Fuqarolik va xoʻjalik ishlari boʻyicha huquqiy yordam toʻgʻrisida
20.09.2012
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi (keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar),
ikki davlat oʻrtasida suverenitetni oʻzaro hurmat qilish, tenglik va oʻzaro manfaat asosida fuqarolik va xoʻjalik ishlari boʻyicha huquqiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda Sudga murojaat qilish huquqi
1. Bir Tomon fuqarolari boshqa Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq uning hududida ushbu boshqa Tomon fuqarolari bilan bir xil shartlarda sudlarga murojaat qilish huquqidan foydalanadilar.
2. Tomonlarning biri boshqa Tomonning fuqarolari jalb qilingan ishlarning sudlarda koʻrilishiga asossiz toʻsqinlik qilmasligi lozim.
3. Mazkur Shartnomaning har bir Tomon fuqarolariga taalluqli boʻlgan qoidalari mazkur Tomon hududida uning milliy qonunchiligiga muvofiq taʼsis etilgan yuridik shaxslarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2-modda Shartnomaning amal qilish sohasi
Mazkur Shartnoma qoidalariga muvofiq Tomonlar fuqarolik va xoʻjalik ishlari boʻyicha sud hujjatlarini topshirish, dalillar toʻplash, huquqiy maʼlumotlar hamda sud ishlarini yuritish materiallarini almashish yuzasidan bir-birlariga huquqiy yordam koʻrsatadilar.
3-modda Huquqiy yordam
1. Bir Tomon fuqarolariga boshqa Tomon hududida uning milliy qonunchiligiga muvofiq huquqiy yordam koʻrsatiladi.
2. Mazkur moddaning 1-bandida nazarda tutilgan huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi ariza murojaat qiluvchi qaysi Tomon hududida oʻz doimiy yashash yoki turar joyiga ega boʻlsa, shu Tomonning vakolatli organi tarafidan berilgan murojaat qiluvchining moliyaviy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma bilan birga taqdim qilinadi. Agar arizachi Tomonlardan birining hududida doimiy yashash yoki turar joyiga ega boʻlmasa, bunday maʼlumotnoma u fuqarosi boʻlgan Tomonning diplomatik yoki konsullik mansabdor shaxsi tarafidan berilishi yoki tasdiqlanishi mumkin.
3. Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxs murojaat qiluvchidan qoʻshimcha maʼlumotlar talab qilishi mumkin.
4-modda Huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha aloqa kanallari
1. Agar mazkur Shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, huquqiy yordam toʻgʻrisidagi topshiriqlarni taqdim etish va bajarishda Tomonlar bevosita oʻzlarining tegishli tartibda tayinlangan Markaziy muassasalari orqali oʻzaro aloqa qiladilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi uchun fuqarolik ishlari boʻyicha Markaziy muassasa — Oliy sud, xoʻjalik ishlari boʻyicha Markaziy muassasa — Oliy xoʻjalik sudi, Koreya Respublikasi uchun Markaziy muassasa — Oliy sudning Milliy sudlar boshqarmasi.
3. Bir Tomon boshqa Tomonni yozma xabardor qilgan holda qoʻshimcha Markaziy muassasalarni tayinlashi va ularning vakolatlari doirasini diplomatik kanallar orqali belgilashi mumkin.
4. Har bir Tomon oʻz Markaziy muassasasi boʻyicha har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida boshqa Tomonni darhol xabardor qilishi lozim.
5-modda Huquqiy yordam koʻrsatishni rad etish
1. Agar soʻralayotgan Tomon huquqiy yordam koʻrsatish shartlari uning suvereniteti, xavfsizligi yoki jamoat tartibiga zarar yetkazadi yoxud uning sud organlari vakolatiga kirmaydi, deb hisoblasa, u soʻrayotgan Tomonga rad etish sabablarini maʼlum qilgan holda huquqiy yordam koʻrsatishni rad etishi mumkin.
