.
87. Ishlab chiqarishning barcha darajalarida gaz sarfini normalash amaldagi normalar va qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
88. Gazdan foydalanish uskunalarini ishlatadigan tashkilotlar ushbu uskuna uchun gaz sarfining individual normalariga ega boʻlishi, ular mavjud boʻlmaganda esa, loyihalash yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni jalb etgan holda, ularning texnikaviy asoslangan normalarini ishlab chiqishi kerak.
89. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-avgustdagi 164-son qarori bilan tasdiqlangan Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini energetika tekshiruvidan va ekspertizadan oʻtkazish qoidalariga muvofiq isteʼmolchilar tashkilotlarni (energoauditorlarni) jalb etgan holda yoqilgʻi-energetika resurslaridan (keyingi oʻrinlarda YoER deb ataladi) oqilona va samarali foydalanish maqsadida energetika tekshiruvini oʻtkazishi kerak.
YoERning yoki ular turlaridan har birining jami isteʼmoli yiliga ikki ming tonnadan ortiq shartli yoqilgʻini tashkil qiladigan YoER isteʼmolchilari energetika tekshiruvlaridan majburiy oʻtkazilishi kerak.
YoERni tekshirishlar natijalari boʻyicha energoauditorlar tomonidan YoERdan foydalanishdagi qoida buzilishlarini bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar hamda texnik imkoniyat mavjud boʻlganda, ikkilamchi energetika resurslaridan foydalangan holda, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlar roʻyxati beriladi.
90. Gaz sarfi normalari isteʼmolchi tomonidan tasdiqlanadi va gazdan samarali va oqilona foydalanilishini hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqilishi, takomillashtirilishi kerak.
91. Yil mobaynida tasdiqlangan normalarni qayta koʻrib chiqish uskunalar almashtirilgan yoki rekonstruksiya qilingan, buyumlar turlari, foydalaniladigan xomashyo tarkiblari oʻzgargan hollarda, gaz sarfining oʻzgarishiga sabab boʻlgan YoERni tejash boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlar bajarilishini hisobga olgan holda amalga oshirilishi mumkin.
92. Gaz sarfi normalariga rioya qilinishi hamda gazdan samarali va oqilona foydalanilishi yuzasidan ichki nazorat tashkilotlarning rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
XIV. Gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
93. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Iqtisodiyot tarmoqlarida gazdan foydalanish qoidalariga 1-ILOVA
Tabiiy gaz yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar
SXEMASI
Iqtisodiyot tarmoqlarida gazdan foydalanish qoidalariga 2-ILOVA
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 24-avgustdagi 275-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 34-son, 405-modda)
