Kemalarni roʻyxatga olish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (2595-son)
17.06.2014
OʻZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYo TRANSPORTI AGENTLIGI BOShLIGʻINING
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 17-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2595]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 25-fevraldagi 106-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Ichki suv transporti Ustavi va 2004-yil 10-martdagi 118-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Kemalarni roʻyxatga olish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq V. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2014-yil 23-may,
95-son
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2014-yil 23-maydagi 95-sonli buyrugʻiga ILOVA
Kemalarni roʻyxatga olish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 25-fevraldagi 106-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Ichki suv transporti Ustavi va 2004-yil 10-martdagi 118-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi ichki suv yoʻllarida foydalanishda boʻlgan kemalarni roʻyxatga olish, kema reyestrini yuritish, xos raqamlarni va Kema guvohnomasini berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
xos raqam — kema reyestriga kiritilgan, har bir kema uchun beriladigan raqam;
kema — kemachilik maqsadida foydalanadigan oʻzi yurar yoki oʻzi yurmas suzuvchan qurilmalar, shu jumladan aralash (daryo — dengiz) suzish kemalari, parom, suv tubini chuqurlashtiruvchi va tozalovchi zemsnaryadlar, suzuvchan kran va shu kabi texnik qurilmalar;
Kema guvohnomasi — kemaga mulk huquqini belgilovchi va kemada mavjud boʻlishi shart hisoblangan, kemaning asosiy hujjatlaridan biri.
2. Ichki suv yoʻllarida foydalanishda boʻlgan, harbiy kemalar, sport kemalari va fuqarolarga tegishli boʻlgan kemalardan tashqari, asosiy dvigateli 75 ot kuchidan kam boʻlmagan oʻzi yurar kemalar va sigʻimi 80 registr tonnadan kam boʻlmagan oʻzi yurmaydigan kemalar Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hududiy boʻlimlarining kemachilik inspeksiyalari (keyingi oʻrinlarda — kemachilik inspeksiyasi deb yuritiladi) tomonidan kema reyestriga kiritilishi kerak.
3. Mazkur Qoidalarning 2-bandida koʻrsatilgan, biror-bir kemaga tegishli boʻlgan qayiqlar va boshqa suzuvchi vositalar roʻyxatga olinmaydi.
4. Kemalarni roʻyxatga olish kema va uning egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kema reyestriga qayd etish tizimi bilan amalga oshiriladi.
5. Kemachilik inspeksiyasi vakolatiga quyidagilar kiradi:
kemalarni roʻyxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni qabul qilish;
kemalarni roʻyxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini tekshirish;
ilgari roʻyxatga olingan va berilgan Kema guvohnomalari mavjudligini tekshirish;
kemalarni roʻyxatga olish;
Kema guvohnomasini berish;
kema reyestrini yuritish.
2-bob. Kemalarni roʻyxatga olish
6. Tashkilotlar mazkur Qoidalarning 2-bandida koʻrsatilgan kemalar roʻyxatiga kiritilgan kemalarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xarid qilgandan soʻng (shu jumladan ijara shartnomasi asosida olingan ekipajsiz kemalar) ularning texnik holatidan qatʼi nazar, 10 kun ichida roʻyxatga qoʻyish uchun, oʻzlari joylashgan manzil boʻyicha, ushbu Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq ariza bilan tegishli kemachilik inspeksiyasiga murojaat etishlari kerak.
7. Kemalarni roʻyxatga olish uchun taqdim etiladigan arizaga yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasining nusxasi va kemaning tegishli ekanligini tasdiqlovchi quyidagi hujjatlardan bittasi ilova qilinishi kerak:
kemaning tashkilot balansiga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi buyruq nusxasi yoki kemaga mulk huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
kemaning oldi-sotdi shartnomasi nusxasi;
ijara shartnomasi nusxasi;
bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi (chet eldan olib kelingan kema uchun);
sud qarori nusxasi.
8. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda davlat roʻyxatidan oʻtgan, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari (yoki mavjud yuridik shaxsning oʻzgartirilgan taʼsis hujjatlari), kemaga mulk yoki boshqa ashyoviy huquqni tasdiqlovchi hujjatlari taqdim etiladi.
9. Arizani koʻrib chiqish va kemani roʻyxatga olish uchun Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdoridagi yigʻim undiriladi. Yigʻim kemachilik inspeksiyasining hisob raqamiga oʻtkaziladi.
10. Hujjatlarning matni aniq yozilgan, yuridik shaxsning nomi, uning joylashgan eri toʻliq koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
11. Hujjatlarda oʻchirilgan, qoʻshib yozilgan, yoxud chizilgan soʻzlar, izoh berilmagan oʻzgartirishlar mavjud boʻlgan, hamda ularning mazmunini bir xil tushunib boʻlmaydigan jiddiy shikastlangan hujjatlarni qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Kemani roʻyxatga qoʻyish uchun zarur hujjatlar ariza beruvchi tomonidan kemachilik inspeksiyasiga shaxsan yoki olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma olingan holda pochta aloqasi orqali yoki elektron shaklda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar ariza beruvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
13. Ariza beruvchiga kemani roʻyxatga olish uchun hujjatlarning roʻyxati va qabul qilingan sanasi qayd etilgan tilxat beriladi yoki elektron shaklda xabarnoma yuboriladi.
14. Kemachilik inspeksiyasi kemani roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi ariza kelib tushgandan soʻng oʻn kun ichida uni koʻrib chiqadi va kemaning koʻrsatkichlari arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiq ekanligini aniqlash uchun kemani koʻzdan kechiradi.
15. Kemalar yuridik shaxs joylashgan yer boʻyicha roʻyxatga olinadi.
16. Kemani roʻyxatga olish quyidagi hollarda rad etiladi:
kemani roʻyxatga olishni soʻrayotgan ariza beruvchining kemasi mazkur Qoidalarning 2-bandida koʻrsatilgan kemalar tarkibiga kirmaganda;
ariza beruvchining taqdim etgan hujjatlari lozim darajada rasmiylashtirilmaganda yoki ular toʻliq hajmda taqdim etilmaganda;
ariza beruvchining taqdim etgan hujjatlarida notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda.
17. Kemani roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda ariza beruvchiga qaror qabul qilingan kundan soʻng bir ish kunidan kechiktirmasdan yozma ravishda rad etish sababi koʻrsatilgan holda xabarnoma yuboriladi va xabarnomaning nusxasi hujjatlar jildiga tikiladi.
18. Ariza beruvchi kemani roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek kemachilik inspeksiyasi mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
19. Kema roʻyxatga olingandan soʻng kemaga mazkur Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq Kema guvohnomasi beriladi.
20. Kema guvohnomasi yoʻqolganda, kema egasining arizasiga asosan, unga yangi Kema guvohnomasi beriladi.
21. Kema guvohnomasini qayta rasmiylashtirish va yoʻqolgan Kema guvohnomasining oʻrniga yangisini berish uchun Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan eng kam ish haqining 0,5 barobari miqdorida yigʻim undiriladi.
3-bob. Kema reyestri
22. Kema reyestri kemachilik inspeksiyasi tomonidan yuritiladi. Kema reyestriga kemaning nomi (hozirgisi va oldingisi), joylashgan eri, chaqiruv signali (aralash (daryo-dengiz) suzish kemalari uchun), turi, vazifasi, klassi hamda asosiy texnik koʻrsatkichlari, shu jumladan yoʻlovchi sigʻimi, toʻla yuk koʻtarish qobiliyati koʻrsatiladi.
23. Kema reyestriga yuridik shaxsning toʻliq nomi va joylashgan eri koʻrsatiladi. Telefon, faks raqamlari va boshqa maʼlumotlar qoʻshimcha kiritilishi mumkin.
24. Kema reyestrining ajralmas qismi boʻlib, roʻyxatga olingan kemalar, ularning egalari va berilgan Kema guvohnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan kemalarni hisobga olish kitobi hisoblanadi.
