Viloyat mahalliy budjetining 2013-yilgi kutilayotgan ijrosi va 2014-yilga mahalliy budjetning belgilangan asosiy parametrlari toʻgʻrisida (150/28-son)
30.12.2013
Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining
Qarori
Viloyat mahalliy budjetining 2013-yilgi daromadlari va xarajatlari boʻyicha asosiy koʻrsatkichlaridan kutilayotgan ijrosi hamda 2014-yilga belgilangan asosiy parametrlarini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 24, 25-moddalariga binoan, xalq deputatlari viloyat Kengashi qaror qiladi:
1. Viloyat mahalliy budjetining 2013-yilgi daromadlar va xarajatlar boʻyicha asosiy koʻrsatkichlarining kutilayotgan ijrosi va kiritilgan oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi viloyat Moliya boshqarmasi boshligʻi B. Uralovning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Viloyat mahalliy budjeti 2014-yil asosiy koʻrsatkichlarining daromadlar qismi 329916.1 mln soʻm, xarajatlar qismi 713522.9 mln soʻm, maqsadli subvensiya miqdori 372024.9 mln soʻm, respublika budjetidan oʻtkazib beriladigan daromad 11581.9 mln soʻm qilib belgilanganligi maʼqullansin.
3. Viloyat hokimining oʻrinbosari R. Kenjayev, viloyat Davlat soliq boshqarmasi (A. Mustanov) va Moliya boshqarmasi (B. Uralov), shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda viloyat mahalliy budjeti daromadlar qismini soliq turlari boʻyicha belgilangan rejalarini oshirib bajarishni taʼminlasin.
4. Viloyat hokimligi Moliya boshqarmasi (B. Uralov)ga:
2014-yil “Sogʻlom bola yili” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan viloyat mahalliy budjetining 2014-yil birinchi choragi, yarim yillik va toʻqqiz oylik ijrosi yakunlariga muvofiq rejadan ortiqcha tushadigan daromadlar va mahalliy budjet xarajatlarini maqbullashtirish hisobidan viloyat aholisini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan zarur tuzatishlar kiritib borish;
budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi va ularning asossiz sarflanishini bartaraf etish ustidan gʻaznachilik ijrosi tizimi vositasida qatʼiy nazorat qilinishini bundan buyon ham taʼminlash borasidagi ishlarni davom ettirish vazifalari topshirilsin.
5. Jizzax shahar va tumanlar hokimliklari tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda budjet daromadlarining tasdiqlangan koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlasinlar, mintaqalarning soliq solish bazasi kengaytirilishi va moliyaviy salohiyati mustahkamlanishi yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar koʻrsinlar, budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsinlar.
6. Viloyat hokimligi Moliya boshqarmasi (B. Uralov) va viloyat Nazorat-taftish boshqarmasi (I. Sobirov) bilan birgalikda viloyat Kengashiga mahalliy budjetning ijrosi toʻgʻrisida axborot berib borish vazifasi yuklatilsin.
7. Ushbu qaror “Jizzax haqiqati”, “Djizaksaya pravda” gazetalarida eʼlon qilinsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, mahalliy soliqlar va yigʻimlarni belgilash, budjetdan tashqari jamgʻarmalarni shakllantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasiga topshirilsin.
9. Ushbu qaror 2014-yil 1-yanvaridan eʼtiboran kuchga kiradi.
Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi raisi S. ISMAILOV
Jizzax sh.,
2013-yil 30-dekabr,
150/28-son
