18-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Muvaqqat ish tartibi toʻgʻrisida (11-I-son) · Sana: 23.02.1995 · Amalda
Siyosiy partiyalar va davlat hokimiyati vakillik organlari tomonidan koʻrsatilgan Oliy Majlis deputatlari fraksiyalar va bloklarga birlashadilar.
Oliy Majlis deputati faqat bitta deputatlar birlashmasi (fraksiya, blok)da boʻlishga haqli.
Fraksiyalar, bloklar oʻz faoliyatini Oliy Majlis tomonidan roʻyxatga olinganidan keyin amalga oshiradi va Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari doirasida ish olib boradi.
Fraksiyaning, blokning faoliyati Oliy Majlis tomonidan qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, birlashtirish, boʻlib yuborish) yoki tugatish yoʻli bilan toʻxtatilishi mumkin.
Siyosiy partiyaning fraksiyasini yoki deputatlar blokini tuzish uchun:
1) tashabbuskor guruh tuzish;
2) fraksiya, blok tuzish niyatini eʼlon qilish;
3) fraksiya yoki blokning taʼsis yigʻilishini oʻtkazish;
4) fraksiya yoki blok tuzilganligi toʻgʻrisida taʼsis bayoni qabul qilish va uni Oliy Majlisga topshirish;
5) fraksiya yoki blok raisini (rahbarini) saylash zarur.
Siyosiy partiyaning raisi (rahbari) yoki fraksiyadan (blokdan) saylangan vakil fraksiyani (blokni) roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi iltimos bayon etilgan ariza bilan Oliy Majlisga murojaat etadi.
Arizaga taʼsis yigʻilishining bayoni ilova qilinadi. Unda fraksiyaning, blokning miqdor tarkibi va shaxsiy tarkibi, shuningdek fraksiyaning, blokning Oliy Majlis Kengashi tarkibiga kiritiladigan vakilining (rahbarining) familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi va saylov okrugining tartib raqami koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Arizani Oliy Majlis sessiyasida qarab chiqish vaqtida fraksiyalarning, bloklarning rahbarlari tuzilgan fraksiyaning, blokning maqsad va vazifalari toʻgʻrisida axborot berishi, boshqa maʼlumotlarni aytishi mumkin.
Oliy Majlisdagi rasmiy fraksiyalarni, bloklarni roʻyxatga olish masalasi yuzasidan Oliy Kengash qaror qabul qiladi.