25. Kema reyestrining har bir qatori kemaga berilgan xos raqam bilan belgilanadi. Kemalarning hisobini yuritish uchun toʻrt raqamli tartib raqamdan foydalaniladi, bunda birinchi raqam kemaning turi va vazifasini bildiradi:
yoʻlovchi tashuvchi kemalar — 1;
oʻzi yurar kemalar — 2;
oʻzi yurmaydigan kemalar — 3;
suzuvchan ponton koʻpriklar — 4;
maxsus kemalar — 5 bilan belgilanadi.
Keyingi uchta raqam tartib raqamini bildiradi.
Kemalarning xos raqamlari oldiga quyidagicha indekslar qoʻyiladi:
UZ — daryo portlari va suv yoʻllari texnika uchastkalarining kemalari uchun;
G — davlat tashkilotlarining kemalari uchun;
SPS — qutqaruv stansiyalarining kemalari uchun.
26. Kema reyestridagi har bir yozuv kemani roʻyxatga olgan mansabdor shaxsning familiyasi va ismini, yozuv kiritilgan sanani koʻrsatgan holda, uning imzosi bilan yakunlanadi.
4-bob. Kema reyestriga oʻzgartirish kiritish
27. Kema reyestriga oʻzgartirish kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
yuridik shaxsning joylashgan eri, nomi oʻzgarganda;
kema egasi oʻzgarganda;
kemani qayta jihozlash natijasida uning konstruktiv oʻlchamlari, quvvati va klassi oʻzgarganda;
yuridik shaxs qayta tashkil etilganda.
28. Kemaga mulk huquqi yuridik shaxsning qayta tashkil etilganligi sababli oʻtganda, oʻzgartirish kiritish uchun asos boʻlib qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma hisoblanadi.
29. Kema reyestriga har qanday oʻzgartirishlar kiritilganda kemaga yangi xos raqam beriladi.
5-bob. Kema reyestridan chiqarish
30. Kema reyestridan quyidagi kemalar chiqariladi:
choʻkkan kemalar;
konstruktiv eskirgan kemalar;
qayta jihozlash yoki boshqa oʻzgartirish kiritish natijasida loyihaviy sifatini (muvozanat, suzuvchanlik, choʻkmaslik) yoʻqotgan kemalar;
foydalanishga va taʼmirlashga yaroqsiz deb topilgan kemalar.
31. Kemani mazkur Qoidalarning 30-bandida koʻrsatilgan sabablar bilan kema reyestridan chiqarish uchun, kema egasi kema roʻyxatga turgan manzildagi kemachilik inspeksiyasini bu haqda 10 kun muddat ichida yozma ariza bilan xabardor qilishi kerak.
Kema egasi kemani reyestrdan chiqarish toʻgʻrisidagi arizaga Kema guvohnomasini ilova etadi.
32. Kema reyestrining maxsus ustunida kemani kema reyestridan chiqarilgan sanasi koʻrsatilib yozuv kiritiladi va kemani reyestrdan chiqargan kemachilik inspeksiyasining mansabdor shaxsi imzosi bilan tasdiqlanadi.
33. Agar kemaga mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtayotgan boʻlsa, maxsus ustunda kemani boshqa shaxsga oʻtganligi koʻrsatib oʻtiladi va yangi xos raqamga havola qilinadi.
Alohida ustunda oʻzgartirish kiritish uchun asos boʻlgan hujjatlarning nomi koʻrsatiladi.
6-bob. Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi ostida suzish
34. Kemaning Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi ostida suzish huquqi kema reyestriga kiritilganidan soʻng paydo boʻladi.
35. Kema Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi ostida suzish huquqini kema reyestridan chiqarilgan kundan boshlab yoʻqotadi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
36. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
37. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2014-yil 23-may
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Sh. TEShAYEV
2014-yil 23-may
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B. ABDUSAMATOV
2014-yil 23-may
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A. ABDUHAKIMOV
2014-yil 23-may
Kemalarni roʻyxatga olish qoidalariga 1-ILOVA
Kemalarni roʻyxatga olish qoidalariga 2-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 25-son, 311-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
