Tuman hududida toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maraka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarning oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisida (693-son)
09.12.2013
Jizzax viloyati Zafarobod tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 28-oktabrdagi PF-2100-son Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi 1998-y., 10-11-son, 203-modda) ijrosini taʼminlash hamda tuman hududidagi toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maraka va marosimlar, marhumlar xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilik bilan oʻtkazilishi keng jamoatchilikni tashvishga solayotganligi sababli, bunday holatlarga chek qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, tuman Maʼnaviyat-targʻibot markazining boshqa nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda toʻy-hasham, marosim, maraka va oilaviy tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi Jamoatchilik Kengashlarini tuzish taklifi maʼqullansin.
2. Xotin-qizlar qoʻmitasi (Y. Xolmatova), “Mahalla” xayriya jamoat fondi (I. Sherbekov), “Nuroniy” jamgʻarmasi (K. Kattabekov), Maʼnaviy-maʼrifiy ishlari boʻyicha tuman hokimi yordamchisi (S. Inatova)larga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 28-oktabrdagi PF-2100-son Farmoniga qatʼiy rioya qilgan holda tumanda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maraka va marosimlarni, marhumlar xotirasiga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazishda shuhratparastlikka yoʻl qoʻymaslik, el-yurt odatlari va anʼanalarini hurmat qilishlik belgilab qoʻyilsin;
Jamoatchilik Kengashining maqsad va vazifalarini belgilab, oʻtkaziladigan toʻy-hasham, marosim, oilaviy tantanalar va boshqa tadbirlarni oʻtish holati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish hamda toʻy va marosim egalari bilan ixcham, isrofgarchiliksiz va belgilangan talablar asosida oʻtish boʻyicha tushuntirish va targʻibot ishlarini muntazam olib borish;
keng jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maraka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarni tartibga solish hamda ixcham va milliy qadriyatlar asosida oʻtkazish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, targʻibot orqali jamiyat hayotiga tatbiq etish;
toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar va marosimlarni oʻtkazish boʻyicha jamoatchilik fikrini inobatga olmaydigan fuqarolarni mahalla fuqarolar yigʻiniga taklif qilish, taʼsir chorasini koʻrish va tushuntirish ishlarini oʻtkazish tizimini yaratish vazifalari topshirilsin.
3. Tuman Madaniyat va sport ishlari boʻlimi (A. Xaydarov) tomonidan toʻylar va tadbirlarda sanʼatkorlar ishtiroki va ularning kiyinish madaniyatiga rioya qilishi nazoratga olinsin, raqqosalik nomi ostida kasbiga nomunosib boʻlgan qiz-juvonlarning toʻylarga chiqishi qatʼiy cheklansin.
4. Tuman Ichki ishlar boʻlimi (J. Xojanov)ga:
toʻy-hasham munosabati bilan kelin-kuyov va ularning yaqinlari tuman hududida aylanishi va suratga olishi jarayonida fuqarolar hamda yoʻl harakati xavfsizligiga qatʼiy rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha chora-tadbirlar belgilash va soat 22-30 dan keyin toʻy-tantanalarning davom etmasligi choralarini koʻrish vazifasi yuklatilsin.
5. Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, tumanda joylashgan barcha korxona, tashkilot, muassasa rahbarlari, qishloq va mahalla fuqarolar yigʻini raislariga ushbu qarorning mazmun mohiyatini aholi va mehnat jamoasiga yetkazish hamda joylarda qarorning ijrosini taʼminlash vazifalari topshirilsin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirishi belgilab qoʻyilsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosarlari S. Bolqiboyev va Y. Xolmatovalar zimmasiga yuklatilsin.
Hokim E. ABDURASULOV
Zafarobod sh.,
2013-yil 9-dekabr,
693-son
