Ijtimoiy muhofazaga muxtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2014-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (344-son)
17.10.2013
toshkent viloyati Bekobod shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6 son, 97-modda) 17-moddasi, “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun xujjatlari toʻplami, 2008y., 29-30 son, 277-modda) 25-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 34-son, 333-modda) bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun 2014-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun shahardagi korxona, tashkilot va muassasalar uchun xodimlarning roʻyxati boʻyicha oʻrtacha sonidan 712 kishini tashkil etadigan, shu jumladan:
nogironlar uchun — 20 kishi;
14 yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolgʻiz hamda koʻp bolali ota-onalar uchun — 124 kishi;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun — 256 kishi;
muddatli harbiy hizmatdan boʻshatilganlar uchun — 82 kishi;
Bekobod shahar hokimligi Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun — 44 kishi;
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun — 44 kishi;
boshqa ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun — 137 kishi hisobida ish oʻrinlari band qilib qoʻyilsin.
2. 2014-yilda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2014-yil uchun band qilib qoʻyish lozim boʻlgan korxona, tashkilot va muassasalar roʻyxati 1-ilovaga* asosan tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
3. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ish bilan taʼminlash uchun 2013-yil yakunlanishidan 10 kun oldin kvota ish joylari umumiy miqdorining kamida 25 foizi uchun, 2014-yilning 10-aprelidan kechiktirmay ish joylarining qolgan qismi 75 foizini tashkil etish (ajratish yoki band qilib qoʻyish) toʻgʻrisidagi, yaʼni har bir kvota toifasi boʻyicha ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar, mutaxassisliklar kesimidagi maʼlumotlarni va qaror boʻyicha chiqarilgan buyruq nusxalarini shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga taqdim etish vazifalari yuklatilsin.
4. Korxona, tashkilot va muasssasalar rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish joylarini koʻrsatib oʻtilgan miqdorini Vazirlar Maxkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq belgilangan muddatlarda va tartibda yaratilishini (ajratilishini yoki band etib qoʻyilishini) hamda ish joylari sanitariya gigiyena normalariga va xodim oʻz majburiyatlarini bemalol bajarilishini taʼminlaydigan mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasinlar.
5. Ushbu qaror ijrosi bajarilmagan taqdirda korxona, tashkilot va muassasalarning mansabdor shaxslariga Vazirlar Maxkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muxtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ortiqcha tashkil etgan korxona, tashkilot va muassasalarning ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarining bir qismini shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.
7. Shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori (Sh. Xoʻjakulov) bir hafta muddatda mazkur qarorni tegishli korxona, tashkilot va muassasa rahbarlariga yetkazsin hamda uning bajarilishi ustidan qatʼi nazoratni taʼminlasin.
8. Bekobod shahar hokimining 2012-yil 2-oktabrdagi “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2013-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi 282-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qarorni bajarilishi yuzasidan nazoratni shahar hokimining oʻrinbosari T. Sultonov zimmasiga yuklatilsin.
10. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim M. BUXARBOYEV
Bekobod sh.,
2013-yil 17-oktabr,
344-son