2. Sud hujjatlarini topshirish yoki dalillarni toʻplash boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi topshiriq soʻralayotgan Tomon tarafidan faqat uning sudlari daʼvo predmeti boʻyicha mutlaq yurisdiksiyaga ega ekanligi yoki uning milliy qonunchiligi boʻyicha topshiriqda belgilangan harakatlarga yoʻl qoʻyilmasligi sababli rad etilishi mumkin emas.
6-modda Yozishmalar
1. Agar soʻralayotgan Tomonning Markaziy muassasasi topshiriq mazkur Shartnoma shartlariga mos emas deb hisoblasa, u topshiriq boʻyicha oʻz eʼtirozlarini koʻrsatgan holda bu haqda soʻrayotgan Tomonning Markaziy muassasasini darhol xabardor qiladi.
2. Agar soʻralayotgan Tomonning Markaziy muassasasi mazkur Shartnoma qoidalariga muvofiq topshiriqni ijro etish uchun taqdim etilgan maʼlumot noaniq yoki yetarli emas deb hisoblasa, u soʻrayotgan Tomonning Markaziy muassasasidan topshiriqda koʻrsatilgan maʼlumotni aniqlashtirishni soʻrashi yoki qoʻshimcha maʼlumotlar talab qilishi mumkin.
3. Agar soʻrayotgan Tomonning Markaziy muassasasi mazkur moddaning 1 yoki 2-bandiga binoan topshiriqni ijro etishda barcha toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralarni koʻrsa yoki tuzatilgan yoxud qoʻshimcha maʼlumotlarni taqdim etsa, soʻralayotgan Tomonning Markaziy muassasasi topshiriqni ijro etadi.
4. Soʻralayotgan Tomonning Markaziy muassasasi topshiriqning bajarilishini jiddiy ravishda kechiktirishi mumkin boʻlgan holatlar haqida ular maʼlum boʻlgan zahoti soʻrayotgan Tomonning Markaziy muassasasini darhol xabardor qiladi.
5. Soʻrayotgan Tomonning Markaziy muassasasi soʻralayotgan Tomonning Markaziy muassasasidan topshiriqning ijrosi jarayoni boʻyicha maʼlumot soʻrashi mumkin.
7-modda Til
1. Topshiriq va ilova qilingan hujjatlar soʻrayotgan Tomon tilida tuzilib soʻralayotgan Tomonning davlat tiliga yoki ingliz tiliga tarjimasi bilan birga joʻnatiladi.
2. Tarjimaning asliga toʻgʻriligi soʻrayotgan Tomonning qonunchiligi va amaliyotiga muvofiq tasdiqlangan boʻlishi lozim. Legallashtirish yoki boshqa shu kabi rasmiy protseduralarni ijro etish talab etilmaydi.
3. Bir Tomon Markaziy muassasasining yozishmalari boshqa Tomonning davlat tiliga yoki ingliz tiliga tarjimasi bilan birga boshqa Tomon Markaziy muassasasiga yuboriladi.
4. Topshiriqqa javob, shu jumladan sud hujjatlarining topshirilishi toʻgʻrisidagi guvohnoma soʻralayotgan Tomonning davlat tilida tuzilishi mumkin hamda soʻrayotgan Tomonning davlat tiliga yoki ingliz tiliga tarjima qilinishi lozim.
8-modda Xarajatlar
1. Topshiriqni ijro etish bilan bogʻliq har qanday turdagi toʻlovlar va xarajatlarni qoplash talab etilmaydi, ekspertlar yoki tarjimonlar yordamida dalillarni toʻplash holatlari bundan mustasno.
2. Ushbu moddaning 1-bandidan qatʼi nazar, topshiriqni ijro etish koʻp miqdordagi xarajatlarni talab qilishi maʼlum boʻlsa, Tomonlar topshiriqni ijro etish shartlarini kelishib oladilar.
3. Soʻralayotgan Tomonning talabiga asosan soʻrayotgan Tomon topshiriqni ijro etish yuzasidan koʻzda tutilishi mumkin boʻlgan xarajatlarni oldindan toʻlashi lozim.
