Tumanning 2014-yilga moʻljallangan hududiy investitsiya dasturi toʻgʻrisida (1222-son)
28.12.2013
Jizzax viloyati Doʻstlik tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 18-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Investitsiya dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-2069-sonli qarori ijrosini taʼminlash va tuman iqtisodiyotida tarkibiy oʻzgarishlarni yanada chuqurlashtirish, korxonalarning investitsiya faoliyatini jadallashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta qurollantirish dasturlarini amalga oshirishda xorijiy investitsiyalarni, eng avvalo toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb etish va ulardan samarali foydalanish, ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish, shu asosida yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 18-noyabrdagi PQ–2069-sonli qarori va viloyat hokimining 2013-yil 21-noyabrdagi 273-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Investitsiya dasturi kapital quyilmalarining asosiy parametrlari, shuningdek 2014-yilgi ijtimoiy soha obyektlarini foydalanishga topshirish prognozlari maʼqullanganligi;
2014-yil uchun markazlashgan kapital quyilmalarning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan, Moliya vazirligi huzuridagi sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasidan, budjetdan tashqari Respublika yoʻl jamgʻarmasidan, budjetdan tashqari taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasidan, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati bilan xorijiy kreditlardan va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish uchun limitlar tasdiqlanganligi;
2014-yil Investitsiya dasturiga kiritilgan yirik investitsiya loyihalarining manzilli dasturlarini toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar, korxonalar va tashkilotlarning oʻz mablagʻlarini jalb etgan holda amalga oshirish maʼqullanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan 2014-yilgi markazlashtirilgan kapital quyilmalar limitlari 1-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasi hisobidan 2014-yilgi taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning manzilli dasturi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
4. Tuman arxitektura va qurilish boʻlimi (D. Xudoynazarov)ga:
loyihalash va qurilish-montaj sifati hamda investitsiya loyihalari amalga oshiriladigan butun davr mobaynida markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar qurilishi muddatlari va shartnoma majburiyatlariga rioya etilishi yuzasidan tegishli tartibda ijrosini taʼminlash vazifasi topshirilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosarlari Gʻ. Saydiyev va I. Xoljigitov zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi
Hokim S. ShERALIYEV
Doʻstlik sh.,
2013-yil 28-dekabr,
1222-son
