Bekobod shahri hududidagi transport vositalarini 2014-yilda majburiy texnik koʻrigini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida (47-son)
06.02.2014
toshkent viloyati Bekobod shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 215-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 17-modda) shahar hududidagi transport vositalarining majburiy texnik koʻrigini tashkil etish va uni oʻtkazishni taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Bekobod shahar Ichki ishlar boʻlimining avtotransport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish qoida va meʼyorlariga amal qilishning nazorati boʻyicha boʻlinmasi shahar hududidagi transport vositalarini majburiy yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish ishlarini tashkillashtirsin.
2. Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilishi belgilansin:
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
Davlat yoʻl harakati xavfsizligida roʻyhatdan oʻtkazilgan kundan boshlab ulardan foydalanishning birinchi yili mobaynida transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilmaydi, (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilganlardan tashqari).
3. Mazkur qarorning 2-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarining texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-mart — 30-iyunda;
ikkinchi marta — 1-sentabr — 31-oktabrda oʻtkaziladi.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 2014-yil 1-martdan — 30-iyunga qadar oʻtkaziladi.
Jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 2014-yil 31-avgustiga qadar oʻtkaziladi.
4. Korxona, tashkilot va muassasalardagi avtotransport vositalarini 2014-yilgi texnik koʻrigidan oʻtkazish buyicha komissiya tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Korxona, tashkilot va muassasalarda davlat avtotransport vositalarini 2014-yilgi texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
6. Shahar hokimligi (N. Beknazarov) va Toshkent viloyati hokimligining yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti Bekobod shahar vakiliga:
2014-yil 10-fevral kuniga qadar yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash komissiyalari bilan hamkorlikda, yuridik shaxslar rahbarlarini jalb etgan holda transport vositalarini majburiy texnik koʻrikka tayyorlash hamda uni oʻtkazish chora-tadbirlarini ishlab chiqsin va amalga oshirilishi ustidan nazorat oʻrnatsin;
transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida shahar ichki ishlar boʻlimi avtomototransport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish qoida va meʼyorlariga amal qilinishining nazorati boʻlinmasi, mudofaa ishlar boʻyicha shahar boʻlimi vakillari va yuridik shaxslarning muxandis-texnik xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuzsin;
shahar Ichki ishlar boʻlimi avtomototransport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish qoida va meʼyorlariga amal qilinishining nazorati boʻlinmasi bilan birgalikda faoliyati tugatilgan, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxona, tashkilot va muassasalar tasarrufida boʻlgan transport vositalarini, tirkamalarni, yarim tirkamalarni aniqlash hamda ularni belgilangan tartibda hisobdan chiqarish choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 28-fevraldagi 294-sonli “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 9-son, 64-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish havfsizligini taʼminlashga doir talablarini tasdiqlash haqida”gi qarorlari (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamlari, 2003-y., 21-son, 204-modda) talablarini ijrosini taʼminlash, yoʻlovchilarga samarali transport xizmati hamda ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida, shahardagi barcha tijorat asosida yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar tasarrufidagi, ishlab chiqarilgan yili 2006-yilgacha boʻlgan avtobus va kichik avtobuslarning majburiy texnik koʻrigi Olmaliq shahridagi 1-son Diagnostika tarmogʻida oʻtkazilishi tashkillashtirilsin.
8. Shahar Ichki ishlar boʻlimining tegishli xizmatlari xodimlari, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda jismoniy va yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan avtomototransport vositalarini toʻliq majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
9. Transport vositalarining majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvaliga asosan avtobus va kichik avtobuslarni majburiy texnik koʻrikka tayyorlash va taqdim etish boʻyicha yuridik shaxslar rahbarlari va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilsin.
10. Oʻrnatilgan tartibda majburiy texnik koʻrikdan oʻtmagan avtobus va kichik avtobuslardan foydalanish taʼqiqlansin.
11. Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar korxona, muassasa va tashkilot rahbarlari majburiy texnik koʻrik boshlanishidan kamida 10 kun oldin viloyat Ichki ishlar boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshqarmasining shaharlararo roʻyxatlash va imtixon olish boʻlinmasiga (TRIB) mavjud transport vositalari haqidagi maʼlumotlarni taqqoslash uchun taqdim etsinlar va ularga texnik koʻrik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlashni taʼminlash lozimligi koʻrsatib oʻtilsin.
12. “Kafolat” davlat aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi boʻlimi (M. Anorqulov), shahar Ichki ishlar boʻlimi avtomototransport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish qoida va meʼyorlariga amal qilinishining nazorati boʻyicha boʻlinmasi bilan hamkorlikda majburiy transport vositasining sugʻurtasi toʻlovlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undirish choralarini koʻrsin.
13. “Bekobod ishchisi” gazetasi muharririyati (V. Pan)ga:
Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan sifatli oʻtkazish va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashning asosiy garovi ekanligini targʻib qilib borish tavsiya etilsin.
14. Bekobod shahar hokimining 2013-yil 14-yanvardagi 14-sonli “Shahar hududidagi transport vositalarining majburiy texnik koʻrigini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
15. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
16. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish shahar hokimligi kapital qurilish, kommunikatsiya, kommunal xoʻjalik va obodonlashtirish masalalari majmui bosh mutaxassisi v. v. b. N. Beknazarov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim v. v. b. T.SULTONOV
Bekobod sh.,
2014-yil 6-fevral,
47-son
Shahar hokimining 2014-yil 6-fevraldagi 47-sonli qaroriga 1-ILOVA
Shahar hududidagi transport vositalarining majburiy texnik koʻrigini tashkil etish va uni oʻtkazish yuzasidan tuzilgan komissiya
TARKIBI