9-modda Diplomatik kanallardan foydalanish boʻyicha huquqlar
Mazkur Shartnoma Tomonlarni diplomatik kanallar orqali huquqiy yordam koʻrsatilishini soʻrab murojaat qilish huquqidan mahrum etmaydi.
II BOB. SUD HUJJATLARINI TOPShIRISh
10-modda Hujjatlarni topshirish
Bir Tomon hududida berilgan sud hujjatlari boshqa Tomon hududida topshirilishi lozim boʻlsa, bunday hujjatlar mazkur Shartnomaning 11 — 15-moddalariga muvofiq topshirilishi mumkin.
11-modda Topshiriq
Bir Tomonning Markaziy muassasasi sud hujjatlarini topshirish toʻgʻrisida boshqa Tomonning Markaziy muassasasiga topshiriq joʻnatishi mumkin.
12-modda Topshiriqning shakli va mazmuni
1. Sud hujjatlarini topshirish toʻgʻrisidagi topshiriq mazkur Shartnomaning 1-ilovasida belgilangan shaklda tuziladi.
2. Topshirilishi lozim boʻlgan hujjatlar topshiriqqa ilova qilinadi.
13-modda Sud hujjatlarini topshirish toʻgʻrisidagi topshiriqni ijro etish
1. Mazkur Shartnomaning talablariga muvofiq tegishli ravishda tuzilgan topshiriq darhol ijro etilishi lozim.
2. Topshiriqni ijro etish soʻralayotgan Tomonning qonunchiligida belgilangan tartibda yoki soʻrayotgan Tomon talab qilayotgan usullar soʻralayotgan Tomonning milliy qonunchiligiga zid kelmasa, shunday usullar bilan amalga oshiriladi.
3. Topshiriq va hujjatlar roʻyxati 1-ilovada belgilangan shaklda barcha hujjatlar bilan birgalikda topshiriladi.
4. Agar topshiriqni ijro etish soʻralayotgan organning vakolatlariga kirmasa, bu holda topshiriq uni ijro etish vakolatiga kiruvchi organga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
14-modda Topshirish natijalari toʻgʻrisida bildirish
1. Soʻralayotgan Tomonning Markaziy muassasasi soʻrayotgan Tomonning Markaziy muassasasiga mazkur Shartnomaning 2-ilovasida koʻrsatilgan shaklda topshiriq ijro etilganini tasdiqlaydigan yoki topshirishga toʻsqinlik qiluvchi sabablar bayon qilingan guvohnoma joʻnatadi. Guvohnomaning asl nusxasini pochta orqali joʻnatishdan oldin uning nusxasi faks yoki elektron pochta orqali joʻnatiladi.
2. Hujjatlar topshirilgan boʻlsa, guvohnomada oluvchining ismi-sharifi va shaxsi, topshirish sanasi, joyi va usuli koʻrsatilishi lozim.
3. Hujjatlar topshirilmagan boʻlsa, guvohnomada topshirishga toʻsqinlik qiluvchi sabablar koʻrsatilishi, hujjatlar esa soʻrayotgan Tomonga qaytarilishi lozim.
15-modda Diplomatik yoki konsullik mansabdor shaxsi tomonidan topshirish
1. Basharti boshqa Tomon qonunchiligi buzilmasa va biror majburlash choralarini qoʻllash nazarda tutilmasa, har bir Tomon boshqa Tomon hududidagi oʻz fuqarolariga taalluqli sud hujjatlarini oʻzining diplomatik yoki konsullik mansabdor shaxslari orqali topshirishi mumkin.
2. Mazkur moddaning 1-bandiga muvofiq topshirilishi lozim boʻlgan hujjatlarga oluvchi yashaydigan Tomonning davlat tiliga tarjimalar ilova qilinmaydi.
