4-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Muvaqqat ish tartibi toʻgʻrisida (11-I-son) · Sana: 23.02.1995 · Amalda
Sessiya kun tartibini va boshqa masalalarni dastlabki tarzda muhokama qilish uchun Deputatlar guruhlarining vakillar yigʻilishi chaqirilishi mumkin.
Vakillar yigʻilishi Oliy Majlis deputatlari orasidan siyosiy partiyalarning hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyat vakillik organlarining taklifiga binoan: besh deputatdan bir vakil normasi boʻyicha tuziladi.
Vakillar yigʻilishi Oliy Majlisning butun vakolat muddatiga tuziladi.
Zarur hollarda Vakillar yigʻilishi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish yuqorida koʻrsatilgan tartibda amalga oshiriladi.
Vakillar yigʻilishi, qoida tariqasida, Oliy Majlis Raisi tomonidan chaqiriladi va olib boriladi.
Oliy Majlis Raisi yoʻqligida yoki u oʻz vakolatlarini bajara olmaydigan hollarda Vakillar yigʻilishi Oliy Majlis Raisi oʻrinbosarlarining biri tomonidan chaqiriladi va olib boriladi.
Vakillar yigʻilishi qachon va qayerda oʻtkazilishini deputatlarga oldindan xabar qilinadi: bu xabar matbuot, televideniye va radio orqali eʼlon qilinadi.
Basharti boshqacha qaror qabul qilinmasa, Vakillar yigʻilishining majlislari ochiq oʻtkaziladi.
Majlislarda Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Bosh vazir va boshqa taklif etilgan shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Vakillar yigʻilishining faoliyati koʻrib chiqilayotgan masalalarni birgalikda va erkin muhokama qilishga asoslanadi.
Qarorlar ochiq ovoz berish tarzida, hozir boʻlgan deputatlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorlar bayon shaklida rasmiylashtirilmaydi.
Vakillar yigʻilishining muhokamasiga dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun boʻlajak sessiyaning kun tartibiga doir takliflar, Oliy Majlis tomonidan saylanadigan, tasdiqlanadigan yoki tayinlanadigan nomzodlar, shuningdek Oliy Majlis vakolatiga berilgan boshqa masalalar toʻgʻrisidagi takliflar kiritilishi mumkin.
Vakillar yigʻilishi qabul qilingan tavsiyalarning natijalari boʻyicha deputatlardan biriga yoki boshqa mansabdor shaxsga ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis sessiyasida taklif bilan soʻzga chiqishni topshiradi.
