Tumanda transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (338-q-son)
07.03.2014
Samarqand viloyati Payariq tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-yil 1-2-son) ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunning 6-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) asoslanib qaror qilaman:
1. Tuman hududida joylashgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalari majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyaning tarkibi 1-ilovaga*, texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
1-2-ilovalar berilmaydi.
3. Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin:
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar, oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda.
4. Mazkur qarorning 2-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarining texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-martdan 30-iyungacha;
ikkinchi marta — 1-sentabrdan 31-oktabrgacha oʻtkazilsin.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 30-iyungacha oʻtkazilsin.
Jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-yanvardan 31-avgustgacha oʻtkazilishi inobatga olinsin.
5. Tumandagi yuridik va jismoniy shaxslarga “JV MAN AUTO Uzbekiston” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonaning texnik koʻrik oʻtkazish uchun zarur sharoitlar mavjudligi toʻgʻrisidagi joriy yil 22-yanvardagi 32-sonli taklifiga asosan, ularga tegishli boʻlgan avtobus, oʻrindiqlar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari hamda ularning tirkamalarini qoʻshma korxonaning servis va dillerlik markazida, boshqa turdagi transport vositalarini “Samarqand Avtotexxizmat” OAJga qarashli tumandagi Agrotexservis MTPda texnik koʻrikdan oʻtkazish tavsiya etilsin.
6.Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomini tasdiqlash haqida”gi qarori 3-band talablaridan kelib chiqib, tuman mudofaa boʻlimi, ichki ishlar boʻlimi va Milliy xavfsizlik xizmati harbiy boʻlinmalari transport vositalari majburiy texnik koʻriklari oʻz yuqori tashkilotlarining qarori va ish rejasi asosida amalga oshirilishi nazarda tutilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar boʻlimining 2012-yil 4-maydagi 53-sonli buyrugʻiga asosan texnik koʻrikdan oʻtkazishda DYXXX organlari tomonidan nosoz deb topilgan, shuningdek belgilangan muddatlarda texnik koʻrikdan oʻtmagan yoki tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarining davlat roʻyxatidan oʻtkazish raqami belgilarini yechib olish Payariq tuman IIB DYXXXB boshligʻi mayor A. Haqberdiyev va IIB DYXXXB katta inspektori kichik serjant M. Qoʻldoshev zimmasiga yuklatilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari R. Shodiyev zimmasiga yuklatilsin.
9. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim A. JOʻRAYEV
Payariq sh.,
2014-yil 7-mart,
338-q-son