III BOB. DALILLARNI TOʻPLASh
16-modda Dalillarni toʻplash
1. Tomonlar mazkur Shartnomaning qoidalariga muvofiq oʻz hududlarida dalillarni toʻplash boʻyicha topshiriqlarni bajaradilar, shu jumladan ish boʻyicha guvohlarning koʻrsatuvlarini va taraflarning tushuntirishlarini olish, ashyoviy va yozma dalillarni toʻplash, ekspertiza yoki sud koʻzdan kechirishlarini oʻtkazish, vakolatli organlarga faktik maʼlumotlarni aniqlashni topshirish yoki dalillar toʻplash bilan bogʻliq boshqa protsessual harakatlarni amalga oshiradi.
2. Mazkur Shartnoma quyidagilarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
(a) boshlangan yoki boshlanishi kutilayotgan sudlov ishlarini yuritishda foydalanilmaydigan dalillarni toʻplash; yoki
(b) topshiriqda koʻrsatib oʻtilmagan yoki koʻrib chiqilayotgan sud ishlari bilan bevosita aloqador boʻlmagan hujjatlarni olish.
17-modda Topshiriq
Bir Tomonning Markaziy muassasasi boshqa Tomonning Markaziy muassasasiga dalillarni toʻplash toʻgʻrisida topshiriq joʻnatishi mumkin.
18-modda Topshiriqning mazmuni
1. Dalillarni toʻplash toʻgʻrisidagi topshiriqda quyidagilar koʻrsatiladi:
(a) soʻrayotgan sudning nomi, manzili va boshqa aloqa qilish maʼlumotlari, shu jumladan, agar mavjud boʻlsa, telefon raqami, faks raqami va elektron pochta manzili;
(b) sud protsessi taraflarining, shuningdek, agar mavjud boʻlsa, taraflar vakillarining ismi-sharifi (nomi) va manzillari;
(c) koʻrilayotgan ishning mohiyati va zarurat tugʻilganda daʼvo qiymati;
(d) toʻplanishi lozim boʻlgan dalillarning turlari.
2. Dalillarni toʻplash toʻgʻrisidagi topshiriq zarurat tugʻilganda quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
(a) soʻroq qilinadigan shaxsning ismi-sharifi, manzili va boshqa aloqa qilish maʼlumotlari, shu jumladan, agar mavjud boʻlsa, telefon raqami, faks raqami va elektron pochta manzili;
(b) soʻroq qilinadigan shaxsga beriladigan savollar yoki soʻroq predmetining bayoni;
(c) koʻzdan kechirilishi lozim boʻlgan hujjatlar yoki boshqa mol-mulk, koʻchmas yoxud shaxsiy mulkning mohiyati;
d) qoʻllash mumkin boʻlgan har bir tayinlangan usullar yoki protseduralar;
(e) mazkur Shartnomaning 8-moddasida belgilangan vaziyatlarda yuzaga keladigan xarajatlarni qoplash majburiyati;
(f) topshiriqni ijro etish uchun zarur boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
19-modda Dalillarni toʻplash toʻgʻrisidagi topshiriqni ijro etish
1. Mazkur Shartnoma shartlariga muvofiq tegishli ravishda tuzilgan topshiriq oʻz vaqtida ijro etilishi lozim.
2. (a) Topshiriqni ijro etish soʻralayotgan Tomon qonunchiligiga koʻra amalga oshiriladi yoki, basharti topshiriqda talab etilgan boshqa usullar soʻralayotgan Tomon qonunchiligiga zid boʻlmasa yoki uning davlat ichki amaliyoti va protseduralari tufayli yoxud amaliy qiyinchiliklar sababli qoʻllanilishi mumkin emas deb topilmasa, shunday usullar bilan amalga oshiriladi.
(b) Soʻralayotgan Tomon sudga topshiriqni bajarishda yordam koʻrsatadigan huquqshunoslarni tayinlashi mumkin.
3. Agar topshiriqni ijro etish soʻralayotgan organning vakolatlariga kirmasa, bu holda topshiriq uni ijro etish vakolatiga kiruvchi organga koʻrib chiqish uchun darhol yuboriladi.
4. Topshiriq qisman yoki butunlay bajarilmagan boʻlsa, soʻralayotgan Tomonning Markaziy muassasasi topshiriqni bajarishga toʻsqinlik qilayotgan sabablar haqida soʻrayotgan Tomonning Markaziy muassasasini darhol xabardor qiladi.
