Tumanning 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va mahalliy budjeti parametrlari toʻgʻrisida (39-q-son)
15.01.2014
Samarqand viloyati Samarqand tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ–2099-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi, qaror ijrosini taʼminlovchi Samarqand viloyat hokimining 2013-yil 30-dekabrdagi 287-q-sonli qarorlarini inobatga olib, xalq deputatlari tuman Kengashining 2013-yil 30-dekabrdagi “2013-yil tuman mahalliy budjetining ijrosi hamda 2014-yilgi mahalliy budjet parametrlari toʻgʻrisida”gi 16/90-Q qarorlarining ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ–2099-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi hamda Samarqand viloyat hokimining 2013-yil 30-dekabrdagi 287-Q-sonli qarorlarini inobatga olib, xalq deputatlari tuman Kengashining 2013-yil 30-dekabrdagi “2013-yil tuman mahalliy budjetining ijrosi hamda 2014-yilgi mahalliy budjet parametrlari toʻgʻrisida”gi 16/90-Q-sonli qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Xalq deputatlari tuman Kengashining 2013-yil 30-dekabrdagi “2013-yil tuman mahalliy budjetining ijrosi hamda 2014-yilgi mahalliy budjet parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2014-yil tuman mahalliy budjetining parametrlari umumiy miqdorlari tasdiqlanganligi inobatga olinsin.
3. Tumanning 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi 1-ilovaga* muvofiq hamda 2014-yilgi tuman mahalliy budjetining parametrlari va tuman mahalliy budjetining 2014-yilga naqd pul aylanmasining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari 2-ilovaga* asosan tasdiqlansin.
Tuman mahalliy budjetining aylanma kassa mablagʻi meʼyorini amaldagi qonunlar bilan koʻzda tutilgan muddatlarda saqlash topshirilsin.
4. 2014-yilda tuman mahalliy budjetining daromadlari tuman hududida tushadigan barcha soliq va toʻlovlardan, hamda qolgan umumdavlat daromadlari va soliqlari 3-ilovaga* asosan tashkil topishi inobatga olinsin.
5. 2014-yil tuman mahalliy budjetining daromad va xarajatlarini umumiy miqdorlariga viloyat mahalliy budjetidan subvensiya xarajatlari hamda beriladigan daromadlar koʻzda tutilmaganligi 4-ilovaga* asosan tasdiqlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga asosan tuman hududida joriy etilgan mahalliy soliqlar va yigʻimlarga belgilangan stavkalar miqdori 2013-yilga 5-ilovaga* asosan belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
1—5-ilovalar berilmaydi.
7. Tuman hokimligi moliya boʻlimi (A. Amirov), tuman Gʻaznachilik boʻlinmasi (I. Elboyev), tuman Davlat soliq inspeksiyasi (O. Ismoilov) hamda tuman tashkilotlari rahbarlari budjetga toʻlovlar toʻliq tushishini hamda tuman mahalliy budjeti ijrosi jarayonida uning muvozanatini taʼminlash hamda qoʻshimcha daromad manbalarini qidirib topish, mahalliy budjetning xarajatlar qismi ijrosini taʼminlashga javobgar ekanliklari, shuningdek budjet tashkilotlarida budjet mablagʻlarining sarflanishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatishlari belgilab qoʻyilsin.
8. Belgilab qoʻyilsinki, budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan barcha tashkilot va muassasalar rahbarlari budjet parametrlariga kiritilmagan tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlanganliklari hamda kreditor qarzlarni vujudga keltirganliklari uchun amaldagi qonunchilikka asosan shaxsan javobgardirlar.
9. Tuman hokimligi moliya boʻlimi, tuman Gʻaznachilik boʻlinmasi hamda tuman Davlat soliq inspeksiyasi tumanning 2014-yilgi mahalliy budjeti parametrlarining bajarilishi yuzasidan tahlillarni har chorak yakuni bilan tuman hokimi muhokamasiga kiritib borsinlar.
10. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari F. Norov zimmasiga yuklansin.
Hokim B. SADULLAYEV
Samarqand t.,
2014-yil 15-yanvar,
39-q-son
