2014-yil uchun mol-mulk va yer soligʻi toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish, ularga soliqlarni hisoblash va imtiyozlarni qoʻllash toʻgʻrisida (45-son)
28.01.2014
Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi 1997-yil 29-avgustdagi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Soliq kodeksi ijrosi yuzasidan tuman hududidagi jismoniy shaxslar tasarrufida boʻlgan mol-mulk, yer soligʻi obyektlar va subyektlari shuningdek, yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, soliqlarni hisoblash, tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllash hamda belgilangan muddatlarda mahalliy budjetga tushumlar tushishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan, qaror qilaman:
1. 2014-yilda mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, soliqlarni hisoblash, tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllashni toʻliq va sifatli oʻtkazish, ularga tegishli boʻlgan maʼlumotlarni vakolatli idoralar tomonidan tuman Davlat soliq inspeksiyasiga toʻliq taqdim etilishini taʼminlash maqsadida 2014-yil 27-yanvardan 2014-yil 1-martga qadar “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” davri etib belgilansin.
2. Tuman Davlat soliq inspeksiyasi (S. Obidov)ga:
soliq toʻlovchilarni hisobga olish davrida tuman hududidagi mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, ularga soliq hisoblash va soliq qonunchiligida belgilangan imtiyozlarni qoʻllash;
barcha mahallalarda soliqlarning ahamiyati, ayrim toifadagi jismoniy shaxslarga soliqlardan beriladigan imtiyozlar toʻgʻrisida, 2014-yil uchun toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlarning muddatidan oldin toʻlanishi haqida keng tushuntirish ishlarini olib borish;
aholi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi boʻyicha amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning mohiyati yuzasidan qishloq (mahalla) fuqarolar yigʻini raisi va faollari ishtirokida muntazam ravishda seminar yigʻilishlar oʻtkazish yuklatilsin.
3. Tuman hududida faoliyat yuritayotgan qishloq fuqarolar yigʻini hamda mahalla fuqarolar yigʻini raislari, jamoat tashkilotlari, kommunal xoʻjalik boʻlimlari, uy-joy mulkdorlar shirkatlari, korxona va tashkilotlarning rahbarlari jismoniy shaxslarni roʻyxatga olish, hisoblangan soliqlarni belgilangan muddatlarda mahalliy budjetga undirilishi yuzasidan tuman Davlat soliq inspeksiyasi uchastka soliq inspektorlariga doimiy ravishda yaqindan amaliy yordam berish vazifasi yuklatilsin.
4. “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” davrini keng qamrovli va sifatli oʻtkazilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan, davlat soliq inspeksiyasi tomonidan mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq hisobga olish, soliq hisoblash hamda tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida:
tuman Yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi (O. Yusufaliyev)ga 2014-yil 1-fevralga qadar tuman hududida jismoniy shaxslarning egaligida boʻlgan mol-mulk obyektlari, yer maydoni miqdori va ularning 1-yanvar holatiga inventarizatsiya qiymatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
tuman xoʻjalik xisobidagi Yermulk kadastri xizmati DUK (D. Alimov)ga 2014-yil 1-fevralga qadar 2013-yilda fuqarolarga tuman hududida (tadbirkorlik, yakka tartibda uy joy qurilishi uchun dexqon xoʻjaligi va boshqalar) 1-yanvar holatiga ajratilgan yer maydonlari va ularning egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi tuman boʻlimi (B. Ashirmatov)ga 2014-yil 1-fevralga qadar tumanda istiqomat qiluvchi, I-II-guruh nogironlari, pensionyerlar, yolgʻiz pensionyerlar va boshqa nafaqa oluvchi sifatida roʻyxatga olingan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Tuman mudofaa ishlari boʻlimi (I. Moʻminov) 2014-yil 1-fevralga qadar 1941—1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, Afgʻonistonda harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolar va boshqa mavjud maʼlumotlarni;
Tuman sanitariya epidemiologiya nazorati markazi (A. Maripov)ga “Veterinariya xizmati” (B. Meliboyev)ga belgilangan tartibda sanitariya ruxsatnomasini olgan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Tuman “Gaztaʼminot” idorasi (N. Abdukarimov)ga hududda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar bilan gaz isteʼmoli uchun tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Tuman “Elektr tarmoqlari” korxonasi (N.S. Islomov)ga hududda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar bilan elektr isteʼmoli uchun tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Tuman yoʻl xarakati xavfsizligi boʻlimi (Q.S. Isoqov)ga va tuman Ichki ishlar boʻlimi (I.I. Xasanov)ga hududdagi shaxsiy yuk avtotransport vositalari egalari toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlarni tuman Davlat soliq inspeksiyasiga qishloq (mahalla) fuqarolar yigʻinlari kesimida 2014-yil 1-fevraliga qadar 1-yanvar holati boʻyicha belgilangan jadvallar asosida taqdim etish vazifalari yuklatilsin.
5. Fuqarolik holatlariga dalolatnomalar yozish (FHDY) boʻlimi (S. Alimqulova)ga 2014-yil 1-fevralga qadar tuman xududida 2012-2013-yillarda vafot etgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Tuman Davlat notarial idoralari rahbarlari 2013-yil davomida jismoniy shaxslar tomonidan koʻchmas mulk ijara shartnomasi tasdiqlanganligi va ijara haqi miqdori, shuningdek meros qilib olish yoki hadya tarzida fuqarolarning mulkiga oʻtayotgan mol-mulk qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etib borishi tavsiya etilsin.
6. Tuman “Mahalla” jamgʻarmasi (R. Rajabov), qishloq (mahalla) fuqarolar yigʻinlari raislari “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” oyligi tadbirini oʻtkazishda faol qatnashishlari va joylarda uchastka soliq inspektorlari bilan jismoniy shaxslarni soliq organlarida roʻyxatga olish tadbirlarini hamkorlikda amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
7. Qishloq (mahalla) fuqarolar yigʻini raislari, Uchastka davlat soliq inspektori va “Yer resurslari va davlat kadastri” boʻlimi xodimlari bilan birgalikda hisobga olingan soliq toʻlovchi jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni dalolatnoma asosida rasmiylashtirish topshirilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining Iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh. Xoshimov zimmasiga yuklatilsin.
9. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Hokim B. IBRAGIMOV
Toʻytepa sh.,
2014-yil 28-yanvar,
45-son