20-modda Topshiriqni ijro etishda ishtirok etish
1. (a) Manfaatdor taraflar va ularning vakillari topshiriqni ijro etish chogʻida ishtirok etishlari mumkin.
(b) Soʻrayotgan Tomon sudining vakillari soʻralayotgan Tomon Markaziy muassasasining oldindan olingan roziligi bilan dalillarni toʻplash toʻgʻrisidagi topshiriqni ijro etishda ishtirok etishlari mumkin.
2. Topshiriqni ijro etish davomida soʻralayotgan Tomon Markaziy muassasasi soʻrayotgan Tomon Markaziy muassasasining talabiga muvofiq unga dalillarni toʻplash rejalashtirilayotgan vaqt va joy haqida asosli xabar yuboradi.
3. Taraflar va ularning vakillari, shuningdek sud vakillari topshiriqni bajarishda ishtirok etish chogʻida soʻralayotgan Tomonning qonunchiligiga rioya etishlari lozim.
21-modda Majburlov choralari
Topshiriqni ijro etish chogʻida soʻralayotgan Tomonning vakolatli davlat organi oʻz mamlakati organlari tomonidan chiqarilgan qarorlar va oʻz mamlakati hududidagi sud ishlarida taraflarning iltimoslarini bajarish uchun ichki qonun-qoidalarda belgilanganiga teng hajmda tegishli majburiy choralar qoʻllaydilar.
22-modda Koʻrsatuvlar berishni rad etish
Topshiriqni ijro etish chogʻida unga daxldor boʻlgan shaxs oʻziga berilgan imtiyoz va yuklatilgan xizmat majburiyati doirasida quyidagi holatlarda koʻrsatuv berishni rad etishi mumkin:
(a) soʻralayotgan Tomonning qonunchiligiga muvofiq; yoki
(b) soʻrayotgan Tomonning qonunchiligiga muvofiq, agar
(i) imtiyozlar yoki xizmat majburiyati topshiriqda koʻrsatilgan boʻlsa, yoxud
(ii) imtiyozlar yoki xizmat majburiyati soʻralayotgan Tomon Markaziy muassasasining talabiga koʻra soʻrayotgan Tomonning Markaziy muassasasi tarafidan tasdiqlangan boʻlsa.
23-modda Guvohnomalar
1. Soʻralayotgan Tomonning Markaziy muassasasi soʻrayotgan Tomonning Markaziy muassasasiga hujjatlarni topshirish yoki dalillarni toʻplashni tasdiqlovchi yoxud topshiriqni butunlay yoki qisman ijro etmaslik sababi koʻrsatilgan guvohnomani joʻnatishi lozim. Guvohnomaning asl nusxasini pochta orqali joʻnatishdan oldin uning nusxasi faks yoki elektron pochta orqali joʻnatiladi.
2. Topshiriqning ijrosini tasdiqlovchi guvohnomada hujjat yetkazilgan shaxsning ismi-sharifi, ijro etish joyi, sanasi va usuli koʻrsatilishi lozim.
24-modda Diplomatik yoki konsullik mansabdor shaxsi tomonidan dalillar toʻplash
Basharti boshqa Tomon qonunchiligi buzilmasa va biror majburlash choralarini qoʻllash nazarda tutilmasa, bir Tomonning diplomatik yoki konsullik mansabdor shaxsi oʻz hududidagi sudlov ishlariga koʻmak berish maqsadida mazkur sudlov ishlariga jalb etilgan boshqa Tomon hududidagi oʻz fuqarolaridan majburlov choralarini qoʻllamagan holda koʻrsatuvlar olishi mumkin.
25-modda Qonuniy vakillik
Mazkur bobning har qanday moddasi asosida dalillarni toʻplash davomida soʻroq qilinayotgan shaxslar qonuniy asoslarda oʻz vakillariga ega boʻlishlari mumkin.
