Tuman hokimining 2013-yil 23-sentabrdagi 804-q-sonli “Tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (28-q-son)
18.01.2014
Samarqand viloyati Urgut tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 41-son, 543-modda) hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining xatini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Tuman hokimining 2013-yil 23-sentabrdagi 804-q-sonli “Tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qarorining (“Urgut sadosi” gazetasi 39-(6992)-soni) birinchi bandi bilan tasdiqlangan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun korxona, muassasa, tashkilotlarda band qilingan ish oʻrinlarining roʻyxati ilovaga* muvofiq qayta tasdiqlansin.
Ilova berilmaydi.
2. Qaror birinchi bandining uchinchi va toʻrtinchi, yettinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek, oliy oʻquv yurtlarining davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilar uchun 1211 kishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlarga 89 kishi”;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun 59 kishi”
quyidagi tahrirda sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin;
“odam savdosidan jabrlanganlar uchun 26 kishi”
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Gʻ. Madarov zimmasiga yuklansin.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim H. OQBOʻTAYEV
Urgut t.,
2014-yil 18-yanvar,
28-q-son
