Tumanda 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida (88/20-son)
30.12.2013
Jizzax viloyati xalq deputatlari Yangiobod tumani Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2013-yil 20-noyabrdagi “2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi 774-II-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi 2013-yil., 11-son, 305-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi “2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi SQ-401-II-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tumanda 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturiga koʻra 1979 ta ish oʻrinlari yaratilishi belgilanganligini muhokama qilib, xalq deputatlari Yangiobod tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2013-yil 20-noyabrdagi 774-II-sonli qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi SQ-401-II-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tumanda 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining asosiy maqsadi va mohiyati toʻgʻrisida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori P. Isayevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash borasida ishlab chiqilgan tuman Dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
4. Tuman hokimining oʻrinbosarlari, mutasaddi boshqarma, tashkilotlar hamda shaharcha va qishloq fuqarolar yigʻini raislari:
2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini bajarish yuzasidan 1979 ta ish oʻrinlari yaratilishi boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrsin;
2013 — 2016-yillarga moʻljallangan dasturlar ijrosini toʻliq taʼminlash hisobiga dasturda belgilangan yangi ish oʻrinlari yaratish parametrlarining ijrosini taʼminlash;
yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, mavjud korxonalarni kengaytirish va quvvatlarni yangilash, kichik korxonalar va mikrofirmalarni tashkil qilish, yakka tartibdagi tadbirkorlikni, uy mehnatining barcha shakllarini, shu jumladan korxonalar bilan kooperatsiyada mehnat shartnomalari asosida kasanachilikni rivojlantirish, fermer xoʻjaliklarini, ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmani rivojlantirish, ishlamasdan turgan, iqtisodiy nochor, zarar koʻrib ishlayotgan korxonalar faoliyatini tiklash va moliyaviy sogʻlomlashtirish;
2013-2014 oʻquv yilida kasb-hunar bitiruvchilarining toʻliq bandligini taʼminlash vazifalari topshirilsin hamda ushbu topshiriqlarning ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har oyda tuman hokimligiga axborot berib borilsin.
5. Xalq deputatlari tuman Kengashi doimiy komissiyalari:
2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining ish oʻrinlari tashkil etishning tegishli hududiy koʻrsatkichlari ijrosiga doir qismini bajarishning borishini muntazam ravishda tuman majlislarida, sessiyalarida muhokama qilsin;
Parametrlardan orqada qolingan taqdirda ish oʻrinlari tashkil etishning prognoz koʻrsatkichlarini soʻzsiz taʼminlashga yoʻnaltirilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilasin.
6. Ushbu qaror “Yangiobod tongi” gazetasida eʼlon qilinsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu qaror 2014-yil 1-yanvaridan eʼtiboran kuchga kiradi.
Xalq deputatlari Yangiobod tumani Kengashi raisi A. QOʻLDOShOV
Yangiobod sh.,
2013-yil 30-dekabr,
88/20-son