IV BOB. BOShQA ShARTLAR
26-modda Legallashtirishdan ozod etish
Mazkur Shartnomaning maqsadlariga muvofiq, Tomonlarning sudlari yoki boshqa vakolatli organlari tarafidan taqdim etilib yoki tasdiqlanib, mazkur Shartnomaning 4-moddasida belgilangan Markaziy muassasalarning aloqa kanallari orqali yuborilgan barcha hujjatlar legallashtirishning har qanday shaklidan ozod etiladi.
27-modda Huquqiy maʼlumotlar yoki sud ishlarini yuritish materiallarini taqdim etish toʻgʻrisida topshiriq
1. Soʻralayotgan Tomon Markaziy muassasasi soʻrayotgan Tomon Markaziy muassasasining topshirigʻi asosida mazkur soʻrayotgan Tomonning sudlov ishlari bilan bogʻliq oʻz qonunchiligiga doir maʼlumotlarni taqdim etadi.
2. Soʻralayotgan Tomonning Markaziy muassasasi soʻrayotgan Tomonning Markaziy muassasasiga protsessual harakatlarga oid sud ishlarini yuritish materiallarini oʻz qonunchiligiga muvofiq taqdim etadi.
28-modda Boshqa shartnomalar
Mazkur Shartnomaning qoidalari unda koʻrsatilgan masalalarga taalluqli Tomonlarning mavjud yoki kelgusida tuziladigan ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalari, amaliyoti va boshqa kelishuvlariga daxl qilmaydi.
29-modda Nizolarni hal etish
Tomonlar oʻrtasida mazkur Shartnomani talqin qilish yoki qoʻllashdan kelib chiqadigan har qanday nizolar diplomatik kanallar orqali doʻstona hal etilishi lozim.
30-modda Oʻzgartish va qoʻshimchalar
Tomonlar mazkur Shartnomaga oʻzaro kelishuv asosida alohida Protokol shaklida oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin. U mazkur Shartnomaning 31-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiritilib, uning ajralmas qismi hisoblanadi.
V BOB. YAKUNIY QOIDALAR
31-modda Kuchga kiritish va amal qilishning tugashi
1. Mazkur Shartnoma uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining bajarilgani toʻgʻrisida Tomonlarning oxirgi xabarnomasi olingan sanadan keyin oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
2. Mazkur Shartnoma uning kuchga kirishiga qadar boshlangan sud ishlari boʻyicha berilgan topshiriqlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
3. Tomonlarning har biri istalgan paytda boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilib, mazkur Shartnomaning amal qilishini tugatishi mumkin. Mazkur Shartnomaning amal qilishi bunday xabarnoma berilgan sanadan keyin bir yuz saksoninchi kuni tugatiladi.
4. Mazkur Shartnoma amal qilish muddatining tugatilishidan qatʼi nazar, u amalda boʻlgan paytda berilgan topshiriqlarning ijrosi mazkur Shartnoma qoidalariga muvofiq davom ettiriladi.
Barchasini tasdiqlagan holda, quyida imzo chekuvchilar oʻzlarining tegishli Hukumatlari tomonidan belgilangan tartibda berilgan vakolatlari doirasida mazkur Shartnomani imzoladilar.
Seul shahrida 2012-yil 20-sentabrda har biri oʻzbek, koreys va ingliz tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Shartnoma qoidalarini talqin qilishda ixtiloflar yuzaga kelganda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
Mazkur Shartnomaning 12 va 13-moddalariga 1-ILOVA
Sud xujjatlarini topshirish toʻgʻrisida
TOPShIRIQ
* Keraksiz boʻlsa, olib tashlansin.
Mazkur Shartnomaning 12 va 13-moddalariga 1-ILOVA (davomi)
Topshirilishi lozim boʻlgan hujjatlar
TAVSIFI
* Keraksiz boʻlsa, olib tashlansin.
Mazkur Shartnomaning 14-moddasiga 2-ILOVA
Guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasida fuqarolik va xoʻjalik ishlari boʻyicha huquqiy yordam toʻgʻrisida
ShARTNOMA
* Keraksiz boʻlsa, olib tashlansin.
