2014-yil uchun mol-mulk, yer soligʻi toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish, ularga soliqlarni hisoblash va imtiyozlarni qoʻllash toʻgʻrisida (69-son)
23.01.2014
Toshkent viloyati zangiota tumani Hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, 12-songa 1-ilova) Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosi yuzasidan Zangiota tuman hududidagi jismoniy shaxslar tasarrufida boʻlgan mol-mulk yer soligʻi obyektlar va subyektlari, shuningdek yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, soliqlarni hisoblash, tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllash hamda belgilangan muddatlarda mahalliy budjetga tushumlar tushishini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. 2014-yilda mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, soliq hisoblash, tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllashni toʻliq va sifatli oʻtkazish, ularga tegishli boʻlgan maʼlumotlarni vakolatli idoralar tomonidan tuman Davlat soliq inspeksiyasiga toʻliq taqdim etilishini taʼminlash maqsadida 2014-yil 1-fevraldan 2014-yil 1-martga qadar “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” davri etib belgilansin.
2. Tuman Davlat soliq inspeksiyasi (B. Ataboyev)ga:
soliq toʻlovchilarni hisobga olish davrida tuman hududidagi mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, ularga soliq hisoblash va soliq qonunchiligida belgilangan imtiyozlarni qoʻllash;
barcha mahallalarda soliqlarning ahamiyati, ayrim toifadagi jismoniy shaxslarga soliqlardan beriladigan imtiyozlar toʻgʻrisida, 2014-yil uchun toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlarning muddatidan oldin toʻlanishi haqida keng tushuntirish ishlarini olib borish;
aholi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi boʻyicha amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning mohiyati yuzasidan qishloq (mahalla) fuqarolar yigʻini raisi va faollari ishtirokida muntazam ravishda seminar yigʻilishlar oʻtkazish vazifasi yuklatilsin.
3. Tuman hududida faoliyat yuritayotgan qishloq, mahalla fuqarolar yigʻini raislari, jamoat tashkilotlari, xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlari, korxona va tashkilotlarning rahbarlari jismoniy shaxslarni roʻyxatga olish, hisoblangan soliqlarni belgilangan muddatlarda mahalla budjetga undirilishi yuzasidan tuman Davlat soliq inspeksiyasi uchastka soliq inspektorlariga doimiy ravishda yaqindan amaliy yordam berish vazifasi yuklatilsin.
4. “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” davrini keng qamrovli va sifatli oʻtkazilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan, davlat soliq inspeksiyasi tomonidan mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq hisobga olish, soliq hisoblash hamda tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida soliq inspeksiyasiga quyida koʻrsatilgan tashkilotlar tomonidan maʼlumot taqdim etishi:
tuman “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastr” xizmati 2014-yil 1-fevralga qadar tuman hududida jismoniy shaxslarning egaligida boʻlgan mol-mulk obyektlari, yer maydoni miqdori va ularning 1-yanvar holatiga inventarizatsiya qiymatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
tuman bosh arxitektori (Vakant) 2014-yil 1-fevralga qadar 2013-yilda fuqarolarga tuman hududida (tadbirkorlik, yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun dehqon xoʻjaligi va boshqalar) 1-yanvar holatiga ajratilgan yer maydonlari va ularning egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
tuman budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi tuman boʻlimi (A. Abduraxmonov) 2014-yil 1-fevralga qadar tumanda istiqomat qiluvchi I-II-guruh nogironlari, pensionyerlar, yolgʻiz pensionyerlar va boshqa nafaqa oluvchi sifatida roʻyxatga olingan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
tuman mudofaa ishlari boʻlimi (A. Roʻzmetov) 2014-yil 1-fevralga qadar 1941-1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, Afgʻonistonda harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolar va boshqa mavjud maʼlumotlarni;
fuqarolik holatlariga dalolatnomalar yozish (FHDY) boʻlimi (Y. Raxatova) 2014-yil 1-fevralga qadar tuman hududida 2013-yillarda vafot etgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
tuman notarial idoralari rahbarlari 2014-yil 1-fevralga qadar 2013-yil davomida jismoniy shaxslar tomonidan koʻchmas mulk ijara shartnomasi tasdiqlanganligi va ijara haqi miqdori, shuningdek meros qilib olish yoki hadya tarzida fuqarolarning mulkiga oʻtayotgan mol-mulk qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
tuman sanitariya epidemiologiya nazorati markazi (J. Zubarov), Veterinariya xizmati (Sh. Asroqulov) 2014-yil 1-fevralga qadar belgilangan tartibda sanitariya ruxsatnomasini olgan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Zangiota tumangaz idorasi (A. Hakimov) 2014-yil 1-fevralga qadar hududda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar bilan gaz isteʼmoli uchun tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
tuman elektr tarmoqlari idorasi (A. Fayzullayev) 2014-yil 1-fevralga qadar hududda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar bilan elektr isteʼmoli uchun tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Ichki ishlar boʻlimi (I. Ergashxoʻjayev) va tuman yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi (I. Begmatov)lar 2014-yil 1-fevralga qadar hududdagi shaxsiy yuk avtotransport vositalari egalari toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlarni Davlat soliq inspeksiyasiga qishloq, mahalla fuqarolar yigʻinlari kesimida 1-fevralga qadar 1-yanvar holati boʻyicha taqdim etish vazifalari yuklatilsin.
5. “Mahalla” jamoat fondi tuman boʻlinmasi (Gʻ. Soipov), qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” oyligi tadbirini oʻtkazishda faol qatnashishlari va joylarda uchastka soliq inspektorlari bilan jismoniy shaxslarni soliq organlarida roʻyxatga olish tadbirlarini hamkorlikda amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
6. Qishloq va mahalla fuqarolar yigʻini raislari, uchastka davlat soliq inspektorlari va Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastr xizmati xodimlari bilan birgalikda hisobga olingan soliq toʻlovchi jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotni dalolatnoma asosida rasmiylashtirib topshirish vazifasi yuklatilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A. Dadaboyev zimmasiga yuklatilsin.
8. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim S. ABDULLAYEV
Keles sh.,
2014-yil 23-yanvar,
69-son
