Tuman hokimining 2013-yil 4-oktabrdagi 527-q-sonli “2014-yil tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (39-q-son)
15.01.2014
Samarqand viloyati Oqdaryo tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 41-son, 543-modda) hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining xatini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Tuman hokimining 2013-yil 4-oktabrdagi 527-q-sonli “2014-yil tumandagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qarori (“Oqdaryo ovozi” gazetasi 44-(7608)-soni) bilan tasdiqlangan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun korxona, muassasa, tashkilotlarda band qilingan ish oʻrinlarining qoʻshimcha roʻyxati ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Ilova berilmaydi.
2. Qaror birinchi bandining uchinchi va toʻrtinchi, yettinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek oliy oʻquv yurtlarining davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilar uchun 108 kishi;
“Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlarga 21 kishi”;
“jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun 20 kishi”
quyidagi tahrirda sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin;
“odam savdosidan jabrlanganlar uchun 73 kishi”
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari B. Qodirov zimmasiga yuklansin.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim N. BERDIBOYEV
Oqdaryo t.,
2014-yil 15-yanvar,
39-q-son
