Shaxmat boʻyicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida (163-son)
20.06.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Shaxmat boʻyicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi faoliyatini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligi Shaxmat boʻyicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi binosini oʻquvchilar yashash joyi va oshxona bilan birgalikda qurish uchun Anhor boʻyi koʻchasida zarur boʻlgan oʻlchamda yer uchastkasi belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin.
2. Toshkent shahar hokimligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining obyekt boʻyicha:
Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasini — buyurtmachi etib;
“ToshuyjoyLITI” OAJni — bosh loyihalovchi tashkilot etib;
“12-trest” OAJni — bosh pudratchi tashkilot etib belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
3. Quyidagilar obyektni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
loyihalash-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini bajarish boʻyicha — Toshkent shahrining mahalliy budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
tashqi muhandislik — kommunikatsiya tarmoqlarini oʻrnatish, tegishli tutash hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha — ixtisoslashtirilgan va foydalanuvchi tashkilotlarning tegishli mablagʻlari.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi obyektda loyihalash-qidiruv va qurilish-montaj ishlariga avans berish uchun Toshkent shahar hokimligi buyurtmanomasi boʻyicha budjet ssudasi oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi va Toshkent shahar hokimligining obyekt uchun mamlakatimizda ishlab chiqariladigan hamda import qilinadigan qurilish materiallari, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, mebellar, inventarlar va moddiy-texnika resurslarini, ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olish asosida, tender savdolari oʻtkazmasdan xarid qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Obyekt uchun qurilish materiallari, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, mebellar, inventarlar va moddiy-texnika resurslari ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilarining eng yaxshi takliflarini tanlab olish boʻyicha Komissiya tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzmetkombinat” OAJ va “Oʻzqurilishmateriallari” AK bosh loyihalovchi tomonidan taqdim etilgan asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha obyekt ehtiyoji uchun metall prokati va sementni tartibga solingan narxlar boʻyicha, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida “12-trest” OAJga ajratishni nazarda tutsinlar.
6. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻztelekom” aksiyadorlik kompaniyasi obyektning elektr taʼminoti, gaz taʼminoti va aloqa tashqi tarmoqlarining oʻz mablagʻlari hisobidan qurilishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi loyihalash ishlarining ekspert kuzatuvini va obyekt qurilishida shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan arxitektura-qurilish nazoratini belgilangan tartibda taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 20-iyun,
163-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-iyundagi 163-son qaroriga ILOVA
Shaxmat boʻyicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi qurilishi uchun qurilish materiallari, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, mebellar, inventarlar va moddiy-texnika resurslari ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilarining eng yaxshi takliflarini tanlab olish boʻyicha Komissiya
TARKIBI
Zakirov B. — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Komissiya raisi Aliyev M. — Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi oʻrinbosari, Komissiya raisining oʻrinbosari Gʻaniyev M. — Moliya vazirligi boshqarma boshligʻi Toʻrayev M. — Iqtisodiyot vazirligi boʻlim boshligʻi Turdiyev A. — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Kambarov Sh. — “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Xaydarov A. — Markaziy bank raisining oʻrinbosari Azizov A. — “ToshuyjoyLITI” OAJ direktori Shoazizov Sh. — “12-trest” OAJ raisi Oripov S. — Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi direktori, komissiya kotibi lavozimiga koʻra — Shaxmat boʻyicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar olimpiya zaxiralari sport maktabining direktori
Izohlar:
Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtganda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Komissiya zarur hollarda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar mutaxassislarini jalb qilish huquqiga ega.
